29.09.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Iqtisodiyot sohalarida va aholi punktlarida hosil bo‘ladigan maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalar qo‘llaniladigan ishlab chiqarishlarni joriy etish, shuningdek, qulay investitsiya muhitini yaratish orqali ushbu sohaga tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda - Davlat ekologiya qo‘mitasi), Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududlarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modelini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Bunda, davlat sherigi - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy organlari bilan xususiy sherik o‘rtasida tuziladigan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq:
a) davlat sherigi tomonidan:
maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun tegishli hududlar xususiy sherikka biriktirib beriladi;
davlat korxonalari hisobidagi chiqindi poligonlari chiqindilarni saralash va qayta ishlash bo‘yicha texnologiyalarni tatbiq etgan holda qo‘shimcha ravishda kapital qo‘yilmalar va investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan xususiy sherikka uzoq muddatga foydalanishga beriladi;
maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransport vositalari va texnikalari xususiy sherikka yetti yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan narxlarda sotiladi hamda loyiha yakuni bo‘yicha to‘lovlar to‘liq to‘lab bo‘linganidan so‘ng ularni tasarruf etish huquqi xususiy sherikka o‘tkaziladi;
b) xususiy sherik tomonidan quyidagi majburiyatlar olinadi:
o‘ziga biriktirib berilgan hududda yashovchi aholining qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash;
davlat-xususiy sheriklik bitimiga muvofiq investitsiyalar kiritish va sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;
maxsus avtotransport vositalari va texnikalari harakati hamda chiqindi poligonlarini real vaqt rejimida davlat sherigi tomonidan nazorat qilish imkonini yaratish;
qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun jismoniy va yuridik shaxslardan tasdiqlangan narxlarda majburiy to‘lovlar yig‘ilishini va ularning hisobini yuritish bo‘yicha davlat sherigi tomonidan yaratilgan yagona elektron tizimga ulanilishini ta’minlash;
davlat-xususiy sheriklik bitimida belgilangan muddatlarda chiqindilarni saralash (qayta ishlash) texnologiyalarini o‘rnatib, ishga tushirish.
2. 2020-2021 yillarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat ekologiya qo‘mitasi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
a) quyidagilarga erishilishini ta’minlasin:
aholini maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olish darajasini joriy yil yakuniga qadar 90 foizga, 2021 yil yakuniga qadar 100 foizga yetkazish;
qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini joriy yil yakuniga qadar 21,8 foizga, 2021 yil yakuniga qadar 36,5 foizga yetkazish;
maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil etish sohasida xususiy sektor ulushini 2022 yil yakuniga qadar 50 foizga yetkazish;
b) davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida maxsus avtotransport vositalari va texnikalarni sotishdan kelib tushadigan mablag‘larning maxsus bank hisob raqamida jamlanishini ta’minlasin hamda ularni maxsus avtotransport vositalari va texnikalar parkini yangilashga, shuningdek, xalqaro moliya institutlaridan davlat kafilligi ostida olinadigan kredit mablag‘lari bo‘yicha majburiyatlarni so‘ndirishga yo‘naltirsin.
