21.01.2020
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida Bosh vazir nomzodi hamda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi koʻrib chiqilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan tasdiqlanadigan hukumat oldida turgan asosiy vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.
Qishloq xoʻjaligida meva-sabzavotchilik va chorvachilik asosiy “lokomotivlar” boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini keyingi besh yillikda 2,5 baravarga oshirish vazifasi ham turibdi.
Suv resurslari kamayib borayotgan sharoitda kelgusi besh yilda sugʻoriladigan yerlarning kamida 30 foiziga tomchilatib sugʻorish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish orqali suv inshootlarining ekspluatatsiya va investitsiya xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun neft-gaz va energetika tarmogʻidagi muammolarni hal etish lozimligini taʼkidladi.
– Hukumat bu sohalarni transformatsiya qilish, ularga xususiy sektorni faol jalb etish, hisob-kitobni joy-joyiga qoʻyish orqali ortiqcha yoʻqotishlarni toʻliq qisqartirish va talon-torojliklarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrishi zarur. Neft-gaz sohasida 2025-yilda yoqilgʻi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 5,2 million tonnaga oshirish, shundan 4,1 milliard dollarlik 5 ta obyektni bu yil ishga tushirish kerak. Keyingi besh yillikda elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamida 80 milliard kilovatt-soatga yetkazish, shundan kamida 20 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga taʼminlash talab etiladi, – dedi Prezident.
Chuqur tarkibiy oʻzgarishlar va yirik investitsiya loyihalari hisobiga togʻ-kon sanoatida mahsulotlar hajmini 2025-yilgacha 1,5 barobargacha, qurilish materiallari ishlab chiqarishni 3 karra koʻpaytirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Toʻqimachilik va charm-poyafzal sohalariga toʻxtalar ekan, Prezidentimiz bu tarmoqlarda mahalliy xomashyoni toʻliq qayta ishlab, 2025-yilgacha 8 milliard dollarlik eksportni taʼminlash masalasiga alohida urgʻu berdi.
Yuqori texnologiyalar asosida elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish, maishiy texnika va sanoat elektr uskunalari, kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish lozimligi qayd etildi.
Avtomobilsozlik sanoatida 2023-yilgacha yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 360 ming donaga yetkazish, shundan kamida 100 ming donasini xorijga eksport qilish soha masʼullari uchun asosiy marra boʻladi.
Kimyo sanoati quvvatlarini modernizatsiya qilish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yangi yirik loyihalarni amalga oshirish talab etiladi.
Farmatsevtika sohasida keyingi besh yilda mahalliy dori vositalari hajmining ichki bozordagi ulushini 45 foizdan 70 foizgacha oshirish va eksportni 100 million dollarga yetkazish topshirigʻi belgilandi.
Xorijiy turistlar sonini 12 million nafardan oʻtkazish uchun infratuzilmalarni yaxshilash, mehmonxonalarni koʻpaytirish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini yuksaltirish zarurligi taʼkidlandi.
– Barcha rejalarni roʻyobga chiqarish hisobiga ishsizlikni 7 foizgacha kamaytirib, yiliga kamida 500 mingta ish oʻrni yaratish, aholi daromadini 2 baravar oshirish yangi hukumat oldidagi muhim vazifa boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini 76 yoshga yetkazish, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini joriy etish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.