12.03.2020
Davlatimiz rahbari o‘tgan yil may oyida Farg‘ona viloyatidagi “Ipak gilamlar” korxonasida bo‘lganida pillachilik klasterlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Ko‘p o‘tmay, 2019-yil 31-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Shu asosda yaratilgan qulay shart-sharoitlar yana bir ijobiy tendensiyaga turtki berdi. Mamlakatimizning har bir hududida pillachilik korxonalari tashkil etila boshladi.
“Xorazm pilla xolding” klasteri tomonidan Yangiariq tumanida ham shunday zamonaviy korxona ishga tushirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu kompaniya faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda 5 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichida 2 ta qayta ishlash liniyasi ish boshlagan. Pilladan xom ipak, ipak momig‘i, ipak mato ishlab chiqarish, ipak gilam to‘qish yo‘lga qo‘yilgan. Yiliga qariyb 1 million 160 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Korxonada 120 doimiy, 1800 mavsumiy ishchi, asosan xotin-qizlar mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, buning uchun tadbirkorlarga bino va tutzorlar ajratish buyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shu maqsadda manzilli dastur ishlab chiqish zarurligi, bu aholiga daromad manbai yaratish, kambag‘allikni kamaytirishda muhim omilligi ta’kidlandi.
2019-yilda viloyatda “Xorazm ipagi” va “Xiva Silk Fabrik” korxonalari ham ish boshladi. Joriy yilda 1 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiyani o‘zlashtirish hisobiga sanoatbop ipak qurti urug‘i tayyorlash korxonasini tashkil etish belgilangan.
Klaster tomonidan amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.