31.01.2020
Biroz avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ilm-fan sohasidagi eng muhim vazifalar muhokama qilindi.
2020-yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinib, bu boradagi ustuvor maqsadlar belgilandi. Yurtimizda avvaldan shakllangan ilmiy maktablar salohiyatini hisobga olib, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, bu yil matematika, kimyo, biologiya, geologiya fan va sohalarini rivojlantirish tanlab olindi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning matematika fani bo‘yicha salohiyati dunyo miqyosida tan olinganini, funksional tahlil va differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va algebra yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli maktablarimiz shakllanib faoliyat yuritayotganini, yetti nafar matematik olim Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi ekanini alohida ta’kidladi.
Ko‘plab xorijiy ilm-fan markazlari, xususan, Bonn, Kembrij, Parij, Seul kabi yirik shaharlardagi yetakchi ilm dargohlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishga oid qarorining ijrosi doirasida poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining Matematika instituti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino barpo etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bugungi uchrashuvda matematikada ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bog‘lash, raqamli iqtisodiyot uchun mustahkam poydevor yaratish borasidagi dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Yoshlarda matematika faniga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli bolalarni seleksiya qilib, ixtisoslashtirilgan maktablar va keyinchalik oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish kerakligi ta’kidlandi. Bolalar uchun mazkur fandan oddiy va tushunarli tilda yozilgan ommabop darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratish, matematik ongni, kerak bo‘lsa, bog‘chadan boshlab shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
- Matematika hamma aniq fanlarga asos. Bu fanni yaxshi bilgan bola aqlli, keng tafakkurli bo‘lib o‘sadi, istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab ketadi, - dedi Prezident.
Har bir tuman markazida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktab tashkil qilib, ularda ishlaydigan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haqlar to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ushbu muassasalarda o‘quv jarayonni ilmiy-metodik ta’minlash uchun Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda Xalq ta’limi vazirligi mas’ul etib belgilandi.
Matematika fani bo‘yicha o‘quvchi, talaba va o‘qituvchilar o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish, olimpiada tizimini takomillashtirgan holda sovrindorlarga beriladigan mukofotlarni ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
O‘qitish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, matematika fanidan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy etish zarurligi aytildi. Bunday sertifikat egasiga oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishda matematika fanidan maksimal ball beriladi.
Yuqori malakali pedagoglar va ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimi samarasini oshirish, Matematika institutida ilmiy daraja beruvchi kengashga to‘liq mustaqillik berish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mamlakatimizda matematika fani bo‘yicha nufuzli xalqaro anjumanlar o‘tkazish, davlat byudjeti va “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan har yili 100 nafar olimni xorijdagi ilmiy tadbirlar va stajirovkalarga yuborish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bugun O‘zbekistonda kimyo yo‘nalishi bo‘yicha to‘rtta ilmiy-tadqiqot muassasasi mavjud, ularda 250 nafardan ziyod ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaratilgan ishlanmalar asosida yangi o‘g‘itlar, defoliantlar, o‘sish stimulyatorlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Prezidentimiz kimyo sohasi mineral o‘g‘it ishlab chiqarish bilan cheklanib qolayotgani, bu yo‘nalishdagi ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ilmiy ishlanmalarni joriy qilish samaradorligini oshirish, buning uchun tadqiqotlarning tarmoq korxonalari ehtiyojiga hamohangligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
“O‘zkimyosanoat” va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlariga o‘z tizimidagi yirik korxonalarda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan tajriba-ishlab chiqarish laboratoriyalari tashkil etish, ularni fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga yo‘naltirish esa Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuklandi.
Mineral resurslardan foydalanish unumdorligini oshirish maqsadida “Ko‘mir va materiallar kimyosi” ilmiy-tajriba laboratoriyasini, Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutida “Ko‘mir kimyosi va texnologiyasi” ilmiy yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Zamonaviy qurilish materiallari yaratish bo‘yicha yangi ilmiy muassasalar, xususan, yangi kompozit materiallar va innovatsion kimyo texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan laboratoriya tarmog‘ini tashkil etish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Biologiya fani farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish uchun fundamental va texnologik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun bu yo‘nalishda 7 ta ilmiy-tadqiqot muassasasida 600 nafarga yaqin ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz jahon bozori va ilm-fanidagi tendensiyalarni ko‘rsatib o‘tib, agro va biotexnologiyalar, oziq-ovqat, shu jumladan, fudo-miks, bio-tibbiyot va farma-biotexnologiyalari yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Oziq-ovqat tarkibi va uning inson salomatligiga ta’sirini o‘rganish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Botanika instituti faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Mamlakatimiz o‘simlik va hayvonot dunyosining raqamli davlat kadastrini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Bu yuqori darajadagi ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirish, biologik muhofaza choralarini belgilash, soha rivojiga oid muhim amaliy qarorlarni qabul qilish uchun imkoniyat yaratadi.
Tibbiyot va farmatsevtika sohalarida DNK va hujayraviy texnologiyalar, genetik tahlillar, yangi biomateriallar va biopolimerlarni ishlatish amaliyotini rivojlantirish, potensial iste’molchilar bilan ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yana bir ustuvor yo‘nalish – sanoat uchun mineral xomashyo bazasini ta’minlash bilan bilan bog‘liq bo‘lgan geologiya sohasi.
Mamlakatimizda foydali qazilmalarning 70 dan ortiq turi bo‘yicha 2 mingdan ortiq konlar aniqlangan. Lekin qazib olish va qayta ishlash oson bo‘lgan konlar tobora kamayib bormoqda.
Yangi konlar topish uchun yer qa’rining yanada chuqurroq qatlamlarini geologik o‘rganish, murakkab tarkibli konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha sohaga ilmiy asoslangan ilg‘or usullar va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Shu maqsadda Toshkentda Geologiya fanlari universiteti tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbari sohadagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kengaytirish maqsadida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish, bunga davlat maqsadli grantlari bilan birga xorijiy grantlarni ham jalb etish zarurligini qayd etdi.
Geologiya va kon-metallurgiya kombinatlari salohiyatini birlashtirish, zamonaviy Geo-innovatsion texnologiyalar laboratoriyasi tashkil etish vazifasi belgilandi.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, «Raqamli geologiya» va «Tog‘ jinslari va minerallarning milliy elektron bazasi» loyihalarini amalga oshirish, talabalarga yuqori aniqlikdagi kosmik suratlar asosida yerni masofadan zondlash usullarini o‘qitish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va doktorantura tizimining natijadorligini rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Dissertatsiyasini muddatidan avval himoya qilgan doktorantlar va ularning ilmiy rahbarlari yoki maslahatchilarini munosib rag‘batlantirish maqsadida tejalgan mablag‘larni to‘liq to‘lab berish amaliyotini joriy qilish taklifi bildirildi.
Mutasaddilarga ilm-fan sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda o‘rta va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ilm-fan, texnologik va innovatsion taraqqiyot asoslarini belgilash vazifasi qo‘yildi.
Bugun bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ilm-fan yo‘nalishlarida yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari olimlar va yoshlar bildirgan takliflar yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.