4. Belgilansinki 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflari (xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan kelishilgan narxlarda amalga oshiriladigan alohida xizmatlar uchun to‘lovlar bundan mustasno) dastlab narxlarni (tariflarni) tartibga solish organlari xulosalari olinib, keyinchalik tegishligicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan ma’qullanganidan so‘ng tasdiqlanadi;
maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlariga xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan tartibda biriktirib berilgan hududlarda ikkilamchi xom ashyoni (metall parchalari va chiqindilarini sotib olishdan tashqari) qabul qilish shoxobchalari orqali tayyorlash (sotib olish, qabul qilish) mazkur klasterlar tomonidan amalga oshiriladi (mazkur hududda qayta ishlovchi tashkilotlarning ikkilamchi xom ashyoni o‘zlariga tegishli shoxobchalar orqali sotib olishi yoki qabul qilishi bundan mustasno);
maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish jarayonida, shuningdek, maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalari va saralash punktlaridan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xom ashyoni maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlarning roziligisiz ajratib olish va o‘zlashtirish taqiqlanadi;
maishiy chiqindilarni tashish, saralash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun tegishli texnologiya va quvvatlarga ega klasterlarning yangilanib boruvchi ro‘yxati, shuningdek, ularga xizmat ko‘rsatish uchun biriktirib berilgan hududlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladi hamda uning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
5. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
a) binolar va inshootlar, shu jumladan, yo‘llar va muhandislik kommunikatsiyalarini qurish, rekonstruktsiya qilish, ta’mirlash yoki buzish ishlarida (keyingi o‘rinlarda - qurilish ishlari) hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari birinchi navbatda takroriy foydalanish, qayta ishlashga yoki utilizatsiya qilishga yo‘naltiriladi;
b) qurilish ishlari amalga oshirilayotgan ob'yekt joylashgan hududda (tuman yoki shahar) qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun tegishli texnologiya va quvvatlarga ega korxonalar mavjud bo‘lmagan taqdirdagina ularni belgilangan tartibda chiqindi poligonlariga joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi;
v) qurilish ishlari bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish jarayonida hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari hajmlarini va ularni to‘plash joylarini belgilash, shuningdek, ular bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha loyihaviy yechimlar nazarda tutiladi;
g) yangi quriladigan ko‘p xonadonli uylar joylashishi rejalashtirilgan turar joy zonalarida:
maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini tashkil etishga bo‘lgan talab maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida mazkur hududga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan tashkilot bilan birgalikda o‘rganiladi va qurilish uchun yer uchastkalarini ajratish (tanlash) materiallari, loyihaoldi va loyiha hujjatlarining atrof-muhitga ta’sirini baholash materiallarida nazarda tutiladi;
xonadonlar soni 300 tadan ortiq bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalari bilan ta’minlanmagan bo‘lsa, foydalanishga qabul qilishga ruxsat berilmaydi;
d) qurilish ishlarini amalga oshirish natijasida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarining mulkdori bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
qurilish ishlari olib borilayotgan ob'yektlarda hosil bo‘ladigan chiqindilarni saralangan holda to‘plash va vaqtincha saqlash;
qurilish chiqindilarini ularni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga topshirish, realizatsiya qilish yoxud bu ishlarni o‘z kuchi bilan amalga oshirish;
qurilish chiqindilari poligonlarga joylashtiriladigan taqdirda chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar yoki chiqindi poligoniga ega bo‘lgan tashkilotlar bilan tegishli shartnoma tuzish;
ye) qurilish chiqindilarini tashish bilan shug‘ullanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar mazkur xizmatlarni ko‘rsatishda ularning qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga topshirish (realizatsiya qilish) yoxud chiqindi poligoniga joylashtirishni nazarda tutuvchi hujjatlarga ega bo‘lishi lozim.
6. Quyidagilar:
2020-2021 yillarda mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan qurilish va maishiy chiqindi poligonlarini qurish hamda jihozlash bo‘yicha manzilli dasturlar 2 va 3-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan 2020-2021 yillarda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida erishilishi ta’minlanadigan maqsadli indikatorlar 4.1-4.13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi PQ-2916-son qarori bilan tashkil qilingan Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasiga (Ramatov) mazkur bandda nazarda tutilgan manzilli dasturlarga va maqsadli indikatorlarga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
aholi tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining o‘n besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida yuborilgan fotosuratlar va videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Davlat ekologiya qo‘mitasi:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar barcha hududlardagi aholiga atrof-muhit, shu jumladan, maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlar holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, bu boradagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan Internetdagi maxsus axborot tizimini yaratish hamda har bir xabar berilgan holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish tizimining joriy qilinishini ta’minlasin;
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda ekologik tarbiya va targ‘ibotni samarali tashkil etish hamda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilsin;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish holati haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishga qaratilgan axborot-tahlil va media materiallarini tayyorlash, ekologik madaniyatni oshirish, huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish choralarini kuchaytirsin;
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirish ishlarini muvofiqlashtirsin.
9. Davlat ekologiya qo‘mitasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:
“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida zamonaviy ko‘nikmalar asosida chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va malakasini oshirishni hamda bu borada ishsiz fuqarolarning bandligini;
chiqindilarni qayta ishlash jarayoniga chet eldan yangi texnologiyalar jalb etilgan taqdirda, ulardan foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlaridagi ta’lim jarayonlariga mazkur texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar vakillari yoki ulardan foydalanish ko‘nikmalari mavjud bo‘lgan yetuk xorijiy mutaxassislar, shu jumladan, videokonferentsaloqa vositalari orqali jalb etilishini ta’minlab borsin.
