19.02.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev Anqara shahridagi Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Mustafo Kamol Otaturk qabriga gulchambar qo‘ydi.
Mustafo Kamol turk xalqining atoqli farzandi, buyuk davlat arbobidir. U Birinchi jahon urushidan keyin parchalanib, okkupatsiyada qolgan mamlakatni ozod etgan. 1923-yilda mustaqillik e’lon qilib, hozirgi Turkiya Respublikasiga asos solgan hamda uning birinchi Prezidenti bo‘lgan. Mamlakatning bugungi taraqqiyotini belgilab bergan siyosiy, ijtimoiy va madaniy islohotlarni amalga oshirgan. 1934-yilda parlament qonuni bilan unga Otaturk nomi berilgan. U dafn etilgan Anitkabir majmuasi xalq uchun juda qadrli maskanga aylangan.
Davlatimiz rahbari muzey bilan ham tanishdi, majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.