13.05.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13-may kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshata boshlaganini qayd etdi.
– Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo‘lgan sharoitda yashash va ishlashga o‘rganish zarurligi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelmoqda. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda, karantin talablarini yumshatishni boshlaganmiz va buni bosqichma-bosqich davom ettiramiz.
Buni, eng avvalo, iqtisodiy faollikni tiklash orqali, aholining ishlashi va daromad olishini ta’minlash maqsadida amalga oshirmoqdamiz.
Bu borada o‘zimizdagi haqiqiy ahvol va xalqaro tajribani keng o‘rganyapmiz. Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qayerda hokimlar butun mas’uliyatni o‘ziga olib, chuqur o‘ylab, odamlar bilan maslahatlashib, ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda yaxshi natija bermoqda.
Lekin ba’zi joylarda berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko‘chalarni to‘ldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.
Umuman, koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o‘tkazish, yuqumli kasal bo‘lsa maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur.
Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart: pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda pandemiyaga qarshi kurashish hamda karantin sharoitida aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Bu maqsadlarga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 3 trillion so‘m yo‘naltirildi. Shuningdek, iqtisodiy faollikni ta’minlash uchun umumiy qiymati 1 trillion so‘mdan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya loyihalari boshlab yuborildi.
Bundan tashqari, 87 mingta tadbirkorlik sub’ektining jami 18 trillion so‘m, qariyb 2 million fuqaromizning 5 trillion so‘mdan ziyod bank kreditlarini qaytarish muddati uzaytirildi.
O‘tgan oyning o‘zida 250 mingta tadbirkor va korxona, 83 mingta fermer xo‘jaligining jami 400 milliard so‘mlik soliq va boshqa to‘lovlarini to‘lash muddati kechiktirildi. Davlat mulkidan foydalanayotgan 11 mingdan ortiq tadbirkor ijara to‘lovidan ozod bo‘ldi.
Ehtiyot choralari ta’minlangan holda, karantin davrida ishlamagan 14 mingta sanoat korxonasidan hozirgi kunda 10 mingtasi o‘z faoliyatini qaytadan boshladi. Ularning 178 ming xodimi o‘z ish joyiga qaytdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda hozirgi kunda ishlamay turgan 4 mingta sanoat korxonasi muammolarini birma-bir o‘rganib, ularning faoliyatini may oyi oxirigacha yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Prezidentimiz pandemiya sharoitida avvalgi berilgan imtiyozlarga qo‘shimcha ravishda tadbirkorlar va aholini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi.
Birinchidan, kichik biznes va fermer xo‘jaliklariga ijtimoiy soliq stavkasi may-iyul oylarida 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Buning natijasida 260 mingdan ziyod korxona va fermer xo‘jaliklari jami 650 milliard so‘m mablag‘larni tejagan holda, ularni sarmoya va aylanma mablag‘ sifatida ishlatish imkoniga ega bo‘ladi.
Ikkinchidan, kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi. Buning hisobiga 50 mingdan ortiq tadbirkor 300 milliard so‘mni tejaydi va ularning aylanma mablag‘i ko‘payadi.
Shuningdek, avvalgi qarorga asosan, aprel-may oylarida 1 mingdan ziyod tadbirkorning yer va mol-mulk soliqlari va penyalari bo‘yicha kechiktirilgan 80 milliard so‘m to‘lovlari kechib yuboriladi.
Uchinchidan, tadbirkorlarga bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi. Bu ularga jami 540 milliard so‘mni tejash hamda ushbu mablag‘larni o‘z biznesini rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini beradi.
To‘rtinchidan, ehtiyojmand oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida nafaqa oluvchi oilalar soni qo‘shimcha 70 mingtaga yoki 10 foizga ko‘paytirilib, byudjetdan yana 200 milliard so‘m ajratiladi.
Beshinchidan, ilgari stavkasi 22 foizgacha bo‘lgan investitsiya kreditlari bo‘yicha foizlar qisman davlat tomonidan qoplab berilgan bo‘lsa, endi stavkasi 26 foizgacha bo‘lgan kreditlarning foizlari ham qisman qoplab beriladi.
Shuningdek, tadbirkorlarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 500 milliard so‘mgacha (ilgari 10 milliard so‘mgacha) berilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizga oshiriladi.
Oltinchidan, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy qilingan aholiga yakka tartibda uy-joy qurish va ta’mirlash uchun kredit berish tajribasi Toshkent shahrida ham tatbiq etiladi. Shu orqali poytaxtda qariyb 10 mingta mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Yettinchidan, mahalliy korxonalarning mahsulotiga nisbatan ichki talabni oshirish va shu orqali ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tashkilotlariga III-IV chorakdagi xaridlarini II chorakda amalga oshirish huquqi beriladi.
