20.05.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlari butun dunyo hamjamiyatiga ta’sir qilayotgan bugungi favqulodda sharoitda men mamlakatingizdagi qiyinchilik va xatarlarni yengib o‘tishda O‘zbekiston xalqi bilan birdam ekanimni bildirmoqchiman. Virus tarqalishiga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash sohasiga xarajatlarni oshirish, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida Siz tomondan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar inqiroz ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi.
Xalqaro valyuta fondining Ijroiya kengashi joriy haftada ushbu g‘oyat mushkul vaziyatda O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak taqdim etishni ma’qullaganidan mamnunman. Ushbu yordam Jahon banki guruhi va Osiyo taraqqiyot bankining ko‘magi bilan birgalikda bugungi sharoitda yuzaga kelgan moliyaviy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi.
Bugungi kunda Sizning butun sa’y-harakatingiz, tabiiyki, koronavirus oqibatlarini yengib o‘tishga qaratilgan. Ayni paytda, shunga qaramay, O‘zbekistonda faol va ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha o‘rta muddatli maqsadlarga erishish yo‘lidagi islohotlaringizni davom ettirayotganingiz meni ruhlantiradi.
Keyingi uch yil davomida Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston miqyosi keng, shu jumladan savdoni, narx shakllanishi va valyuta ayirboshlash kursini liberallashtirish, davlat moliyasi va uni boshqarishdagi salohiyatni mustahkamlash, moliya sektori va ishbilarmonlik muhitini isloh qilish bo‘yicha misli ko‘rilmagan yangilanishlarni boshladi.
Ushbu islohotlar O‘zbekistonning mintaqaviy va global iqtisodiyotga yanada integratsiyalashuviga, yanada yuksak, barqaror va inklyuziv taraqqiyotga erishishiga xizmat qiladi.
Bugungi sharoitda islohotlarni amalga oshirish yo‘lida mavjud barcha xatarlarga qaramay, Siz iqtisodiyotni transformatsiya qilish bo‘yicha siyosatingizni qat’iy davom ettirishingizga ishonaman.
Shu munosabat bilan ishontirib aytamanki, keyingi yillarda O‘zbekiston va XVF o‘rtasida erishilgan yuqori darajadagi hamkorlikka tayangan holda, zarur maslahat va texnik ko‘makni taqdim etish, mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda moliyaviy yordam orqali O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyormiz.
Men Jahon bankining ijrochi direktori bo‘lgan davrdagi hamkorligimizni va shu asnoda Toshkentga tashrifimni iliqlik bilan eslayman. Mening bugungi kundagi vazifamda ham yaqindan hamkorlik qilishimizga umid qilaman.
Eng ezgu tilaklar ila,
Kristalina Georgiyeva,
Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori