20.08.2020
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tmoqda. Tadbirni ochar ekan, davlatimiz rahbari pandemiyani jilovlash doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib, Mustaqillik bayramini bunday sharoitda nishonlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Jumladan, qayd etilishicha, bugunga kelib mamlakatimizda jami koronavirus yuqtirganlar soni 37,5 mingdan oshdi, shundan 33 mingdan ziyodi yoki 88 foizi sog‘aydi. 4 mingta bemorni davolash va oilasi bag‘riga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bunday natijalar yurtimiz tibbiyot xodimlarining buyuk xizmati ekanini alohida aytib o‘tdi. Vaziyat ayniqsa Toshkent shahrida ijobiy tomonga o‘zgarayotgani, yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar o‘rtasida taqsimlangani, Germaniyadan yana mutaxassislar kelishi kutilayotgani qayd etildi. Xorijlik ekspertlar asosan og‘ir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilmoqda, dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ayni haftalar biz uchun sinovli davr bo‘ladi. Ko‘rilayotgan choralar qanchalik natija berishi keyingi haftada ayon bo‘ladi.
Lekin, aholi tomonidan shifokorlar tavsiyalariga, ya’ni niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, oilaviy marosimlarni ixchamlash kabi qat’iy ehtiyot choralariga rioya qilinmas ekan, davlat karantin cheklovlarini qaytadan tatbiq qilishga majbur bo‘lishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan, har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, harakatlarimizda epidemilogik talablarga so‘zsiz amal qilishga odatlanishimiz kerakligi yana bir bor tayinlandi.
Shu bois, hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qat’iy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rib borish topshirig‘i berildi.
Yurtimiz mustaqilligining 29 yillik ayyomi ham yaqinlashib kelyapti.
Ushbu masalada shifokorlar bilan maslahat qilgan holda shunday xulosaga kelindiki, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bu yil joylarda katta yig‘in va sayillar o‘tkazishni cheklash talabini qo‘ymoqda. Shuning uchun ushbu ulug‘ sanani ko‘proq oila davrasida nishonlashni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Korxona va tashkilotlarda ham bayram tadbirlari rejalashtirilgan taqdirda ularni sanitariya normalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida bayram kunlari qiziqarli, yangi formatdagi ko‘rsatuvlar, eshittirish va chiqishlar namoyish etish borasida tavsiyalar berildi.