10.04.2020
Bugun, 10-aprel kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus taraqalishiga qarshi kurashishda umumiy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga bag‘ishlab videoanjuman tarzida o‘tkaziladigan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi.
Tadbir tashkilotda raislik qilayotgan Ozarbayjon tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Unda Turkiy kengashga a’zo beshta davlat – Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi rahbarlari, shuningdek, Turkmaniston Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Videoanjumanga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning ham ulanishi kutilmoqda.
Kun tartibiga muvofiq, tomonlar koronavirus pandemiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashadilar.
Ushbu xavfli yuqumli kasallikka qarshi kurashish maqsadida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinadi hamda mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa vakolatli idoralari o‘rtasidagi sheriklikning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladi.
Global epidemiologik inqiroz sharoitida savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikning ustuvor loyihalarini yanada ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Turkiy kengashning navbatdan tashqari sammiti yakunida Qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilgan.