24.01.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarga eʼtibor qaratdi:
“Bu borada 30-iyul – “Xalqaro doʻstlik kuni” munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Doʻstlik haftaligi”ni va “Doʻstlik” xalqaro forum-festivalini oʻtkazishni taklif etaman.
Mamlakatimizda “jaholatga qarshi – maʼrifat” degan ezgu gʻoya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va doʻstlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targʻib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri boʻlib qoladi.
Joriy yilda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiy hayoti, ilmiy merosiga bagʻishlangan hamda diniy bagʻrikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.
Imom Buxoriy bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu moʻtabar zotning musulmon dunyosidagi ulugʻ maqomiga mos ravishda mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish ishlarini ham boshlaymiz.
Shuningdek, buyuk alloma Bahovuddin Naqshband bobomizning 700-yillik tavallud ayyomini yuqori saviyada oʻtkazishimiz kerak.
Sizlarga maʼlumki, keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan insonparvar siyosat tufayli toʻgʻri yoʻldan adashgan, bilib-bilmay xatoga qoʻl urgan fuqarolarni sogʻlom hayotga qaytarish boʻyicha, muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda ham diniy ekstremistik yoʻlga kirib qolganidan chin dildan pushaymon boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etish, ularni jamiyatga moslashtirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.
Jahonda shiddat bilan oʻzgarayotgan notinch va murakkab vaziyat, turli mojarolar jonajon Vatanimiz xavfsizligini, el-yurtimizning osoyishta hayotini taʼminlash hamda mavjud tahdid va xatarlarga munosib javob berishga doim tayyor turishimizni taqozo etmoqda.
Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining yaqinda oʻtkazilgan majlisida bu boradagi ustuvor vazifalar va amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldik. Qurolli Kuchlarimiz ushbu vazifalarni samarali ado etadi deb ishonaman.
Biz Oʻzbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng koʻlamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat kursini davom ettiramiz.
Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va koʻp qirrali sheriklikni yanada kuchaytiramiz.
Bu borada quyidagi ustuvor jihatlarga sizlarning diqqatingizni qaratmoqchiman.
Birinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.
Ikkinchidan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.
Uchinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida, koʻp tomonlama hamkorlikni jadallashtirishni davom ettirishimiz zarur.
Orol muammosini hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan tuzilgan Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondiga katta ishonch bilan qaraymiz.
Biz Oʻzbekistonning 2021-2023-yillar mobaynida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlishi masalasini izchil ilgari surish niyatidamiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqishni taklif etgan edik.
Joriy yilda Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini yoshlar huquqlariga bagʻishlab oʻtkazish va unda ushbu konvensiya loyihasini muhokama etishni taklif qilaman.
Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyani qabul qilishni ham tezlashtirishimiz kerak.
Toʻrtinchidan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida faoliyatimiz samarasini yanada oshirishimiz zarur.
Oʻzbekistonning 2020-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raislik qilishi biz uchun tarixiy ahamiyatga ega.
Biz Hamdoʻstlikda savdo-iqtisodiy va transport-tranzit sohalarida hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlarning amaliy natijadorligini oshirish va aʼzo davlatlar oʻrtasida gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun barcha salohiyat va imkoniyatlarni ishga solamiz.
Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi.
Bundan tashqari, joriy yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Osiyo mamlakatlari bilan oliy darajadagi ikki va koʻp tomonlama tadbirlar oʻtkazilishi kutilmoqda.
Tashriflar doirasida mamlakatimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalar va dasturlar qabul qilinishi koʻzda tutilgan.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasi bilan hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan mamlakatimizdagi xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillariga oʻzimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Hurmatli vatandoshlar, aziz mehmonlar!
2020-yilda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanadi.
Bizning mard, yengilmas va olijanob xalqimiz buyuk Gʻalabani taʼminlashga beqiyos hissa qoʻshgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.
Jami 1,5 milliondan ziyod Oʻzbekiston farzandlari bu qonli urushda tinchlik va ozodlik uchun mardona jang qilgani, ularning har uch nafaridan biri oʻz yaqinlari bagʻriga qaytmagani, el-yurtimizning front ortida koʻrsatgan jasoratini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Biz urush va front orti faxriylarini faqatgina bayramlarda emas, balki har doim eʼzozlab ardoqlashimiz, ularning sogʻligi haqida har kuni, har soatda oʻylashimiz lozim.
Joriy yilda ularga har tomonlama eʼtibor yanada kuchaytiriladi.
Jumladan, mamlakatimizning eng yaxshi sanatoriylarida ularning salomatligini tiklash uchun qulay sharoitlar yaratamiz.
Urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan haqiqiy jasorat va matonatni – kino, teatr sanʼati, badiiy-publitsistik asarlar, ilmiy tadqiqotlar orqali koʻrsatish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizga taʼsirchan tarzda yetkazish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida muhtasham “Gʻalaba bogʻi” bunyod etilmoqda.
