02.05.2020
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida yuz bergan favqulodda vaziyat sababli ushbu hududda bo‘lib turibdi.
Sardoba suv ombori to‘g‘onining ochilishi kutilmagan ofat, el boshiga tushgan yana bir sinov bo‘ldi. Davlatimiz rahbari boshchiligida xalqimiz birlashib, sarosimaga tushmay, sabr-matonat va mehnat bilan tez fursatlarda uning oqibatlarini bartaraf etishga kirishdi.
Hukumat komissiyasi tuzilib, bu boradagi ishlarga barcha kuch va vositalar safarbar etildi. Suv bosgan mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi, boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlandi.
Yuzaga kelgan talafotlarni bartaraf etish ishlari bugun ham davom etmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Mudofaa vazirligi, huquq-tartibot idoralari, qurilish-ta’mirlash tashkilotlari va mahalliy hokimliklar o‘zaro muvofiq harakat qilib, turmush sharoitlarini tiklash choralarini ko‘rmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu yerda tiklash ishlari kunu tun tashkil qilingan, yuzlab qurilish va boshqa maxsus texnikalar tinimsiz ishlamoqda. Suv inshootlariga ixtisoslashgan yuqori malakali muhandislar, boshqa tutash soha va tarmoqlar ishchi va ekspertlari jalb etilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun Sardoba suv omboriga borib, to‘g‘onni tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislar bilan atroflicha muhokama qilgan holda, dambani mustahkamlash bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi.