20.03.2017
O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘llagan.
Rossiya Prezidentining qutlovida bunday deyiladi: "O‘tgan yillarda Rossiya – O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Keng qamrovli siyosiy muloqotlar, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar va boshqa sohalardagi samarali hamkorlik faol rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan izchil hamkorlik qilib kelmoqda.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Rossiya va O‘zbekiston xalqlari farovonligi, Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida o‘zaro munosabatlarning barcha jihatlarini yanada rivojlantirishimizga ishonchim komil".
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qutlovida "O‘tgan tarixiy davrda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi serqirra va ko‘p tomonlama munosabatlar rivojida salmoqli natijalarga erishilgan"i mamnuniyat bilan ta’kidlangan.
Davlatimiz rahbarining qutlovida ta’kidlanganidek, "Bugungi kunda Rossiya O‘zbekistonning yirik savdo va investitsiyaviy hamkori hisoblanadi. Neft-gaz kompleksi, mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, to‘qimachilik, farmatsevtika va oziq-ovqat tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar birgalikda amalga oshirilmoqda va yangi loyihalar tayyorlanmoqda. Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida bevosita aloqalar rivojlanmoqda".
Prezidentimiz "Moskvada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvimiz O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimizni har tomonlama mustahkamlash va yanada rivojlantirishga xizmat qiladi", deb ishonch bildirgan.