Xotira va qadrlash kuni va Gʻalabaning 75 yilligini har tomonlama munosib va yuqori saviyada nishonlash uchun tayyorgarlik ishlarini puxta tashkil etishimiz kerak.
Muhtaram yurtdoshlar!
Biz bundan uch yil oldin mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida buyuk ishlarni boshlaganmiz.
Xalqimizning aql-zakovati, kuch-qudrati va salohiyatiga tayanib, biz dastlabki, lekin oʻta muhim va salmoqli natijalarga erishmoqdamiz.
Endi ana shu yutuqlarimizni mustahkamlab, yanada dadil va ulkan qadamlar tashlashimiz shart.
Chunki yurtimizdagi islohot va oʻzgarishlar jarayoni ortga qaytmaydigan va hal qiluvchi pallaga kirmoqda.
Natijadorlik hammamiz uchun bosh talab, asosiy mezonga aylanmoqda. Bu borada 2020-yil barchamiz uchun alohida sinov va masʼuliyat yili boʻladi.
Endi kechagi yutuq va marralar bizni sira qoniqtirmaydi. Nega deganda, bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Amaliy natija bilan mustahkamlangan, oʻz mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib boradi. Va bunday islohotni, bunday shiddatli jarayonni hech kim, hech qanday kuch toʻxtata olmaydi.
Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun oʻz hayotida his etishi kerak.
Buning uchun barcha boʻgʻindagi rahbarlar foizlar, raqamlar, qogʻozning ortidan quvmasdan, har bir fuqaro uchun, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun ishlashi shart.
Shunda nuroniy keksalarimiz, muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, hurmatli ayollarimiz, aziz farzandlarimiz, jajji nabiralarimiz, koʻpmillatli butun xalqimiz bizdan rozi boʻladi.
Bugungi Murojaatnomada bayon qilingan har bir maqsad va vazifaga, ularni amalga oshirishga aynan shu nuqtayi nazardan yondashsak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
Vazirlar Mahkamasi hudud rahbarlari bilan birgalikda, Murojaatnomada belgilab berilgan barcha vazifalar ijrosini soʻzsiz taʼminlab, har chorakda Oliy Majlis oldida hisobot berishi zarur.
Prezident Administratsiyasi va Hukumat Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda, 20 kun muddatda 2020-yilga moʻljallangan davlat dasturi loyihasini puxta tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin.
Shu oʻrinda, yana bir muhim masalaga alohida eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Oʻtgan 3 yil mobaynida Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratildi.
Bundan keyin ham “toʻrtinchi hokimiyat” vakillarining erkin va xolis faoliyat yuritishlari, respublikamizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni xalqimiz va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq-oydin yoritishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratamiz.
Joylardagi muammo va kamchiliklarni roʻy-rost ochib berish, ularni haqqoniy yoritishlarida men professional jurnalistlarni hamisha va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorman.
* * * *
Aziz doʻstlar!
Imom Buxoriy bobomiz oʻz kitoblarida keltirgan muborak hadisda aytilganidek, “Barcha amallar niyatga qarab boʻladi”.
Darhaqiqat, pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar albatta ijobat boʻladi.
Bugun biz ham tanti, sabr-qanoatli va mehnatkash xalqimiz bilan birga ulugʻ maqsadlarni belgilab, marrani baland olmoqdamiz.
Oldinda bizni ulkan vazifalar, katta imkoniyatlar kutmoqda.
Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik: biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz.
Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qoʻrqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli buyuk xalqmiz.
Barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, yakdil va ahil boʻlib harakat qilsak, halol-pok boʻlib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tarixning yangi sahifasini yaratishga qodirmiz.
Bu yoʻlda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar boʻlmasin, barchasini mardona yengib oʻtishga tayyormiz.
Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning oʻzi, buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari madadkor boʻladi, deb ishonaman.
Men sizlarning timsolingizda, butun xalqimiz, navqiron oʻgʻil-qizlarimiz timsolida, oldimizga qoʻygan olamshumul maqsadlar yoʻlida oʻzini ayamasdan, fidokorona mehnat qilayotgan, qalbimga yaqin, samimiy insonlarni koʻraman.
Bugungi Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishda, avvalo, mehnatkash va bagʻrikeng xalqimizga, hamda ularning vakillari boʻlgan sizlarga ishonaman va tayanaman.
Yana bir bor barchangizga sihat-salomatlik, cheksiz kuch-gʻayrat, yutuq va omadlar, oilaviy baxt va saodat tilayman.
Doimo sogʻ-omon boʻling!
Katta rahmat sizlarga!”
Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlamantga navbatdagi Murojaatnomasi yakunlandi.