16.07.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni videoaloqa orqali neft-gaz kimyosi, elektr texnikasi va farmatsevtika sanoatidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda ushbu tarmoqlarni rivojlantirish ishlari bo‘yicha hisobotlar bilan tanishdi.
Butun dunyoni qamrab olgan pandemiya jahon iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bugungi sharoitda mamlakatimizda sanoatni barqaror rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, ularni monetizatsiya qilish yo‘lidan bormoqda. Ya’ni, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, iqtisodiy samaradorlikni oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Taqdimotda neft va gaz kimyosi tarmog‘idagi ana shunday yangi loyihalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
O‘tgan yili 28-dekabrda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda uning 2-bosqichi loyihalashtirilmoqda. Ushbu loyiha qiymati 440 million dollar atrofida bo‘lishi mo‘ljallanyapti. 650 kishi ish bilan ta’minlanishi, yiliga 132 million dollarlik mahsulot tayyorlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida katta hajmdagi tabiiy gaz tejaladi.
25 million dollarlik navbatdagi loyiha vodorod peroksidi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Tozalash-dezinfeksiyalash xususiyatiga ega bu modda farmatsevtika, tibbiyot, to‘qimachilik va maishiy hayotda keng qo‘llaniladi. Loyiha natijasida 50 ta ish o‘rni yaratilib, yiliga qariyb 20 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Ushbu korxonani 2021-yil sentabrda Navoiy viloyatida ishga tushirish rejalashtirilgan.
“Navoiyazot” AJda qiymati 18 million dollardan ziyod bo‘lgan yana bir loyiha – karbamid formaldegid konsentrati ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Joriy yil mart oyida mazkur korxona qurilishi boshlangan, uni kelgusi yil martda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan. Bu yerda yiliga 9 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarilib, 1 million dollarlik eksport qilinadi, 50 ta ish joyi ochiladi.
Qiymati 12 million dollar bo‘lgan karboksimetilsellyuloza asosida reagentlar ishlab chiqarish loyihasi qurilish, burg‘ulash, oziq-ovqat sanoati va tibbiyot uchun muhim ahamiyatga ega. Shu yil mart oyida Yuqori Chirchiq tumanida uning birinchi bosqichi ishga tushirilgan. 2023 yilgacha barcha to‘rt bosqich amalga oshirilgach, import o‘rnini bosuvchi 9 million dollarlik, eksportga yo‘naltiriladigan 13 million dollarlik mahsulot tayyorlanadi. 100 ta ish o‘rni tashkil etiladi.
Ko‘pikli polipropilen ishlab chiqarish loyihasining qiymati 5 million dollar bo‘lib, uning natijasida 40 ta ish o‘rni yaratiladi, 8 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtiriladi. Bu mahsulotlar issiqlik saqlovchi qutilar, xavfsizlik shlemlari, avtomobil o‘rindiqlari, o‘yinchoqlar va boshqa buyumlar tayyorlashda qo‘l keladi. Ushbu korxonani 2021-yil avgustda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur loyihalar taqdimoti bilan tanishib, ularni jadallashtirish va sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tizimdagi ishlarni davom ettirib, qurilish, avtomobilsozlik, farmatsevtika sohalarida talab yuqori sintetik tolalar, poliefir smola, polimerlar, aromatik uglevodorodlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining birinchi yarim yillikdagi faoliyati yakunlari ham muhokama qilindi.
Karantin davrida ham tizimdagi barcha korxonalarda uzluksiz ishlashga shart-sharoit yaratildi. Natijada olti oylik rejalar bajarilib, qo‘shimcha 1 milliard kub metr tabiiy gaz, qariyb 22 ming tonna kondensat va 1,2 ming tonna neft qazib chiqarishga erishilgan. 11 ta loyiha bo‘yicha jami 846,5 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilgan.
Prezidentimiz ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirib, importni qisqartirish, sohaga raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, uglevodorodlarni qazib olish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarga xorijiy investorlarni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda farmatsevtika va elektr texnikasi sanoatining rivojlanish holati, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, ushbu tarmoqlar eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan investitsiya loyihalarining borishi ham ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda elektr texnikasi sanoatida 429 korxona mavjud bo‘lib, ularda 70 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tarmoqda 897,5 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 250,3 million dollarlik eksport qilingan.
Farmatsevtika sanoatida 202 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2019-yil yakunida bu tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 170 million dollarni, eksport 22,1 million dollarni tashkil etgan.
Ushbu ikki tarmoqda 52 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.
Farmatsevtika korxonalarining aksariyati oddiy formulali dori-darmonlarni ishlab chiqarish bilan cheklanmoqda. Shu bois import qilinadigan mahsulotlar ulushi 79 foizni tashkil etadi. Bu hali foydalanilmayotgan ulkan salohiyat mavjudligidan dalolat beradi. Ayni paytda farmatsevtika sanoatida umumiy qiymati 630 million dollar bo‘lgan 93 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, shundan 355 million dollari xorijiy investitsiyalardir. Ushbu loyihalarni amalga oshirish 5,5 ming ish o‘rni yaratilishini ta’minlaydi.
Yig‘ilishda tegishli tarmoq, vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Davlatimiz rahbari farmatsevtika va elektr texnikasi sanoatini rivojlantirish, ularning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sharoitida barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi.
Ilmiy rivojlanishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishni rag‘batlantirish, shu jumladan qo‘shimcha erkin iqtisodiy zonalar va ilg‘or rivojlanish hududlarini yaratish, ushbu sohalardagi korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani chuqurlashtirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va uning raqobatdoshligini oshirish, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorga eksportini ko‘paytirish, shuningdek, elektrotexnika va farmatsevtika sohasidagi kadrlar salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.