28.03.2017
Prezidentimiz Qiziltepa tumanidagi Toshrabot mahallasiga tashrif buyurib, viloyatda yengil sanoatni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar bilan tanishdi.
Navoiy viloyatida paxta tolasini chuqur qayta ishlash va jahon bozori talablariga mos eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Milliy bank krediti hisobiga Navoiy shahrida “Baxt tekstil”, “Baxt Navoiy”, Qiziltepa tumanida “Toshrabot tekstil” va Navbahor tumanida “Navbahor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan zamonaviy va energotejamkor texnologik uskunalar asosida sifatli ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Umumiy qiymati qariyb 70 million dollarni tashkil etuvchi ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar ham jalb etilmoqda. Korxonalarga Shveytsariyaning “Riter” kompaniyasida ishlab chiqarilgan yuqori samaradorlikka ega zamonaviy dastgohlar olib kelib o‘rnatiladi.
Loyiha amaliyotga tatbiq etilgach, viloyatdagi paxta tolasi to‘liq qayta ishlanadi, ip-kalavadan tayyor mato ishlab chiqarish 70 foizga, turli matolardan trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarish 50 foizga yetadi. Yiliga 7,6 ming tonna sifatli ip kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega “Baxt tekstil” korxonasi mahsulotlarining 80 foizini eksportga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda.
Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, hududlarda yetishtirilayotgan paxta tolasini o‘sha yerning o‘zida qayta ishlash tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratib, xarajatlarning qisqarishi, aholining daromadi oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Paxta tolasidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish, tarmoqdagi mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish, shu bilan birga, kollej bitiruvchilarini ishga jalb etish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Karmana tumanidagi “Kamilla grup” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Italiya texnologiyasi asosida tayyor charm ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu loyiha ishga tushgach, yiliga 20 million kvadrat detsimetr tayyor charm ishlab chiqarish va 3,2 million dollarlik mahsulotni eksport qilish imkoni paydo bo‘ladi. Korxonada 40 ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz ushbu loyihalarning samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi. Viloyatda sanoat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish pirovard natijada xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.