24.01.2020
Hurmatli deputatlar va senatorlar!
Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Jonajon Oʻzbekistonimiz yangi oʻn yillikka qadam qoʻymoqda. Erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi-yangi oʻzgarishlarni amalga oshirish boʻyicha ulkan vazifalar va imkoniyatlar paydo boʻlmoqda. Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda mamlakatimizni 2020-yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish boʻyicha, ustuvor yoʻnalish va vazifalarni belgilab olishimiz lozim.
Yaqinda “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida boʻlib oʻtgan saylovlar natijasida respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun zarur boʻlgan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.
Saylovlar ochiq-oydin, xalqaro standartlar asosida oʻtkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlatdan hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. Birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining 316 kishilik toʻlaqonli missiyasi bilan yaqin hamkorlik qildik.
Xalqaro kuzatuvchilar saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar oʻrtasidagi qizgʻin tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida oʻtganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida eʼtirof etdilar.
Barcha xalqaro kuzatuvchilarga saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Biz albatta ushbu tavsiyalarning har birini chuqur oʻrganib, tegishli dastur qabul qilib, amaliyotga keng joriy etamiz. Bu borada saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning oʻz elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish oldimizda turgan muhim masalalardan biridir.
Shu bilan bir qatorda, mahalliy kengashlarga saylov oʻtkazishning uch pogʻonali tizimini optimallashtirish, bunda tuman va shahar saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Parlament va Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari boʻyicha rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yaqin hamkorlikda ish olib borishi zarur boʻladi.
Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun Oʻzbekiston xalqiga murojaat qilib aytmoqchiman: demokratik islohotlar yoʻli – biz uchun yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻldir. Bu borada biz har kuni izlanishdamiz, xorijdagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilmoqdamiz.
Biz yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulugʻvor maqsadni oʻz oldimizga qoʻyganmiz. Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda.
Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faolroq, yanada tashabbuskor boʻlishiga erishmogʻimiz lozim.
Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak. Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investitsiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini koʻpaytirishimiz zarur. Bu gʻoyat dolzarb ishlarni oʻzimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.
Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi.
Men bunga qatʼiy ishonaman va bu fikrni sizlar ham qoʻllab-quvvatlaysizlar, deb oʻylayman.
Hurmatli qoʻshma majlis ishtirokchilari!
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2019-yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da salmoqli natijalarga erishdik. Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan – mana shu raqamga eʼtiboringizni qaratmoqchiman – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʻsdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yoʻl qurilishi, qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi. Sanoatning 12 ta yetakchi tarmogʻida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda. Natijada oʻtgan yili iqtisodiy oʻsish 5,6 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga koʻpaydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019-yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.
Qishloq xoʻjaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi oʻrganish va izlanishlarimiz davom etmoqda. Sohaga ilgʻor texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga barcha imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga koʻpaydi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan oʻtgan yili soliq toʻlovchilar ixtiyorida 2 trillion soʻm qoldi. Joriy yilda bu raqam 11 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda. Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablagʻ qolishi, albatta, ularga oʻz bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Islohotlarimiz natijasida oʻtgan yili 93 mingta yoki 2018-yilga nisbatan qariyb 2 barobar koʻp yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pogʻona koʻtarilib, biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-oʻrinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida oʻtgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016-yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar koʻp demakdir.
Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida oʻtgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bogʻchalari tashkil etildi. Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga koʻtarildi.
2019-yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta Ijod maktabi ish boshladi. Oliy taʼlimni rivojlantirish uchun oʻtgan yili 19 ta yangi oliy oʻquv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitetning filiali ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016-yilga nisbatan 2 barobar koʻp talaba oʻqishga qabul qilindi.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani toʻliq toʻlash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar koʻpaytirildi.
Sogʻliqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yoʻnalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga koʻpaytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli oʻtgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bunga 6,1 trillion soʻm yoki 2018-yilga nisbatan 1,5 trillion soʻm koʻp mablagʻ sarflandi.
Qishloq joylarda – 17 ming 100 ta, shaharlarda – 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016-yilga nisbatan salkam 3 barobar koʻp arzon va shinam uylar qurildi.
Kam taʼminlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard soʻmdan ziyod boshlangʻich badal toʻlab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi. Bunday baho barchamizga cheksiz gʻurur, iftixor va kuch bagʻishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi, desam, oʻylaymanki, sizlar ham bu fikrni qoʻllab-quvvatlaysizlar.
Aziz vatandoshlar!
Oʻtgan yili amalga oshirgan ishlarimizni tanqidiy tahlil qilib, quyidagi xulosalarni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Birinchidan, barcha darajadagi rahbarlar, erishilgan dastlabki ijobiy koʻrsatkichlarga mahliyo boʻlib, xotirjamlikka aslo berilmasligi kerak.
Yangi Parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – Oʻzbekistonda yashayotgan koʻpmillatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat boʻlishi shart.
Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman: saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha aniq dastur va “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda ularni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda toʻliq amalga oshirish zarur. Aks holda, sizlarga ishonch bildirgan saylovchilar oldida deputatning obroʻsi boʻlmaydi, partiyaning mavqei tushib ketadi. Chunki bugun xalqimizning tafakkuri ham, dunyoqarashi ham, talab va ehtiyojlari ham butunlay oʻzgargan. Xalqimiz hammadan ziyrak va ulugʻdir.
Ikkinchidan, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda toʻliq taʼminlash boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz zarur.
Virtual va Xalq qabulxonalariga yiliga 1 milliondan ziyod murojaat kelib tushayotgani xalq bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqishni talab etadi.
Endi davlat idoralari rahbarlari va hokimlarning ushbu murojaatlarni qay darajada hal etayotgani boʻyicha hisobotini parlament va xalq deputatlari kengashlarida muntazam eshitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha daromadini taqsimlash, nafaqa oluvchilarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari ishiga baho berish bundan buyon Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida amalga oshiriladi.
Har bir deputat Xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlab, oʻz hududida yashayotgan aholi muammolarini yechishda faol ishtirok etishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi kerak. Shunda deputatlar oʻz saylovchilariga bergan vaʼdalari ustidan chiqadi, xalqning ishonchini oqlaydi, mehrini qozonadi. Shunda men ham nafaqat Prezident, balki oddiy saylovchi sifatida sizlardan juda minnatdor boʻlar edim.
Uchinchidan, biz Oʻzbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiya bilan erisha olamiz.
Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi boʻlib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Shuning uchun ham bogʻchadan boshlab oliy oʻquv yurtigacha – taʼlimning barcha boʻgʻinlarini isloh qilishni boshladik.
Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi.
Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”!
Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.
Yurtimiz “Xalqaro axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” boʻyicha 2019-yilda 8 pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa-da, hali juda ham orqadamiz. Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat.
Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin boʻlmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech boʻladi. Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol oʻtish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri boʻladi.
Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng ogʻir illat – korrupsiya balosini yoʻqotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor.
Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir soʻz bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin.
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli xalq noiblari!
Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga koʻtarish maqsadida men yurtimizda 2020-yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni taklif etaman.
Biz 2020-yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Xususan, bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazishimiz zarur. Ushbu maqsadlarga shu yilning oʻzida byudjetdan qariyb 1,8 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.
Bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunga byudjetdan 130 milliard soʻm ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi.
2020-yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi kapital taʼmirlanadi. Shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.
Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega boʻlgan, oʻz ishida aniq natijalarga erishgan oʻqituvchilarga yuqori maosh toʻlash tizimini joriy etamiz.
Maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur.
2021-yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik koʻrish uchun 348 ta tayanch maktab belgilanib, 6 mingdan ortiq oʻqituvchining malakasi oshiriladi.
Joriy oʻquv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.
Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Oliy maʼlumot olaman, oʻz ustimda ishlab, ilmli boʻlaman, degan, yuragida oʻti bor, joʻshqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Shuning uchun maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2020-yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz.
Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy taʼlim qamrovini oshirish toʻlov kontraktiga bogʻliq boʻlib qolmasligi zarur. Shuni hisobga olib, oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar koʻpaytiramiz, desam, sizlar bu fikrga qanday qaraysiz?
Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi. Xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu grantlar asosida oʻqitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishi kerak.
Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini ham optimallashtirish zarur. Biz bunda asosiy eʼtiborni oʻqishga kirish jarayonlarini soddalashtirishga, oliy oʻquv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratishimiz zarur. Misol uchun, ona tili boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirayotgan paytda ona tili boʻyicha qayta sinovdan oʻtishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.
Oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi.
Oliy taʼlimda oʻquv jarayonini kredit-modul tizimiga oʻtkazish talab etiladi. Joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanadi.
Bu ishlarni boshqa yoʻnalishlarda ham davom ettiramiz.
Oliy oʻquv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi oʻzini oʻzi moliyaviy taʼminlashga oʻtadi. Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy taʼlim muassasasini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilishni boshlaymiz.
Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak. Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryoʻla taraqqiy ettira olmaydi. Shuning uchun biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishini rivojlantirish tarafdorimiz.
Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablagʻlarini ajratish mexanizmini tubdan qayta koʻrib chiqish kerak.
Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim. Har bir oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi shart.
Joriy yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-oʻqituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.
Kelgusida grantlar miqdorini 2 barobar koʻpaytirish va tadqiqot yoʻnalishlari koʻlamini kengaytirish lozim. Joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilishimiz kerak.
Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, sogʻliqni saqlash, taʼlim, arxiv sohalarini toʻliq raqamlashtirish lozim. Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta koʻrib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish zarur.
Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “IT-park” barpo etilmoqda. U hozirdanoq oʻzining dastlabki natijalarini bera boshladi. Bunday “IT-park”lar Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etiladi.
Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Shuningdek, taʼlimning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga toʻliq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi shart.
Oʻtgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olib, yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor Internet bilan taʼminlashimiz kerak.
Hozirgi kungacha 7 mingdan ortiq sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi Internetga ulangan boʻlsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor Internetga ulanadi. Bu vazifalarni koʻzda tutgan holda, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni ikki oy muddatda yakunlash lozim.
Kelgusida bu ishlarni tizimli tashkil etishga bosh-qosh boʻlishi uchun hukumatda – Bosh vazir oʻrinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda esa – alohida oʻrinbosar lavozimlari joriy etiladi.
Parlament ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hukumat, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borishi lozim.
Hurmatli parlament aʼzolari!
Endi 2020-yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirish zarur boʻlgan dasturiy va maqsadli vazifalarga toʻxtalib oʻtishga ijozat bergaysiz.
Birinchidan, 2020-yilda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va inflyatsiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifamizdir.
Biz shu yildan boshlab inflyatsiyaviy targetlash tizimini joriy qilishga oʻtdik. Bu borada Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi iqtisodiy oʻsish bilan inflyatsiya oʻrtasida muvozanatni taʼminlashi, tashqi xavf-xatarlarni hisobga olishi zarur.
Davlat tomonidan 37 turdagi mahsulot va xizmatlar narxining tartibga solinayotgani erkin raqobatga salbiy taʼsir qilmoqda. Shuni hisobga olib, endi asosiy eʼtiborni narxlarni belgilashga emas, balki korxonalar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash orqali narxlarni pasaytirishga va sifatni oshirishga qaratishimiz kerak.
Xalqaro tajribani oʻrganib, raqobatni olib kirish mumkin boʻlgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yoʻl ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish lozim. Bu borada tabiiy monopoliya va raqobat toʻgʻrisidagi qonunlarni yangilash hamda Iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi.
Isteʼmol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini taʼminlashning yagona yoʻli – meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini koʻpaytirish hamda “daladan doʻkongacha” boʻlgan uzluksiz zanjirni yaratishdir. Hukumat barcha darajadagi hokimliklar bilan ushbu vazifa ijrosini toʻliq taʼminlashi kerak.
Byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zarur.
Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablagʻlarni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, “Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisida” va “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalarini ishlab chiqsin.
Islohotlarimizga jiddiy toʻsqinlik qilayotgan “yashirin iqtisodiyot”ga barham berilmas ekan, sogʻlom raqobat ham, qulay investitsiya muhiti ham shakllanmaydi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini chuqur tahlil qilib, unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlasin.
Shuningdek, “yashirin iqtisodiyot” ulushi yuqori boʻlgan alkogol va tamaki bozorini tartibga solish uchun tovarlarni raqamli markirovka qilish tizimini joriy etish ishlari boshlandi. Bu tizim kelgusida farmatsevtika mahsulotlari uchun ham qoʻllaniladi. Vazirlar Mahkamasi qiymati 200 million dollar boʻlgan, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobidan amalga oshirilayotgan ushbu “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini alohida nazoratga olsin.
Ikkinchidan, iqtisodiyotni yuqori surʼatlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.
Joriy yilda 23 milliard dollarlik investitsiyalar oʻzlashtiriladi hamda 206 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi. Jumladan, Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilgʻi, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi. Yangi Toshkent metallurgiya zavodi, Toshkent metrosining Sirgʻali tarmogʻi, yer usti halqa yoʻlining birinchi bosqichi ishga tushiriladi.
2020-yilda oʻzlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar va kreditlar boʻlishini alohida qayd etmoqchiman. Investorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash, infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda.
Shuningdek, foyda soligʻini hisoblashda yangi texnologik uskunalar xarid qilish, yangi obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish xarajatlari boʻyicha chegirmalar kengaytirildi.
Mavjud 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalarni xatlovdan oʻtkazib, xususiy sektor va raqobat rivojlangan yoʻnalishlardagi korxonalarda davlat ishtirokini keskin kamaytirish choralarini koʻrish kerak.
Navoiy va Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik sanoat korxonalarida yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan birga, ushbu korxonalarni xalqaro moliya bozorining toʻlaqonli ishtirokchisiga aylantirish lozim. Buning uchun 2020-yilda xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotlarni tuzish, zaxiralarni qayta hisoblash, korporativ oshkoralikni tatbiq etish kabi ishlarni yakunlash zarur.
Neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga xorijiy ekspertlarni jalb etib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozim.
Vazirlar Mahkamasi ana shu vazifalarni toʻliq hisobga olib, ikki oy muddatda Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, ularni boshqarish va isloh etish strategiyasini ishlab chiqsin.
Xorijiy investorlarni faol jalb etish maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada oʻtkazish zarur.
Investitsiya jalb etishning samarali vositalaridan biri boʻlgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yoʻl, kommunal, tibbiyot, taʼlim kabi sohalarga keng tatbiq etish kerak.
Hozirgi vaqtda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biriga aylandi. Bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan oshgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi. Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun qurilishga oid normalarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish, zamonaviy qurilish texnologiyalari va materiallarini tatbiq etish, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish zarur. Shuningdek, tenderlar oʻtkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish va sohada axborot texnologiyalarini keng joriy etish kerak.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda qurilish sohasini 2025-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin.
Uchinchidan, bank tizimini rivojlantirish uchun bu yil keskin choralar koʻrishimiz lozim.
Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qoʻllash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy taʼminotlar boʻyicha zamon talablaridan 10-15 yil orqada qolmoqda.
2020-yildan boshlab har bir bankda keng koʻlamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi. Bu borada banklarimizning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish alohida eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Bank tizimida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlaydigan “loyihalar fabrikasi” faoliyatini yoʻlga qoʻyishimiz lozim.
Banklarimiz xalqaro moliya bozorlariga chiqib, arzon va uzoq muddatli resurslar olib kelishi zarur. Milliy bank va Ipoteka bank bu yil oʻz yevrobondlarini chiqarishi maqsadga muvofiqdir.
Davlat ulushiga ega boʻlgan banklar bosqichma-bosqich strategik investorlarga sotiladi.
Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – tijorat banklarini mijoz uchun ishlashga oʻrgatishdan iborat.
Soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida Bank-moliya akademiyasi xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda toʻliq qayta tashkil etiladi. Shuningdek, davlat banklarida zamonaviy bank amaliyoti, menejmenti va xizmatlarini joriy etish uchun rahbarlik lavozimlariga xorijiy yetakchi moliya institutlarining malakali mutaxassislarini jalb etish boshlandi va bu jarayon izchil davom etadi.
Banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali ularning dasturiy taʼminotini tubdan yangilash lozim. Shu yil 1-iyulga qadar “kredit tarixi” axborot tizimini toʻliq ishga tushirish zarur.
Aholida bank tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirish va banklar faoliyatiga chetdan aralashishga chek qoʻyish kerak.
Toʻrtinchidan, barqaror iqtisodiy oʻsishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni koʻpaytirish, tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish hisoblanadi.
Bu yil eksportyorlarga kafillik beradigan va xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish uchun – Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi. Shuningdek, eksport qilishda zamonaviy sugʻurta xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi, avtomobil va havo transporti xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.
Tashqi savdo bilan bogʻliq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash zarur. Jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozim.
2020-yilda 3 mingga yaqin standartlarni qabul qilish, ularning sonini 10 mingtaga va xalqaro standartlar bilan uygʻunlashish darajasini 40 foizga yetkazish darkor. Andijon, Termiz va Qoʻngʻirot tumanlarida erkin savdo zonalarini tashkil etib, ular orqali chegaraoldi savdosini rivojlantirish zarur.
Xaridorgir mahsulotlar turlarini aniqlash, ularga bozor topish va sotish bilan xususiy treyding kompaniyalari shugʻullanishi, buning uchun esa, savdo faoliyatini tartibga soladigan qonun loyihalari toʻplamini ishlab chiqish lozim. Bu tashqi savdo bilan bir qatorda, ichki bozorga ham tegishli.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda ana shu vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli qarorlarni tayyorlasin.
Mahsulotlarimizni ichki va tashqi bozorlarga yetkazish, ularning tannarxini tushirish uchun transport-logistika sohasini rivojlantirishimiz zarur.
Temir yoʻl sohasida yoʻlovchi va yuk tashish, ekspluatatsiya va xizmat koʻrsatishni bir-biridan ajratish, yaʼni, tabiiy monopoliya qismini alohida, xususiy sektorni jalb qilish mumkin boʻlgan yoʻnalishlarni alohida rivojlantirish lozim.
Xalqaro ekspertlarning xulosasiga koʻra, infratuzilmani yaxshilash, moslashuvchan tariflar qoʻllash va yangi istiqbolli yoʻnalishlarni shakllantirish hisobidan bizda tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.
Yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Aholi daromadlarini oshirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun bizga yangi-yangi bozorlar kerak. Buning uchun bozor iqtisodiyoti va davr talablariga mos koʻplab qonun va qarorlarni qabul qilyapmiz. Lekin, afsuski, ularni ijro etadigan koʻpgina amaldorlar hali ham eskicha ish uslubi, rasmiyatchilik va befarqlikdan qutulgani yoʻq.
Ochiq bozor mahsulot sifatini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelishga majbur qiladi, bozor islohotlarini jadal rivojlantiradi. Sodda qilib aytsak, jahon ishlab chiqarish tizimiga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang boʻlishimiz lozim. Muloqot va raqobatga tayyor boʻlish uchun tarmoq rahbarlari oʻz ustida tinimsiz ishlashi shart.
Mana, nima uchun bizga iqtisodiy integratsiya kerak!
Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Rossiyaning tranzit yoʻlaklari orqali oʻtadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar boʻyicha esa 80 foizi Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hissasiga toʻgʻri keladi.
Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozogʻistonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bugungi kunda Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bogʻliq masalalar oʻrganilmoqda. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz.
Shuning uchun xalq vakillari boʻlgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, oʻz zimmalariga masʼuliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak.
Vazirlar Mahkamasi ushbu yoʻnalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.
Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik toʻgʻrisidagi yangi bitimni tuzish boʻyicha ishlarni izchil davom ettiramiz. Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni yanada kuchaytiramiz.
Beshinchidan, sanoat tarmoqlarini uzluksiz xomashyo va zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlash zarur.
Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan taʼminlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozim. Shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni koʻpaytirish uchun byudjetdan 2 trillion soʻm mablagʻ ajratilmoqda.
Davlat geologiya qoʻmitasi oldiga ushbu mablagʻlarni samarali ishlatish orqali shu yilda yangi istiqbolli maydonlar va konlarni aniqlashni 35 foizga, kelgusi yilda esa 40 foizga oshirish vazifasi qoʻyiladi.
Davlat geologiya qoʻmitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga kamida 20 ta kon boʻyicha tayyor loyihalar toʻplamini shakllantirib, salohiyatli investorlarga taklif etishi lozim. Shuningdek, Qoʻmita uglevodorodlar va ularning zaxiralari boʻyicha hisob-kitob yuritish, toifaga ajratish va boshqarishning xalqaro tizimini amaliyotga joriy etishi kerak.
Iqtisodiy yuksalishni taʼminlash uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy infratuzilma barpo etish nihoyatda zarur.
Biz keyingi 3 yilda yoʻl qurilishiga – 9,8 trillion soʻm, suv tarmoqlariga – 4,6 trillion soʻm, elektr tarmoqlariga – 18,2 trillion soʻm, tabiiy gaz taʼminotiga – 1,2 trillion soʻm mablagʻ ajratdik. Bu raqamlar ushbu tarmoqlar uchun soʻnggi 10 yilda sarflangan mablagʻlardan bir necha barobar koʻpdir. Lekin, shunga qaramasdan, zamonaviy infratuzilma yaratish, mavjud tizimni modernizatsiya qilish uchun bundan bir necha oʻn barobar koʻp mablagʻ talab etiladi.
Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz har yili Investitsiya dasturi doirasida katta mablagʻ ajratib, bu yoʻnalishdagi ishlarni albatta jadal davom ettiramiz. Bunga qoʻshimcha ravishda respublika va mahalliy byudjetlarning prognozdan yuqori tushumlarining yarmini infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga yoʻnaltirish – Moliya vazirligi va hokimlar uchun joriy yildagi asosiy vazifalardan biri boʻlishi kerak.
Qonunchilik palatasi Hisob palatasini jalb etgan holda, ushbu mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishini joylarga chiqib, muntazam ravishda oʻrganib borishi maqsadga muvofiqdir.
Oltinchidan, biznes muhitini yanada yaxshilash biz uchun eng muhim masalalardan biri boʻlib qoladi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish boʻyicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qildik. Hukumat ushbu tadbirlarning amaliy ijrosini samarali tashkil etishi zarur.
Yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab koʻplab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni toʻlash muddatini uzaytirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berish boʻyicha yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi.
Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qoʻllanar edi. Buning hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida 3,4 trillion soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 2,5 barobar koʻp mablagʻ qoladi.
Endi tadbirkor tomonidan toʻlangan ortiqcha soliq oʻz muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha byudjetdan foiz toʻlanadi. Buning ahamiyatini mana shu zalda oʻtirgan va “oynai jahon” orqali mening soʻzlarimni eshitayotgan tadbirkorlar, oʻylaymanki, hammadan koʻra yaxshi tushunadi.
Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq toʻlovchilar puxta oʻzlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda oʻqitish zarur.
Soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan oʻzgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi qoshida Fiskal institutini tashkil etishni taklif qilaman. Bu jarayonga katta tajribaga ega boʻlgan nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb etish zarur.
Shu bilan birga, tadbirkorlarni koʻp qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy oʻzgartiramiz. Ochiq aytish kerak, mavjud 280 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar orasida faoliyat turlari hisobini yuritish, mablagʻ undirish yoki shunchaki nazorat qilish uchun joriy qilinganlari ham bor. Bu esa tadbirkorlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Shu sababli Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman 2020-yil 1-martga qadar litsenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta koʻrib chiqib, ularning sonini kamida 2 barobar qisqartirish boʻyicha aniq taklif kiritsin. Shuningdek, “Kichik va oʻrta biznes toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarur. Unda kichik va oʻrta biznes mezonlari hamda bu soha vakillarini ragʻbatlantirish mexanizmlari nazarda tutilishi kerak.
Bu yil har bir hududda tadbirkorlarga yer uchastkalariga oid maʼlumotlarni ochiq va haqqoniy yetkazish boʻyicha yangi tizim joriy etamiz. Unga koʻra, tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan boʻsh yer maydonlari, bino va inshootlar, ularning qiymati va shartlari haqidagi toʻliq xaritani istalgan vaqt va hududda onlayn tartibida olish imkoniyati yaratiladi.
Xabaringiz bor, bundan 2 yil oldin korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga nisbatan eʼlon qilingan moratoriyning muddati tugadi. Lekin, bu yana eski usulda yoppasiga tekshir-tekshirlarni boshlab yuborish mumkin, degani emas.
Bu kimgadir yoqadimi-yoʻqmi, biz bunga yoʻl qoʻymaymiz. Barcha nazorat idoralari rahbarlari shuni qulogʻiga yaxshilab quyib olsin.
2020-yilning birinchi choragida, ilgʻor tajribalar asosida, barcha darajadagi nazorat qiluvchi idoralarda yangi zamonaviy tizim joriy etilishi shart. Ana shu tizim orqali har bir korxona va tadbirkor boʻyicha alohida-alohida ish olib borib, ularning qonuniy faoliyat yuritishini taʼminlash, tekshirishni esa eng soʻnggi favqulodda chora sifatida adolatli oʻtkazish lozim. Mazkur masala yuzasidan, nazorat idoralarining rahbarlari parlament oldida har chorakda shaxsan hisobot berib boradi.
Bankrotlik borasidagi hozirgi tartib-tamoyillar korxonalarni tugatish va mol-mulkdan tushgan mablagʻlar hisobidan qarzlarni qoplashni nazarda tutadi. Shuning uchun soʻnggi 3 yilda atigi 3 ta korxonada sanatsiya qoʻllangan, xolos. Endi bunday qoidadan butunlay voz kechib, toʻlovga qobiliyatsiz korxonalarni eng ilgʻor xorijiy tajriba asosida sogʻlomlashtirish boʻyicha yangi tizim joriy etamiz.
Tadbirkorlarning huquqlarini taʼminlashda Oliy Majlisning ikkala palatasi ham taʼsirchan parlament nazoratini yoʻlga qoʻyishi zarur.
Tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini izchil davom ettirishimiz lozim. Jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchining obroʻsini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinadi. Shuningdek, bojxona qonun hujjatlarini buzish bilan bogʻliq jinoyatni birinchi marta sodir etgan, lekin toʻlovlarni toʻlagan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish kerak.
Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti aʼzolariga “jinoiy uyushma” degan ayblov qoʻyib, ularga ogʻir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini oʻtab boʻlgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi. Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan-qancha aziyat chekib, moddiy zarar koʻrayotganlarini inobatga olsak, bu oʻzgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon boʻladi.
Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020-yil 1-aprelgacha ana shu masalalar boʻyicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim.
Yettinchidan, iqtisodiyotimiz rivojini, aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlaydigan eng muhim sohalardan biri boʻlgan qishloq xoʻjaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish zarur.
Tarmoqdagi hozirgi oʻsish surʼatlari bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Bu borada bozor mexanizmlarini keng joriy etib, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirmas ekanmiz, biz kutgan sezilarli oʻzgarish boʻlmaydi. Shu bois, paxta va gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtamiz. Agar bu yoʻldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin boʻlmaydi, ular oʻzlari kutganlaridek manfaat koʻrmaydi, hokimlarning esa ish uslubi oʻzgarmaydi.
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini isloh qilib, agrar sohaning boshqa tarmoqlariga ham arzon kreditlar ajratish yoʻlga qoʻyiladi.
Kelgusida Qishloq xoʻjaligi vazirligi soha korxonalariga koʻrsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabi eski ish usullaridan mutlaqo voz kechishi zarur. Buning oʻrniga vazirlik servis tashkilotiga aylanishi, xususiy agrosanoat tashkilotlariga yer holatini aniqlash, ekin turlari va urugʻni toʻgʻri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, moliyaviy koʻmaklashish, mahsulot bozorini topish boʻyicha xizmat koʻrsatishi kerak.
Agrar tarmoqda fermerlik harakatini qoʻllab-quvvatlash bilan birga, paxta va gʻalla yetishtirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich oʻtkazish boʻyicha izlanishlarimizni davom ettiramiz.
Meva-sabzavot, sholichilik, chorvachilik, ipakchilik kabi boshqa tarmoqlarda ham bugungi kun talabiga javob beradigan klasterlarni tashkil etish ishlarini davom ettiramiz.
Bu yil 2 milliard dollarlik, keyingi 5-7 yilda esa 3-4 barobar koʻp meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun mahsulot yetishtirishni keskin koʻpaytirish choralarini koʻrish zarur.
Parlamentimiz ushbu islohotlarimizning huquqiy asosi boʻlgan “Kooperatsiya va klasterlar toʻgʻrisida”gi yangi qonunni tezroq qabul qilsa, ushbu katta reja va niyatlarimizga mos ish boʻlur edi.
Bu yil meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urugʻchilik, chorvachilik, agro-logistikani rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga 3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiramiz. Chorvachilik, qorakoʻlchilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalarda naslchilikka alohida eʼtibor qaratilib, uni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari tatbiq etiladi.
2020-yilda 44 ming gektar yerda yoki oʻtgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar koʻp maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etamiz. Buning uchun davlat byudjetidan 300 milliard soʻm subsidiya ajratiladi. Shuningdek, suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish zarur.
Ushbu masalalar Suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasida oʻz aksini topishi kerak. Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1-aprelga qadar ana shu konsepsiya loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.
Sakkizinchidan, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmogʻiga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi.
Hukumat oldidagi eng muhim vazifalardan biri – joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga yetkazishdan iborat.
Maʼlumki, qator nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalari 2020-yilda Oʻzbekistonni sayohatga albatta borish tavsiya etilgan mamlakatlar qatoriga kiritdi. Biz bunday imkoniyatdan unumli foydalanishimiz kerak.
Katta salohiyatga ega boʻlgan ziyorat va tibbiyot turizmini ham jadal rivojlantirish zarur.
Yurtimizda 8 ming 200 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, turizm marshrutlariga ularning atigi 500 tasi kiritilgan.
Hukumat uch oy muddatda ziyorat va anʼanaviy turizmni rivojlantirish mumkin boʻlgan marshrutlardagi obyektlar sonini 800 taga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilasin.
Yana bir vazifa – YUNESKOning Umumjahon moddiy madaniy merosi va Nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga Oʻzbekistondagi yangi obyektlarni kiritishni tezlashtirish lozim.
Joriy yilda yangi zamonaviy mehmonxonalarni qurishga davlat byudjetidan 200 milliard soʻm subsidiya ajratib, turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish zarur.
Toʻqqizinchidan, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish kerak.
Ana shu ishlar doirasida 7 ta yirik shahar – Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Fargʻona, Namangan, Nukusga tutash boʻlgan 12 ta yoʻldosh shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Ana shu vazifa bilan bogʻliq yana bir masala shuki, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish oʻrinlari yaratilayotgan hududlarimiz oʻrtasida tafovut mavjud. Buning yechimi – ichki migratsiyani erkinlashtirishdan iborat.
Shu bois, parlament va hukumat 2020-yil 1-aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim.
Uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga boʻlgan talabini toʻliq taʼminlash mumkin emas. Shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda.
Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi. Davlat, banklar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash maqsadida ularga qariyb 4 trillion soʻm mablagʻlarni auksionlar orqali ajratadi.
Kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlangʻich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion soʻm subsidiya ajratiladi.
Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson oʻzining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega boʻlsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi boʻladi.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida, xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash boʻyicha olib borayotgan keng koʻlamli ijtimoiy islohotlarni davom ettiramiz. Buning uchun birinchi navbatda aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan biri boʻlib qoladi.
Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu oʻrinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda.
Baʼzi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini toʻlash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb oʻylaydi. Bu – bir tomonlama yondashuv boʻlib, muammoni toʻla yechish imkonini bermaydi.
Kambagʻallikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir.
Shuning uchun Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambagʻallikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman. Bu borada xalqaro meʼyorlar asosida chuqur oʻrganishlar oʻtkazib, kambagʻallik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish lozim.
Shuningdek, Fargʻona vodiysining 22 ta qishloq tumanida aholi oʻrtasida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etishimiz kerak.
Joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarur. Shu maqsadda aholi va tadbirkorlarga, mikromoliya xizmatlari va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yoʻl ochib beriladi. Bunday choralar orqali odamlarimizda tadbirkor boʻlishga ishtiyoq va ishonch ortadi, ular koʻproq daromad olishga intiladigan boʻladi.
Shu bilan birga, hamma ham tadbirkor boʻla olmaydi. Shu sababli bunday odamlar bilan tizimli ish olib borib, ularni kasbga qayta tayyorlash orqali ularni munosib ish joyi bilan taʼminlash lozim. Ushbu maqsadlar uchun 700 million dollar jalb qilinadi.
Biz yangi ish oʻrinlarini yaratadigan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz, taʼbir joiz boʻlsa, ularni yelkamizda koʻtarishimiz kerak.
Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ijtimoiy tadbirkorlik asoslari va uni ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshiriladi. Shuningdek, hukumat joriy yilda davlat dasturlari doirasida hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 500 mingta yangi ish oʻrini yaratishni taʼminlashi zarur.
Shu munosabat bilan bir fikrni alohida taʼkidlab aytmoqchiman, har bir tarmoq, soha, viloyat va tumanda yaratilgan tadbirkorlik subyektlari va yangi ish oʻrinlari, ana shu tuzilmalar rahbarlari faoliyatini baholashda eng asosiy mezon boʻladi.
Yil davomida byudjet tizimi xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshiriladi.
Ijtimoiy nafaqa toʻlashning mukammal tizimini joriy etish, jumladan, kam taʼminlangan oilalarga koʻmak koʻrsatish qamrovini kengaytirish, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishini taʼminlash zarur. Shuningdek, nafaqa tayinlashdagi mezonlarni qayta koʻrib chiqish va ularni belgilashda ochiq va adolatli tizim yaratish, bu borada mahallaning ishtirokini tanqidiy qayta koʻrib chiqish lozim. Umuman olganda, aholi ijtimoiy nafaqa boʻyicha bitta idoraga murojaat qilganidan keyin oʻsha idoraning oʻzi bir kunda hamma hujjatlarni tayyorlab, masalaning yechimini topishi kerak.
Fuqarolarimiz pensiyaga chiqishi uchun faqat pasporti bilan borib, murojaat qilishi kifoya boʻladigan tizim yaratiladi. Buning uchun, birinchi navbatda, davlat arxivi tizimi elektron shaklga oʻtkazilishi kerak.
Joriy yilda keksalar, jumladan, yolgʻiz keksalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaxlit va taʼsirchan tizim yaratish zarur. Bu toifa uchun ajratilayotgan ijtimoiy toʻlovlar miqdori ham qayta koʻrib chiqilishi kerak.
“Mehribonlik uylari”da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish bilan, kelajakda uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish zarur. Chunki bunday farzandlarimiz ularning gʻamxoʻri, mehriboni, ortidagi suyanchi davlat va jamiyat ekanini doimo qalbdan his qilib turishi shart.
Nogironlik, dafn marosimi, boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha nafaqalar, ish paytida mayib boʻlganlik uchun tovon puli kabi toʻlovlarni qayta koʻrib chiqib, “Ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish zarur.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqishi, yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilashi lozim.
Ikkinchidan, sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha islohotlarimizni ham qatʼiyat bilan davom ettiramiz.
Shifokorlarning jamiyatdagi oʻrni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz oʻrtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish, ushbu kasb egalari uchun munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadini koʻpaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrishimiz darkor.
Davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobar koʻp yoki qariyb 1,5 trillion soʻm ajratiladi. 281 ta tibbiyot muassasasini qurish va taʼmirlashga byudjetdan 1,1 trillion soʻm sarflanadi. Shuningdek, 17 ta ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasini boshqarishda zamonaviy menejment mexanizmlarini joriy etish zarur.
Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sogʻlom raqobatni kuchaytirish, birinchi navbatda, ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga xorijiy investorlarni jalb etish choralarini koʻrish darkor.
Gematologik va virusologik yordam sifatini oshirish, bu turdagi davolash qiyin boʻlgan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatishni tubdan isloh etishning vaqti keldi.
Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablagʻlarni koʻpaytirishimiz kerak.
Ixtisoslashgan markazlar va ularning filiallarida, shuningdek, Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida shu yil elektron tibbiy kartalarni joriy etish darkor.
Sogʻliqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida bu yil majburiy tibbiy sugʻurtaga oid qonunlarni qabul qilish va ularni amalga oshirish boʻyicha barcha tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim.
Ushbu tizimni joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida qoʻllash boshlanadi.
Dori vositalari harakatini nazorat qilish, kontrafakt mahsulotlar aylanishiga chek qoʻyish va dorilarning real narxini onlayn tartibida kuzatib borish tizimini yaratish ham dolzarb vazifadir.
Uchinchidan, biz bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaramiz.
2020-yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yoʻnalishidagi loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratamiz. Bundan tashqari, 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa oʻquv kurslarida oʻqitish tashkil etiladi.
Mamlakatimizdagi tub oʻzgarishlar, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishni kun tartibiga qoʻymoqda. Yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash boʻyicha yagona koʻrsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksini joriy etish kerak.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi “Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasini ishlab chiqishi, unda maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi zarur.
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda hech kim chetda turmasligi, “Oʻz bolangizni, oʻz uyingizni, oʻz Vataningizni koʻz qorachigʻidek asrang!” degan shior odamlarimiz qalbidan chuqur joy olishi kerak.
Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit-qizlarimizning maʼnaviy va maʼrifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali ahamiyatga egadir.
Shu bois, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan dasturiy gʻoya asosida, yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish – oʻta sharafli vazifadir.
Yoshlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasidan boshlangan yangi tashabbusimizni butun mamlakatimiz boʻyicha amalga oshiramiz. Men viloyat rahbarlarini, joylardagi barcha jamoatchilikni ushbu masalaga jiddiy eʼtibor berishga chaqiraman.
Toʻrtinchidan, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish kerak.
Bu borada hududlarda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz uchun yangi ommaviy sport obyektlarini qurish zarur. Bu yil 269 ta futbol, voleybol, basketbol va badminton maydonlari, 178 ta boks, kurash, fitnes va gimnastika sport zallari, 32 ta tennis korti qurish boʻyicha salkam 500 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshiriladi.
Yoshlar orasida iqtidorli sportchilarni seleksiya qilishning “tashkilot – tuman (shahar) – hudud – respublika” bosqichlaridan iborat toʻrt bosqichli tizimi joriy etiladi.
Bu yil Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz munosib ishtirok etishi uchun hukumat va Milliy olimpiya qoʻmitasi barcha sharoitlarni yaratishlari zarur.
Beshinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga eʼtiborni kuchaytirishimiz kerak.
Avvalo, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish boʻyicha boshlagan misli koʻrilmagan ishlarimizni davom ettirib, dengizning qurigan tubida oʻrmonzorlarni kengaytirish, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etishimiz lozim.
Ishlab chiqarish jarayonini ekologik nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ekologik audit oʻtkazish tartibini qayta koʻrib chiqib, xususiy auditorlik faoliyatini jonlantirish ham muhim vazifadir.
Hukumat sanoat rivojining ekologiyaga taʼsirining oldini olish boʻyicha 2025-yilgacha moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin. Shuningdek, nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, joriy yil 1-oktyabrga qadar Ekologiya kodeksi loyihasini ishlab chiqishi lozim.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari har bir hudud va korxona boʻyicha ekologiyani yaxshilash, chiqindilarga doir ishlar yuzasidan dasturlar ishlab chiqishi va ularning ijrosini taʼminlashi shart.
Oltinchidan, madaniyat va sanʼat muassasalariga alohida eʼtibor qaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻrish zarur.
Joriy yilda byudjet mablagʻlari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat obyektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bogʻlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurishni taʼminlash lozim.
Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlari ishlab chiqarishni moliyalashtirish takomillashtiriladi. Shu bois, Kinematografiyani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini hamda “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqishimiz lozim.
Bundan tashqari, bu yil madaniy hayotimizdagi muhim voqea – Shahrisabz shahrida ikkinchi Xalqaro maqom festivalini muvaffaqiyatli oʻtkazishimiz kerak.
Shuningdek, 2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.
Umuman, biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Har tomonlama mukammal va samarali boshqaruv tizimini yaratish – oldimizda turgan ulkan vazifalarni bajarishning asosiy shartidir.
Biz parlamentning qonun ijodkorligi, parlament nazoratini samarali tashkil etish mexanizmlari bilan bogʻliq barcha masalalarni kuni kecha Oliy Majlisda boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda atroflicha va chuqur muhokama qilib oldik.
Shu bilan birga, quyidagi dolzarb masalalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Birinchidan, joylarda ijro va vakillik organlarining davlat boshqaruvidagi roli va masʼuliyatini yanada oshirish zarur.
Hokimlar oxirgi 3 yilda ularga berilgan keng vakolatlardan qanchalik samarali foydalanayotganini, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari faoliyati natijadorligini nazorat qilish boʻyicha yangi tizim yaratish shart.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: nima uchun Bosh vazirdan boshlab barcha hukumat aʼzolari, viloyat hokimlari parlamentga hisobot beradi-yu, viloyat va tumanlardagi rahbarlar oʻz faoliyati haqida mahalliy kengashlarga hisobot bermasligi kerak? Shuning uchun viloyat va tuman hokimlari oʻz dasturlari va ularning ijrosi toʻgʻrisida viloyat kengashlarida hisobot beradigan tizim joriy qilinadi.
Ayni vaqtda farmonlar, qarorlar, konsepsiya va strategiyalarda belgilangan indikatorlar va maqsadli parametrlarning ijrosi boʻyicha hokimlar oʻz hududlaridagi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berib borishlari kerak boʻladi.
Ishning samarasini oshirish maqsadida mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash soʻrovi institutini joriy etishni taklif qilaman.
Yana bir muhim masala. Amaldagi qonun hujjatlarida hokimliklarning 300 ga yaqin vazifa va funksiyalari nazarda tutilgan. Shundan 175 tasi, mazmun-mohiyatiga koʻra, hokimlarning asosiy vazifalari toifasiga kirmaydi va turli idoralarning funksiyalarini takrorlaydi. Bu esa, ish sifati va ijro intizomiga salbiy taʼsir koʻrsatishi tabiiy.
Shu sababli Oliy Majlis Senatiga, Adliya vazirligini jalb etgan holda, shu yilning birinchi yarmida hokimlarning vakolatlarini qayta koʻrib chiqish va ularga xos boʻlmagan hamda bir-birini takrorlaydigan funksiyalarni tegishli organlarga oʻtkazishni taʼminlash boʻyicha taklif tayyorlash topshiriladi.
Ikkinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini oʻylantirayotgan muammolarga davlat idoralari eʼtiborini qaratib, oʻzlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq boʻladi.
Buning uchun mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yoʻlga qoʻyib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni koʻpaytirishimiz kerak. Vazirlik va idoralar ham bir chetda tomoshabin boʻlib oʻtirmasdan, bunday ijtimoiy hamkorlik ishlarini kengaytirishi lozim. Shuning uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirish darkor.
Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish majburiyligini aniq belgilash kerak. Jamoatchilik maʼqul desa – maʼqul, nomaʼqul desa – nomaʼqul boʻladi.
Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlik oʻrnatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qilaman.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masala boʻyicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish lozim.
Hurmatli deputatlar va senatorlar!
Bugungi kunda islohotlarimiz samarasi koʻp jihatdan toʻrtta muhim omilga – yaʼni, qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurashish, institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bogʻliq.
Qonun ustuvorligi va sud-huquq sohasidagi asosiy vazifalar haqida Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda batafsil toʻxtalib oʻtganimizdan yaxshi xabardorsiz.
Bu borada quyidagi qoʻshimcha vazifalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Avvalo, sud mustaqilligini toʻliq taʼminlash – eng muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi zarur.
Yana bir bor aytmoqchiman – dastlabki tergovda davom etib kelayotgan qonun buzilish holatlarini faqat va faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkin.
Bu borada qabul qilgan qonuniy chora-tadbirlarimiz aniq natijalar bera boshladi. Ushbu ijobiy oʻzgarishlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyalar mustaqilligi boʻyicha maxsus vakili Diyego Garsiya-Sayan janoblari ham alohida eʼtirof etdi.
Oʻtgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019-yilning oʻzida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 2019-yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan boʻlsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va oʻzgartirildi.
Sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini taʼminlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutugʻimizdir. Men, Prezident sifatida, sudyalarning bunday jasorati va qatʼiyatini bundan keyin ham toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.
Endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini eʼtirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha boʻlgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham koʻndalang qoʻyadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi.
Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib, oʻrganish amaliyotini cheklash lozim. Endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib oʻrganishi mumkin.
Sud raislari tomonidan sudyalarning faoliyatini baholash va ularga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatish boʻyicha vakolatlarni qayta koʻrib chiqish kerak.
Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini taʼminlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida boʻladi. Sud ostonasiga qadam qoʻygan har bir inson, Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak. Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytganidek, “Adolat yoʻqolgan paytda, hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi”.
Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak. Oʻzbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari boʻlishi lozim.
Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Adliya vazirligi uch oy muddatda yuqorida bildirilgan takliflarni amaliyotga joriy etishni nazarda tutadigan, qonun loyihasini kiritsin.
Ikkinchidan, sud-huquq sohasiga doir asosiy qonun va kodekslar bundan deyarli 20-25 yil oldin qabul qilingan boʻlib, hozirgi davr talablariga javob bermaydi.
Shu sababli parlament yaqin yillarda Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijro, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarni yangitdan qabul qilishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada, avvalo, tergov va sud amaliyotiga inson huquqlari sohasidagi ilgʻor standartlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish kerak.
Qonunchilikni yangilashdan maqsad – faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat boʻlmogʻi lozim.
Uchinchidan, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish zarur.
Biz ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha jiddiy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Biroq, ochiq tan olish kerak, ushbu idoralar hali xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylangani yoʻq.
Tizimda jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarga qarshi kurashish va davlat xizmatlarini koʻrsatish faoliyatiga doir aniq mezonlar belgilanmagan. Shu sababli islohotlarni davom ettirib, ichki ishlar idoralarini odamlarimizning ogʻirini yengil qiladigan tuzilmaga aylantirish zarurligini yana bir bor takrorlash oʻrinli, deb bilaman.
Bu masala yangi parlament, xususan, Senat oldidagi besh yillik vazifa boʻlib, buning uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslarni yaratish va amaliy choralar koʻrish lozim.
Ichki ishlar organlari uchun barcha darajadagi rahbarlarning malakasini oshirish va maqsadli tayyorlash tizimini tashkil etish zarur.
Toʻrtinchidan, afsuski, jamiyatimizda korrupsiya illati oʻzining turli koʻrinishlari bilan taraqqiyotimizga gʻov boʻlmoqda.
Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib boʻlmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmaydi.
Tadbirkorlar hanuzgacha yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korrupsiyaga duch kelayotganini Prezident nomiga kelib tushayotgan koʻplab murojaatlar ham, matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar ham yaqqol koʻrsatib turibdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak.
Ana shu vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tashkil etishni taklif etaman.
Prezident administratsiyasi Oliy Majlis palatalarining tegishli qoʻmitalari bilan birgalikda uch oy muddatda tegishli farmon loyihasini ishlab chiqsin.
Beshinchidan, fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini taʼminlash borasida navbatdagi muhim qadam qoʻyish zarurligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin Oʻzbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega boʻla olmayotgan minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal etish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish vaqti keldi, deb oʻylayman. Xususan, 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor. Shu tariqa 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bogʻliq uzoq yillardan buyon yechilmasdan kelayotgan muammolari hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasi bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda koʻrib chiqib, joriy yil 1-mayga qadar tegishli qonun loyihalarini taqdim etishi lozim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Biz jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Bu borada 30-iyul – “Xalqaro doʻstlik kuni” munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Doʻstlik haftaligi”ni va “Doʻstlik” xalqaro forum-festivalini oʻtkazishni taklif etaman.
Mamlakatimizda “jaholatga qarshi – maʼrifat” degan ezgu gʻoya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va doʻstlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targʻib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri boʻlib qoladi.
Joriy yilda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiyning hayoti, ilmiy merosiga bagʻishlangan hamda diniy bagʻrikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.
Imom Buxoriy bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu moʻtabar zotning musulmon dunyosidagi ulugʻ maqomiga mos ravishda mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish ishlarini ham boshlaymiz. Shuningdek, buyuk alloma Bahovuddin Naqshband bobomizning 700-yillik tavallud ayyomini yuqori saviyada oʻtkazishimiz kerak.
Sizlarga maʼlumki, keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan insonparvar siyosat tufayli toʻgʻri yoʻldan adashgan, bilib-bilmay xatoga qoʻl urgan fuqarolarni sogʻlom hayotga qaytarish boʻyicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda ham diniy ekstremistik yoʻlga kirib qolganidan chin dildan pushaymon boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etish, ularni jamiyatga moslashtirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.
Jahonda shiddat bilan oʻzgarayotgan notinch va murakkab vaziyat, turli mojarolar jonajon Vatanimiz xavfsizligini, el-yurtimizning osoyishta hayotini taʼminlash hamda mavjud tahdid va xatarlarga munosib javob berishga doim tayyor turishimizni taqozo etmoqda.
Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining yaqinda oʻtkazilgan majlisida bu boradagi ustuvor vazifalar va amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldik. Qurolli Kuchlarimiz ushbu vazifalarni samarali ado etadi, deb ishonaman.
Biz Oʻzbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng koʻlamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat yoʻlini davom ettiramiz. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va koʻpqirrali sheriklikni yanada kuchaytiramiz.
Bu borada quyidagi ustuvor jihatlarga sizlarning diqqatingizni qaratmoqchiman.
