14.10.2016
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga
Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish yuzasidan qator chora-tadbirlar izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi.
Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirish davomida milliy qonunlarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini singdirish masalasiga alohida e’tibor berildi va bu munosabat 2008 yilda qabul qilingan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonunda o‘z aksini topdi.
2010 yilda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istambul harakat dasturiga qo‘shildi.
So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan Byudjet va Bojxona kodekslari (yangi tahrirda), «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi, «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishchanlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, davlat xaridlari mexanizmlarini takomillashtirish, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini tasdiqlashga doir bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni to‘liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, shuningdek korrupsiyani ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan to‘liq bartaraf etishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga qaratilgan.
Qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hamda bu boradagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, shuningdek xalqaro hamkorlik mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi sub’ektlarning faoliyati muvofiqlashtirilishini ta’minlash va hamkorligini kuchaytirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasini tuzish va uning tarkibiga tadbirkorlar jamoat birlashmalarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillarini kiritish nazarda tutilmoqda.
Shunday qilib, qonunning amalga kiritilishi fuqarolar huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlashning qo‘shimcha huquqiy kafolatlarini yaratadi, xususiy mulk huquqiga g‘ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga ko‘maklashadi va natijada ishchanlik faolligi o‘sishiga hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi oshishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga asosan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
vazifasini bajaruvchi
Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2016 yil 14 oktyabr