24.01.2020
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev parlamentga Murojaatnomasida ijtimoiy masalalarga ham alohida ahamiyat qaratdi:
“Oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash boʻyicha olib borayotgan keng koʻlamli ijtimoiy islohotlarni davom ettiramiz.
Buning uchun, birinchidan, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan biri boʻlib qoladi.
Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas.
Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud.
Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu yerda gap kichkina raqamlar emas, balki 4-5 million aholimiz vakillari haqida ketayapti.
Baʼzi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini toʻlash yoki ular miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal qilish mumkin, deb oʻylaydi.
Bu – bir tomonlama yondashuv boʻlib, muammoni toʻla yechish imkonini bermaydi.
Kambagʻallikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish.
Shuning uchun, Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rivojlanish Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambagʻallikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif qilaman.
Bunda xalqaro meʼyorlar asosida chuqur oʻrganishlar oʻtkazib, kambagʻallik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish lozim.
Shuningdek, Fargʻona vodiysining 22 ta qishloq tumanlarida aholida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etishimiz kerak.
Joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarur.
Ushbu maqsadda aholi va tadbirkorlarga, mikro-moliya xizmatlari va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yoʻl ochib beriladi.
Bunday choralar orqali odamlarimizda tadbirkor boʻlishga ishtiyoq va ishonch ortadi, ular koʻproq daromad olishga intiladi.
Shu bilan birga, hamma ham tadbirkor boʻla olmaydi. Shu sababli bunday odamlar bilan tizimli ishlab, ularni kasbga qayta tayyorlash orqali munosib ish joyi bilan taʼminlash lozim.
Ushbu maqsadlar uchun 700 million dollar jalb qilinadi.
Biz yangi ish oʻrinlarini yaratadigan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz, taʼbir joiz boʻlsa, ularni yelkamizda koʻtarishimiz kerak.
Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ijtimoiy tadbirkorlik asoslari va uni ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshiriladi.
Shuningdek, Hukumat joriy yilda davlat dasturlari doirasida hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 500 mingta yangi ish oʻrinlari yaratishni taʼminlashi zarur.
Alohida taʼkidlamoqchiman, har bir tarmoq, soha, viloyat va tumanda yaratilgan tadbirkorlik subyektlari va yangi ish oʻrinlari shu hududlar rahbarlari faoliyatini baholashda eng asosiy mezon boʻladi.
Yil davomida byudjet tizimi xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflyatsiyadan yuqori miqdorda oshiriladi.
Ijtimoiy nafaqa toʻlashning mukammal tizimini joriy etish, jumladan, kam taʼminlangan oilalarga koʻmak koʻrsatish qamrovini kengaytirish, byudjet mablagʻlari maqsadli sarflanishini taʼminlash zarur.
Shuningdek, nafaqa tayinlashdagi mezonlarni qayta koʻrib chiqish va uni belgilashda ochiq va adolatli tizimni yaratish, bu borada mahallaning ishtirokini tanqidiy qayta koʻrib chiqish lozim.
Umuman olganda, aholi ijtimoiy nafaqa boʻyicha bitta idoraga murojaat qilganidan keyin, oʻsha idoraning oʻzi bir kunda hamma hujjatlarni tayyorlab, masalaning yechimini topishi kerak.
Fuqarolarimiz pensiyaga chiqishi uchun faqat pasporti bilan murojaat qilishi kifoya boʻladigan tizim yaratiladi.
Buning uchun, birinchi navbatda, davlat arxivi tizimi elektron shaklga oʻtkazilishi kerak.
Joriy yilda keksalar, jumladan, yolgʻiz keksalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaxlit va taʼsirchan tizim yaratish zarur.
Ular uchun ajratilayotgan ijtimoiy toʻlovlar miqdori ham, qayta koʻrib chiqilishi kerak.
“Mehribonlik uylari”da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish bilan, kelajakda uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish zarur.
Chunki, bunday farzandlarimiz ularning gʻamxoʻri, mehriboni, ortidagi suyanchi davlat va jamiyat ekanini doimo qalbdan his qilib turishi shart.
Nogironlik, dafn marosimi, boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha nafaqalar, ish paytida mayib boʻlganlik uchun tovon puli kabi toʻlovlarni qayta koʻrib chiqib, “Ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqish zarur.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqishi, yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilashi lozim.
Ikkinchidan, sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha islohotlarimizni ham qatʼiyat bilan davom ettiramiz.
Shifokorlarning jamiyatdagi oʻrni va maqomini kuchaytirish, ularga nisbatan xalqimiz hurmatini oshirish, munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadini koʻpaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrishimiz lozim.
Davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobar koʻp yoki qariyb 1,5 trillion soʻm ajratiladi.
281 ta tibbiyot muassasasini qurish va taʼmirlashga byudjetdan 1,1 trillion soʻm sarflanadi.
