22.05.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Andijon viloyati aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Joriy yilda viloyatda 6 ming 196 ta – o‘tgan yilgiga nisbatan 2 barobar ko‘p uylar qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari uy-joyga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etib, Andijon viloyatida 819 ta oilaga subsidiya ajratish zarurligini ta’kidladi.
Bu yil 642 kilometr avtomobil yo‘li, 85 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi va ta’mirlanishi belgilandi.
Ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quvchilarni 7-sinfdan qiziqqan kasbiga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu kelgusida ularning bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
– Meni eng ko‘p o‘ylantiradigan masala – yoshlar va xotin-qizlar. Ularga e’tibor, ko‘mak kerak. Bilimi, qo‘lida kasb-hunari bo‘lsa, hayotda o‘z o‘rnini topib ketadi, dunyoqarashi ham boshqacha bo‘ladi. Ota-onasi, oilasi ham davlatdan rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Turizm va axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq rahbarlari hisobot berdi. Videoaloqa orqali tuman hokimlari va faollarning fikrlari eshitildi.