Umuman, iqtisodiyotni va fuqarolarni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun byudjetdan qo‘shimcha 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Yig‘ilishda yurtimizdagi epidemiologik vaziyat hamda hududlar rahbarlarining takliflaridan kelib chiqib, karantin talablarini yanada yumshatish masalalari muhokama qilindi. Xususan, “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.
Respublika komissiyasiga pandemiya qayta kuchaygan taqdirda vazirlik va idoralar bajarishi lozim bo‘lgan birlamchi vazifalar belgilangan tartibni tasdiqlash topshirig‘i berildi.
Olis hududlarning poytaxtimiz bilan transport aloqasini tiklash juda dolzarb masala bo‘lib turibdi. Shu bois Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bular bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tkazilgan edi. Aholi, ayniqsa, pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib, ish haqi, nafaqa va pensiyalar, karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, naqd pulda tarqatilishi belgilandi.
Toshkent shahri tumanlarida munosib ish joylari tashkil etish, uy-joylar qurilishini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Videoselektor yig‘ilishida karantin choralarini yumshatish, iqtisodiyot korxonalarini qayta tiklash borasidagi ishlar bu safar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari misolida ko‘rib chiqildi.
Mazkur ikki viloyatda mamlakatimiz aholisining qariyb 20 foizi istiqomat qiladi, sanoat mahsulotlarining 11 foizi ishlab chiqariladi.
So‘nggi ikki haftada karantin talablari yumshatilishi natijasida Qashqadaryo viloyatida 90 foiz, Samarqand viloyatida 60 foiz korxonalar o‘z faoliyatini tikladi. Lekin aholini daromad bilan ta’minlash uchun bu yetarli emas.
Kambag‘al oilalar soni Qashqadaryoda 91 mingta, Samarqandda esa 48 mingtani tashkil etadi. Bu viloyatlarning har birida yuz mingdan ortiq ishsizlar bor.
Davlatimiz rahbari qiyinchilikka duch kelayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash hudud rahbarlarining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Qashqadaryo viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmining 75 foizi respublikaga bo‘ysunadigan korxonalarga to‘g‘ri keladi. Kasbi, Qamashi, Mirishkor, Nishon va Chiroqchi tumanlarida sanoat deyarli yo‘q.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimligi bilan birgalikda mazkur tumanlarda sanoatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatda yetishtiriladigan paxta tolasining atigi 42 foizi qayta ishlanishi qayd etilib, yangi tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, oltingugurt, marganets, ferro-silitsiy, gips, dolomit va boshqa xomashyo zaxiralaridan talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bugungi kunda Samarqand shahri aholisi 600 mingdan oshdi. Hozirgi uy-joy salohiyati va infratuzilma ehtiyojni qondira olmaydi. Shu bois shaharni Pastdarg‘om, Nurobod, Samarqand tumanlari tomon kengaytirish, yangi mavzelar, “yo‘ldosh shaharlar” barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yo‘nalish viloyat uchun yana bir o‘sish nuqtasi bo‘ladi, minglab ish o‘rinlari yaratiladi.
Samarqand viloyatida 120 ta noruda konlar mavjud bo‘lib, ulardan 33 tasi sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishga jalb qilinmagan. Misol uchun, 5,1 million kub metr keramzit va pardozbop toshlar, 200 ming tonna ferro-silitsiyni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyati bor.
Mutasaddilarga mavjud konlarning muhandislik infratuzilma ta’minotini o‘rganib, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sanoati orqada bo‘lgan tumanlarni rivojlantirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi qismini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilmoqda, xolos.
Shu bois, to‘qimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-to‘qimachilik klasterida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘tgan yig‘ilishdagi topshiriqqa muvofiq, Samarqand viloyatida hunarmandchilikning muayyan yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 217 ta eski qishloq tarixi, mahalliy aholining azaldan shakllangan ko‘nikmalari va “o‘sish nuqtalari” o‘rganildi. Bu tajribani boshqa hududlarda ham boshlab, aholi bandligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridagi 1 ming 200 gektar lalmi va yaylov yerlarni Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga foydalanishga berib, 5 ming kishini ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
12-may kuni “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan Bosh vazirga yangi vazifalar yuklatildi, uning o‘rinbosarlari o‘rtasida ham vazifalar qayta taqsimlandi.
Ijtimoiy sohaning ahamiyati ortib borayotgani bois Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Bu lavozimga shu kungacha Davlat soliq qo‘mitasi raisi vazifasida ishlab kelgan Bekzod Musayev tayinlandi.
Davlat soliq qo‘mitasi rahbarligiga Prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Qudbiyev tayinlangani ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Samarqand va Qashqadaryo viloyati hokimlari, boshqa hudud va tarmoqlar rahbarlari belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan hisobot berdi.