Shuningdek, 17 ta ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasini boshqarishda zamonaviy menejmentni joriy etish zarur.
Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sogʻlom raqobatni kuchaytirish, birinchi navbatda, ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga xorijiy investorlarni jalb etish choralarini koʻrish zarur.
Gematologik va virusologik yordam sifatini oshirish, bu turdagi davolash qiyin boʻlgan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatishni tubdan isloh qilish vaqti keldi.
Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablagʻlarni koʻpaytirishimiz zarur.
Ixtisoslashgan markazlar va ularning filiallarida, shuningdek, Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida shu yil elektron tibbiy kartalarni joriy etish lozim.
Sogʻliqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida bu yil majburiy tibbiy sugʻurtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish boʻyicha barcha tashkiliy choralarni ishlab chiqish lozim.
Ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanadi.
Dori vositalari harakatini nazorat qilish, kontrafakt mahsulotlar aylanishiga chek qoʻyish va dorilarning real narxini “onlayn” tartibida kuzatib borish tizimini yaratish ham dolzarb vazifalardandir.
Uchinchidan, biz bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga koʻtaramiz.
2020-yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratamiz.
Bundan tashqari, 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab beriladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa oʻquv kurslarida oʻqitish tashkil etiladi.
Mamlakatimizdagi tub oʻzgarishlar, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishni kun tartibiga qoʻymoqda.
Yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash boʻyicha yagona koʻrsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksini joriy etish kerak.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi “Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasini ishlab chiqishi, unda maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi lozim.
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda hech kim chetda turmasligi, “Oʻz bolangizni, oʻz uyingizni, oʻz Vataningizni koʻz qorachigʻidek asrang!” degan shior odamlarimiz qalbidan chuqur joy olishi zarur.
Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit va qizlarimizning maʼnaviy va maʼrifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali ahamiyatga ega.
Shu bois, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan dasturiy gʻoya asosida yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish – oʻta sharafli vazifa.
Yoshlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasidan boshlangan yangi tashabbusimizni butun mamlakatimiz boʻyicha amalga oshiramiz.
Men viloyat rahbarlarini, joylardagi barcha jamoatchilikni ushbu masalaga jiddiy eʼtibor berishga chaqiraman.
Toʻrtinchidan, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish kerak.
Bu borada hududlarda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz uchun yangi ommaviy sport obyektlarini qurish zarur.
Bu yil 269 ta futbol, voleybol, basketbol va badminton maydonlari, 178 ta boks, kurash, fitnes va gimnastika sport zallari, 32 ta tennis korti qurish boʻyicha salkam 500 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshiriladi.
Yoshlar orasida iqtidorli sportchilarni seleksiya qilishning “tashkilot – tuman (shahar) – hudud – respublika” bosqichlaridan iborat toʻrt bosqichli tizimi joriy etiladi.
Bu yil Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiada va Paralimpiada oʻyinlarida sportchilarimiz munosib ishtirok etishi uchun Hukumat va Milliy olimpiya qoʻmitasi barcha sharoitlarni yaratishlari zarur.
Beshinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga eʼtiborni kuchaytirishimiz kerak.
Avvalo, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish boʻyicha boshlagan misli koʻrilmagan ishlarimizni davom ettirib, dengizning qurigan tubida oʻrmonzorlarni kengaytirish, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etishimiz lozim.
Ishlab chiqarish jarayonini ekologik nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ekologik audit oʻtkazish tartibini qayta koʻrib chiqib, xususiy auditorlik faoliyatini jonlantirish ham muhim vazifadir.
Hukumat sanoat rivojlanishining ekologiyaga taʼsirining oldini olish boʻyicha 2025-yilgacha moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin.
Shuningdek, nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, joriy yil 1-oktyabrga qadar Ekologiya kodeksi loyihasini ishlab chiqishi lozim.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari har bir hudud va korxona boʻyicha ekologiyani yaxshilash, chiqindilarga doir ishlar yuzasidan dasturlarni ishlab chiqishi va ijrosini taʼminlashi shart.
Oltinchidan, madaniyat va sanʼat muassasalariga alohida eʼtibor qaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻrish zarur.
Joriy yilda byudjet mablagʻlari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat obyektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bogʻlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurishni taʼminlash lozim.
Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlari ishlab chiqarishni moliyalashtirish takomillashtiriladi.
Shu bois, Kinematografiyani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini hamda “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqishimiz lozim.
Bundan tashqari, bu yil madaniy hayotimizdagi muhim voqea – Shahrisabz shahrida Ikkinchi xalqaro Maqom festivalini muvaffaqiyatli oʻtkazishimiz kerak.
Shuningdek, 2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalini baland koʻtarib chiqqan alloma va adib Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavallud sanasini keng nishonlanadi.
Umuman, biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak.
Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz.
Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.