08.08.2020
Muhtaram do‘stlar!
Avvalo, mamlakatimizning qurilish sohasida fidokorona mehnat qilayotgan siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Jonajon O‘zbekistonimizning yangi qiyofasini barpo etish, Vatanimizning yuksak taraqqiyotini ta’minlash, hayotimizni yanada obod va farovon etishda sizlar singari mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari – ming-minglab bunyodkor insonlarning olijanob mehnatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.
Bugungi qutlug‘ ayyom – Qurilish sohasi xodimlari kuni diyorimizda keng nishonlanayotgani ham xalqimiz va davlatimizning sizlarga bo‘lgan ana shunday samimiy hurmat-ehtiromidan dalolat beradi.
Aziz yurtdoshlar!
Ma’lumki, hozirgi kunda butun insoniyat qatori el-yurtimiz ham og‘ir sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Murakkab pandemiya sharoitida ko‘plab soha va tarmoqlar rivoji yo‘lida jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mana shunday qiyin vaziyatda ham iqtisodiyotimizning yetakchi sohalaridan bo‘lgan qurilish, bunyodkorlik ishlari aslo to‘xtab qolmadi.
Aksincha, sizlarning jonbozlik ko‘rsatib qilayotgan mehnatingiz hisobidan tizimda keng ko‘lamli islohotlar, bu borada belgilangan dastur va rejalarimiz o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.
Bu fikrni joriy yilning birinchi yarmida yurtimizda jami 43 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 107 foizdan ziyodni tashkil etgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Bu yil qurilish sohasi uchun haqiqatan ham har tomonlama sinovli va g‘oyat mas’uliyatli davr bo‘lganiga hammamiz guvohmiz.
Dastlab Buxoro viloyatida, so‘ngra “Sardoba” suv omborida yuz bergan tabiiy ofat va toshqin oqibatlarini bartaraf qilish, ijtimoiy ob’ektlarni tiklash va ta’mirlash, ming-minglab oilalar uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish ishlarida bunyodkor azamatlarimiz haqiqiy matonat va shijoat namunalarini ko‘rsatdilar.
Eng muhimi, bu ishlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning mohir quruvchilari va muhandislari bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilib, xalqimizga xos ahillik va birdamlik, hamjihatlik fazilatlarini, biz chindan ham yagona oila farzandlari ekanimizni yana bir bor amalda namoyon etdilar.
Shu yilning mart oyidan buyon respublikamizda qat’iy karantin talablari o‘rnatilgan tahlikali bir vaziyatda quruvchilarimiz ko‘zga ko‘rinmas bu baloga qarshi qahramonona kurashayotgan shifokorlarimiz va boshqa soha vakillari bilan birgalikda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan maxsus qurilish ob’ektlarini bunyod etayotganlari har qancha tahsinga sazovordir.
Xususan, g‘oyat qisqa fursatlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 4 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona, Yuqori Chirchiq tumanida aholini vaqtincha karantinda saqlash majmuasi kabi o‘nlab inshootlar hamda taqsimlash punktlari barpo etildi.
Mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham qad rostlagan bunday majmualar bugungi kunda pandemiyani jilovlash, bu og‘ir kasallikka chalingan minglab vatandoshlarimizning hayotini saqlab qolishda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Ayni vaqtda ulkan qurilish maydoniga aylangan O‘zbekistonda quruvchilarimizning o‘z kasbiga mehri, burchiga sadoqati, g‘ayrat-shijoati bilan boshqa ko‘plab ijtimoiy ob’ektlarda ham bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Bu haqda gapirganda, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab poytaxtimizning Olmazor tumanida qad rostlagan G‘alaba bog‘i tom ma’noda tarixiy ish bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining har qanday qiyin sharoitda ham buyuk ishlarni amalga oshirishga qodir ekanini yaqqol namoyon etgan ushbu qurilish bugungi kunda xalqimizning fashizmga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz qahramonligini tarix sahifalariga muhrlagan betakror majmuaga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Ana shunday salmoqli ishlarimiz qatorida Toshkent shahrining qoq markazida Adiblar xiyobonining yaxlit me’moriy ansambli yaratilgani ma’naviy hayotimizdagi unutilmas voqea bo‘ldi.
Toshkent yer usti halqa metro yo‘li, Yunusobod va Sergelidagi yangi metro yo‘nalishlari, Yashnobod tumanidagi uch qavatli muhtasham ko‘prik, Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ko‘plab muhim ob’ektlar siz, qo‘li gul quruvchilarimizning ulkan salohiyatingiz va mahoratingizdan dalolat berib turibdi.
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xalqimiz, ayniqsa, aholining kam ta’minlangan qatlamlari, yosh oilalar uchun arzon va shinam uy-joylar qurish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda ana shu dastur bo‘yicha qishloq joylarda 12 mingdan ziyod, shaharlarda 18 mingdan ortiq ko‘p xonali uy-joylar barpo etilmoqda.
Shuningdek, hozirgi vaqtda yurtimizda 2 ming 400 ga yaqin ijtimoiy ob’ekt, jumladan, 427 ta bog‘cha, 477 ta maktab, 216 ta sog‘liqni saqlash, 29 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi va 100 ga yaqin boshqa turli inshootlarda qurilish-montaj ishlari olib borilayotganini alohida qayd etish lozim.
Muhtaram do‘stlar!
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasini tubdan takomillashtirish maqsadida uning huquqiy asoslarini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum.
Xususan, o‘tgan uch yil davomida ushbu sohani tartibga soluvchi jami 33 ta qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida 6 ta qonun hujjatlari hayotga tatbiq qilingani bu borada boshlagan islohotlarimizning ko‘lami naqadar kengligini ko‘rsatib turibdi.
Qurilish ishlarida dunyoning rivojlangan davlatlari standartlariga mos bo‘lgan yangi innovatsion texnologiya va yechimlarni qo‘llashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali joriy etilib, “Shaffof qurilish” axborot tizimi ishga tushirilgani sohada korrupsiyaning, qog‘ozbozlikning oldini olish, ish vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Zamonaviy qurilish sohasi rivojini katta bilim va tajribaga ega, yetuk kadrlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu maqsadda ayni paytda Toshkent arxitektura-qurilish va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutlarida 22 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 23 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish va qurilish ishlari sifatini oshirishga qaratilgan ishlar ham jadal davom ettirilmoqda. Jumladan, qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini baholash reytingi joriy etildi. Qurilish sohasi bilan bog‘liq barcha asosiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasi shakllantirilayotgani ham bu borada sifat darajasining yaxshilanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Shu bilan birga, qurilish industriyasini, qurilish mollari sanoatini yanada rivojlantirish, shaharsozlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini zamonaviy yuksak mezonlar asosida takomillashtirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, soha xodimlarining mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib rag‘batlantirish masalasi bundan buyon ham davlatimizning doimiy diqqat markazida bo‘ladi.
Aziz va muhtaram quruvchilar!
Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, ezgu faoliyatingiz va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo‘lsin!
Qo‘lingiz aslo dard ko‘rmasin, hamisha sog‘-salomat bo‘ling!
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti