02.03.2020
Bugun, 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tashqi ishlar bo‘yicha komissiya devonxonasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoyni do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yaqindan bog‘lab turganini qayd etdi.
Mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini berdi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda. Xitoyning ilg‘or kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Yuqori martabali mehmon Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Prezidenti nomiga yo‘llangan shaxsiy maktubini topshirdi. Ushbu maktubda keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan hamda yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirilgan.
Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Xitoy sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda energetika, neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ShHT va boshqa tuzilmalar doirasidagi konstruktiv muloqotni mustahkamlash, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini ilgari surish doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.