31.08.2020
Ko‘ksaroy qarorgohida 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni milliy ayyom bilan tabrikladi.
– Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lmaylik, mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lmoqda. Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni ko‘ra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib o‘tib kelmoqdamiz. Shu nuqtai nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, g‘urur va sha’nimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo‘lib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Keyingi yillarda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yilayotgani, yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani qayd etildi.
– Keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda, – dedi Prezident.
Jahonda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan tabiiy va texnogen ofatlar joriy yilda jiddiy sinov bo‘ldi. Shu murakkab vaziyatda g‘oyat muhim ikkita vazifa – ya’ni aholining sog‘lig‘i va hayotini asrash hamda iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratish bir paytning o‘zida hal etilmoqda.
– Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Karantin cheklovlariga qaramay, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish izchil davom ettirildi. Mamlakatimiz korxonalari belgilangan rejalarni bajarmoqda. Yil boshidan buyon 9 milliard dollarlik mahsulot eksport qilishga erishildi. Bu yil respublikamizda birgina sanoat sohasida umumiy qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan loyihalar ishga tushirilishi qayd etildi. Tadbirkorlik, ilm-fan, ta’lim, sud-huquq sohasidagi islohotlar natijalariga to‘xtalib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyev qo‘shma dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida ko‘rsatgan yordamlari uchun Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki va boshqa tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi. Xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan qutlayotgan hamkor davlatlar xalqlariga tinchlik-omonlik va farovonlik tiladi.
– Men turli sinov va kurashlarda toblangan, iymon-irodasi mustahkam xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoatiga ishonaman. Mana shunday buyuk insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan, ayniqsa, bugungi sinovli kunlarda o‘zining matonati va hamjihatligi bilan chinakam jasorat ko‘rsatayotgan qahramon xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan bosh egib ta’zim qilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Mustaqillik bayrami ixcham shaklda, onlayn rejimda o‘tkazildi. Ko‘ksaroydagi marosim televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.