10. Davlat ekologiya qo‘mitasi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida (keyingi o‘rinlarda - Markaz) maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘ysin.
Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvarga qadar maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan xususiy tashkilotlar mutaxassislarini Markazda qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarining 50 foizi Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “O‘zavtosanoat” AK bilan birgalikda uch oy muddatda respublikada ishlab chiqarilayotgan maishiy chiqindilarni tashishga mo‘ljallangan maxsus texnikalar tannarxlarini qayta ko‘rib chiqib, ularni pasaytirish choralarini ko‘rsin.
12. Davlat ekologiya qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasiga 2021 yil 1 yanvarga qadar:
maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun jarima sanktsiyalari miqdorini oshirish, maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
Qurilish vazirligi bilan birgalikda Qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini;
yangi tahrirdagi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritsin.
13. Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi:
bir oy muddatda chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘z tizimidagi tashkilotlar o‘rtasidagi debitor va kreditor qarzdorlik holatini tahlil qilsin hamda ularni kamaytirish yuzasidan zarur choralarni amalga oshirsin;
2021 yildan boshlab byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetalarini moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha kommunal xizmatlar haqini to‘lash va chiqindi konteynerlarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarga yetarli byudjet mablag‘lari nazarda tutilishini
nazorat qilsin.
14. Ichki ishlar vazirligi Davlat ekologiya qo‘mitasi, Transport vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ushbu qaror va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat va targ‘ibot ishlarini kuchaytirsin;
maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlariga biriktirilgan hududlarda chiqindilarni tayyorlash (sotib olish, qabul qilish), tashish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyatga oid qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
15. Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida mazkur qaror quyidagi tartibda ijro etilsin:
a) Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari - Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi A.Ramatov:
mazkur qaror ijrosining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasin, hududlarga chiqqan holda belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini o‘rgansin, mas’ul vazirlik va idoralarning samarali faoliyatini tashkil etsin hamda muvofiqlashtirsin, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etib borsin;
mazkur qarorning 2 va 3-ilovalariga muvofiq chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish bo‘yicha zamonaviy chiqindi poligonlari tashkil etilishini, shuningdek, keyinchalik belgilangan tartibda o‘zlariga berish sharti bilan poligonlarni qurish ishlariga xususiy sheriklarning jalb qilinishini ta’minlasin;
2021 yil 1 iyunga qadar quyidagilarni o‘z ichiga olgan qurilish chiqindilari poligonlarini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qurish va jihozlash bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilinishini ta’minlasin:
Toshkent shahrida hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilarini joylashtirish uchun Toshkent viloyatining kamida uchta hududidan qurilish chiqindi poligonlarini qurishga har biri 5 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonini belgilangan tartibda ajratish, qurish va jihozlash;
viloyatlar markazlari, yirik shaharlar va Nukus shahri uchun qurilish chiqindi poligonlarini qurishga 5 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratish, qurish va jihozlash;
b) Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Oblomurodov:
mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish va qayta ishlash bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishini ta’minlasin;
maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlasin hamda bu sohada davlat ekologik nazoratini kuchaytirsin;
v) Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G‘.Xoljigitov:
loyiha tashabbuskorlariga davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, aniq loyihalarning kontseptsiyalari, bitimlari hamda tender hujjatlarini ishlab chiqishda ko‘maklashsin;
mazkur sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalari bajarilishining borishi yuzasidan monitoringni amalga oshirsin;
g) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari:
tegishli hududlarda davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishida tadbirkorlik sub'yektlariga har tomonlama ko‘maklashsin;
mazkur qarorning 2 va 3-ilovalaridagi manzilli dasturlarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjetdan talab etiladigan zarur mablag‘larni o‘z vaqtida aniqlasin va ajratsin;
mazkur qarorning 4.1-4.13-ilovalariga muvofiq 2020-2021 yillarda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maqsadli indikatorlarga so‘zsiz erishilishini ta’minlasin;
2021 yilda mahalliy byudjetlar hisobidan qurilgan va xususiy sheriklar jalb etilmagan poligonlarni boshqarishni Davlat ekologiya qo‘mitasining “Toza hudud” davlat unitar korxonalariga topshirishni ta’minlasin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
17. Davlat ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev