24.01.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2019-yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da salmoqli natijalarga erishilganini taʼkidladi:
"Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida, investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan – mana shu raqamga eʼtiboringizni qaratmoqchiman – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʻsdi.
Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yoʻl qurilishi, qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi.
Sanoatning 12 ta yetakchi tarmogʻida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda.
Natijada oʻtgan yili iqtisodiy oʻsish 5,6 foizni tashkil etdi.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga koʻpaydi.
Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019-yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.
Qishloq xoʻjaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi oʻrganish va izlanishlarimiz davom etmoqda. Sohaga ilgʻor texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga, barcha imkoniyatlarimizni safarbar etayapmiz.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobarga kamaytirildi. Natijada, rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga koʻpaydi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan oʻtgan yili soliq toʻlovchilar ixtiyorida 2 trillion soʻm qoldi.
Joriy yilda bu raqam 11 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.
Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablagʻ qolishi, albatta ularga oʻz bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Islohotlarimiz natijasida oʻtgan yili 93 mingta yoki 2018-yilga nisbatan qariyb 2 barobar koʻp yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pogʻona koʻtarilib, biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-oʻrinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida oʻtgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.
Bu 2016-yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar koʻp demakdir.
Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida, oʻtgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bogʻchalari tashkil etildi.
Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga koʻtarildi.
2019-yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta ijod maktabi ish boshladi.
Oliy taʼlimni rivojlantirish uchun oʻtgan yili 19 ta yangi oliy oʻquv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiali ochildi.
Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Oliy taʼlim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016-yilga nisbatan 2 barobar koʻp talaba oʻqishga qabul qilindi.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani toʻliq toʻlash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar koʻpaytirildi.
Sogʻliqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda, xususiy tibbiyot yoʻnalishi ham jadal rivojlanmoqda.
Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga koʻpaytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli oʻtgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Bunga 6,1 trillion soʻm yoki 2018-yilga nisbatan 1,5 trillion soʻm koʻp mablagʻ sarflandi.
Qishloq joylarida 17 ming 100 ta, shaharlarda 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016-yilga nisbatan salkam 3 barobar koʻp arzon va shinam uylar qurildi.
Kam taʼminlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard soʻmdan ziyod boshlangʻich badal toʻlab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda.
Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.
Berilgan bunday baho, barchamizga cheksiz gʻurur, iftixor va kuch bagʻishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi, desam, oʻylaymanki sizlar ham, bu fikrni qoʻllab-quvvatlaysizlar".
Murojaatnoma davom etmoqda.