24.02.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ushbu davlatlar nafaqat Osiyo, balki butun dunyoda, ayniqsa, yuksak texnologiyalar sohasida yetakchi hisoblanadi, keng investitsiya imkoniyatlariga ega.
Davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi va muntazam muloqotlari tufayli O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan, hamkorlikning turli yo‘nalishlarida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
2019-yilda ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgan samarali tashriflar bo‘lib o‘tdi. Xususan, 18-21-aprel kunlari Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In mamlakatimizda, 17-20-dekabr kunlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada tashrif bilan bo‘ldi. Uchrashuv va muzokaralar natijasida salmoqli hukumatlararo va idoralarlaro hujjatlar imzolandi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi.
Bugungi yig‘ilishda ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari izchil oshib borayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan ortdi. Bugungi kunda yurtimizda Kunchiqar mamlakat ishtirokida o‘ttizga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.
Amaldagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlikda geologiya, kimyo va neft-kimyo, bank-moliya, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalarda umumiy qiymati 6,6 milliard dollarlik 48 loyiha amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, «HIS» kompaniyasi bilan mehmonxonalar qurish, “Isuzu” va “Itochu” bilan “SamAvto” korxonasi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Navoiy issiqlik energiya stansiyasida energiya bloklari (Navoiy-3) qurish bo‘yicha va ko‘plab boshqa loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda turli ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish orqali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Koreya Respublikasi bilan ham iqtisodiy aloqalar salmoqli daraja rivojlanmoqda. Xususan, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra ikki tomonlama savdo hajmi 2018-yilgiga nisbatan 27 foizga, jumladan, eksport 30,1 foizga oshdi. 2019-yilning o‘zida O‘zbekistonda Janubiy Koreya sarmoyalari ishtirokida 198 ta korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni 800 dan oshdi.
Koreyalik sheriklar bilan birgalikda Toshkent shahrida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qurish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Poytaxt viloyatining Qibray tumanida «Tashkent Farma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini yaratish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriyalar, vivariy, farmakopeya markazini o‘z ichiga olgan Farmatsevtika texnika universiteti hamda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikasini ishlab chiqarish uchun sanoat zonasi tashkil etishni nazarda tutadi.
Qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, kimyo, tekstil, elektrotexnika, farmatsevtika va zargarlik sanoati, ta’lim va innovatsiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) texnik ko‘magi bilan 2019-yilda sog‘liqni saqlash va standartlashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 13 million dollarlik ikkita grant loyihasi doirasida ish olib borildi, 29,6 million dollarlik yana 6 loyiha amalga oshirilmoqda. 2020-2022-yillarda umumiy qiymati 72,2 million dollarlik yana 10 ta loyiha masalasi o‘rganilmoqda.
Koreya Respublikasi Eksimbanki bilan hamkorlik doirasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va birgalikda moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga 2 milliard dollarlik resurslar jalb qilindi va 14 ta strategik muhim loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 608 million dollarlik 6 ta loyiha ustida ish boshlandi.
Muxtasar aytganda, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish natijasida 40 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish hajmini 4,1 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,14 milliard dollarga oshirish nazarda tutilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi tashriflar yakunida ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari”da 2020-yilga belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq vazifalar belgilandi.