24.01.2020
Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasi boshlandi.
Mamlakatimiz siyosiy hayotida yangilik boʻlgan bunday tadbir ilk bor 2017-yil 22-dekabrda oʻtkazilgan edi. 2018-yilning 28-dekabrida esa ikkinchi Murojaatnoma taqdim etildi. Mazkur dasturiy maʼruzalar chuqur mazmun va katta ahamiyatga egaligi, barcha sohalarga aloqadorligi bilan xalqimizda va hamkor mamlakatlarda katta qiziqish uygʻotgandi.
Bu galgi Murojaatnomada ham oʻtgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, joriy va kelgusi yillarga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar, davlatimiz ichki va tashqi siyosati uchun asosiy vazifalar bayon etilib, dolzarb qonunchilik tashabbuslari ilgari surilishi kutilmoqda. Shuningdek, muayyan sohani rivojlantirishni belgilab beradigan yil nomi ham eʼlon qilinishi koʻzda tutilgan.
Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat, vazirlik va idoralar rahbarlari, turli soha vakillari ishtirok etmoqda.
Murojaatnomani toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali joylardan millionlab yurtdoshlarimiz kuzatib bormoqda. Tadbir “Oʻzbekiston 24”, “Oʻzbekiston”, “Yoshlar” va “Mahalla” teleradiokanallari, “Madaniyat va maʼrifat”, “Toshkent”, “Dunyo boʻylab”, “Oʻzbekiston tarixi”, “Oilaviy” telekanallari, shuningdek, hududiy va nodavlat telekanallar orqali jonli tarzda namoyish etilmoqda.
Murojaatnoma matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi. Tadbir tafsilotlari davlatimiz rahbarining rasmiy sahifalarida onlayn yoritiladi.