Birinchi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni mazmun va sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.
Ikkinchi. Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.
Uchinchi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida koʻptomonlama hamkorlikni jadallashtirishni davom ettirishimiz zarur.
Orol muammosini hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan tuzilgan Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondiga katta ishonch bilan qaraymiz.
Biz Oʻzbekistonning 2021-2023-yillar mobaynida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlishi masalasini izchil ilgari surish niyatidamiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqishni taklif etgan edik. Joriy yilda Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini yoshlar huquqlariga bagʻishlab oʻtkazish va unda ushbu konvensiya loyihasini muhokama etishni taklif qilaman.
Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyani qabul qilishni ham tezlashtirishimiz kerak.
Toʻrtinchi. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida faoliyatimiz samarasini yanada oshirishimiz zarur.
Oʻzbekistonning 2020-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raislik qilishi, biz uchun tarixiy ahamiyatga ega. Biz Hamdoʻstlikda savdo-iqtisodiy va transport-tranzit sohalarida hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlarning amaliy natijadorligini oshirish va aʼzo davlatlar oʻrtasida gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun barcha salohiyat va imkoniyatlarni ishga solamiz.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan munosabatlarni rivojlantirish – Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi.
Bundan tashqari, joriy yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan oliy darajadagi ikkitomonlama va koʻptomonlama tadbirlar oʻtkazilishi kutilmoqda. Tashriflar doirasida mamlakatimiz manfaatlariga xizmat qiladigan istiqbolli loyihalar va dasturlar qabul qilinishi koʻzda tutilgan.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasi bilan hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan mamlakatimizdagi xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillariga oʻzimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Hurmatli vatandoshlar, aziz mehmonlar!
2020-yilda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanadi.
Bizning mard, yengilmas va olijanob xalqimiz buyuk Gʻalabani taʼminlashga beqiyos hissa qoʻshgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Bu qonli urushda jami 1,5 milliondan ziyod Oʻzbekiston farzandlari tinchlik va ozodlik uchun mardona jang qilgani, ularning har uch nafaridan biri oʻz yaqinlari bagʻriga qaytmagani, el-yurtimizning front ortida koʻrsatgan jasoratini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Biz urush va front orti faxriylarini faqatgina bayramlarda emas, balki doimo eʼzozlab, ardoqlashimiz, ularning sogʻligi haqida har kuni, har soatda oʻylashimiz lozim. Joriy yilda ularga har tomonlama eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Jumladan, mamlakatimizning eng yaxshi sanatoriylarida ularning salomatligini mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratamiz.
Urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan haqiqiy jasorat va matonatni kino, teatr sanʼati, badiiy-publitsistik asarlar, ilmiy tadqiqotlar orqali koʻrsatish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizga taʼsirchan tarzda yetkazish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda. Xususan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida muhtasham “Gʻalaba bogʻi” bunyod etilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Xotira va qadrlash kuni va Gʻalabaning 75 yilligini har tomonlama munosib va yuqori saviyada nishonlash uchun tayyorgarlik ishlarini puxta tashkil etishimiz kerak.
Muhtaram yurtdoshlar!
Biz bundan uch yil oldin mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida buyuk ishlarni boshlaganmiz. Xalqimizning aql-zakovati, kuch-qudrati va salohiyatiga tayanib, biz bu yoʻlda dastlabki, lekin oʻta muhim va salmoqli natijalarga erishmoqdamiz. Endi ana shu yutuqlarimizni mustahkamlab, yanada dadil va ulkan qadamlar tashlashimiz shart. Chunki yurtimizdagi islohot va oʻzgarishlar jarayoni ortga qaytmaydigan tus olib, hal qiluvchi pallaga kirmoqda.
Natijadorlik hammamiz uchun bosh talab, asosiy mezonga aylanmoqda. Bu borada 2020-yil barchamiz uchun alohida sinov
va masʼuliyat yili boʻladi. Endi kechagi yutuq va marralar, bizni sira qoniqtirmaydi. Nega deganda, bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham, kechagi xalq emas.
Amaliy natija bilan mustahkamlangan, oʻz mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib boradi. Va bunday islohotni, bunday shiddatli jarayonni hech kim, hech qanday kuch, toʻxtata olmaydi.
Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun oʻz hayotida his etishi kerak. Buning uchun barcha boʻgʻindagi rahbarlar foizlar, raqamlar, qogʻozning ortidan quvmasdan, har bir fuqaro uchun, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun ishlashi shart. Shunda nuroniy keksalarimiz, muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, hurmatli ayollarimiz, aziz farzandlarimiz, jajji nabiralarimiz, koʻpmillatli butun xalqimiz bizdan rozi boʻladi.
Bugungi Murojaatnomada bayon qilingan har bir maqsad va vazifaga, ularni amalga oshirishga aynan shu nuqtayi nazardan yondashsak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
Vazirlar Mahkamasi hudud rahbarlari bilan birgalikda Murojaatnomada belgilab berilgan barcha vazifalar ijrosini soʻzsiz taʼminlab, har chorakda Oliy Majlis oldida hisobot berishi zarur.
Prezident Administratsiyasi va hukumat Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda 20 kun muddatda 2020-yilga moʻljallangan davlat dasturi loyihasini puxta tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin.
Shu oʻrinda yana bir muhim masalaga alohida eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Oʻtgan 3 yil mobaynida Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratildi. Bundan keyin ham “toʻrtinchi hokimiyat” vakillarining erkin va xolis faoliyat yuritishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni xalqimiz va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq-oydin yoritishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratamiz.
Joylardagi muammo va kamchiliklarni roʻy-rost ochib berish, ularni haqqoniy yoritishlarida men professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorman.
Aziz doʻstlar!
Imom Buxoriy bobomiz oʻz kitoblarida keltirgan muborak hadisda aytilganidek, “Barcha amallar niyatga qarab boʻladi”.
Darhaqiqat, pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar, albatta ijobat boʻladi.
Bugun biz ham tanti, sabr-qanoatli va mehnatkash xalqimiz bilan birga ulugʻ maqsadlarni belgilab, marrani baland olmoqdamiz.
Oldinda bizni ulkan vazifalar, katta imkoniyatlar kutmoqda.
Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik: biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qoʻrqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz.
Barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, yakdil va ahil boʻlib harakat qilsak, halol-pok boʻlib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz.
Bu yoʻlda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar boʻlmasin, barchasini mardona yengib oʻtishga tayyormiz. Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning oʻzi, buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari madadkor boʻladi, deb ishonaman.
Men sizlarning timsolingizda, butun xalqimiz, navqiron oʻgʻil-qizlarimiz timsolida oldimizga qoʻygan olamshumul maqsadlar yoʻlida oʻzini ayamasdan, fidokorona mehnat qilayotgan, qalbimga yaqin, samimiy insonlarni koʻraman. Bugungi Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishda, avvalo, mehnatkash va bagʻrikeng xalqimizga hamda uning munosib vakillari boʻlgan sizlarga ishonaman va tayanaman.
Yana bir bor barchangizga sihat-salomatlik, cheksiz kuch-gʻayrat, yutuq va omadlar, oilaviy baxt va saodat tilayman.
Doimo sogʻ-omon boʻling!
Katta rahmat sizlarga!