20.01.2020
Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!
Qadrli majlis ishtirokchilari!
Avvalo, sizlarni xalqimiz ishonchiga sazovor boʻlib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati degan yuksak maqomga ega boʻlganingiz bilan, chin dildan muborakbod etaman.
Parlament va mahalliy kengashlarga oʻtkazilgan saylovlar, Oʻzbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon boʻldi. Xalqimiz bu sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Tabiiy savol tugʻiladi, bu saylovlarning asosiy xususiyatlari avvalo nimalarda namoyon boʻldi?
Birinchidan, saylovlar xalqimizning ongu tafakkuri, siyosiy bilimi va madaniyati oʻsib, jamiyatimizda demokratik tamoyillar ildam qadamlar bilan chuqur qaror topib borayotganini yaqqol namoyon etdi. Ushbu saylovlar xalqaro talab va standartlarga toʻliq javob beradigan yangi Saylov kodeksi asosida, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgani bu borada muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Bizning amaliyotimizda birinchi marta saylov jarayonlarini boshqarish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron roʻyxati joriy etildi.
Fuqarolarning saylovda qatnashishiga oid konstitutsiyaviy huquqini taʼminlash maqsadida, ozodlikdan mahrum etilgan, biroq ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratildi.
Eng muhimi, saylovlar ochiqlik, oshkoralik va halollik tamoyili asosida hamda keskin kurashlar ostida oʻtkazildi. Ularni 70 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar hamda 10 ta xalqaro tashkilot, 50 ga yaqin xorijiy davlatning 825 nafar kuzatuvchisi, xalqaro va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining 1 ming 155 nafar vakili kuzatib bordi.
Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!
Qizgʻin siyosiy kurashlar ostida oʻtgan saylovlar natijasida yangi parlament quyi palatasi deputatlarining tarkibi shakllandi. Ularning 48 nafarini ayollar, 9 nafarini yoshlar tashkil etmoqda. Bu – yosh avlod va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borayotgan islohotlarimiz samarasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Sizlarning orangizda avvalgi chaqiriq parlamentimizda samarali faoliyat koʻrsatgan, xalq oʻrtasida tanilgan, saylovchilar yana bir bor ishonch bildirgan tajribali 39 nafar deputatlarimiz ham borligi alohida ahamiyatga ega.
Fursatdan foydalanib, Qonunchilik palatasining avvalgi tarkibida ish olib borgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim qonunlar qabul qilishga hissa qoʻshgan barcha deputatlarimizga minnatdorchilik bildirib, ularga sihat-salomatlik, yangi muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.
Bugun ushbu zalda oʻtirgan siz, muhtaram deputatlarning ayrimlarini shaxsan taniyman. Koʻpchiligingizni esa televideniye, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlaringiz orqali yaxshi bilaman. Sizlar parlamentimiz hayotiga albatta yangi ruh va mazmun olib kirasizlar, deb ishonaman.
Aziz doʻstlar!
Maʼlumki, boʻlib oʻtgan saylovda beshta partiyadan koʻrsatilgan nomzodlar sogʻlom siyosiy raqobat muhitida kurash olib bordi. Jonli teleefirdagi debatlarda partiyalar tomonidan boshqa partiyalar dasturi jiddiy tahlil qilindi, ochiq tanqidlar ham boʻldi, dolzarb masalalar boʻyicha qarama-qarshi yondashuvlar ilgari surildi.
Oʻzingiz ayting, oldingi Parlament saylovlarida mana shunday siyosiy jarayonni – yutuqni yutuq, kamchilikni kamchilik deb ochiq ayta oladigan muhitni tasavvur qila olarmidik?
Ayni vaqtda, tan olish kerak, saylov jarayonida partiyalar tomonidan chuqur asoslanmagan ayrim takliflar ham bildirildi. Tabiiyki, ular fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Deputatlikka nomzodlarning joylarda saylovchilar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarida, ommaviy axborot vositalarida bildirilgan, ijtimoiy ahamiyatga ega fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar, koʻtarilgan savol va muammolar – bularning barchasi albatta eʼtiborga loyiq. Ular parlament va hukumat uchun kelgusi besh yillik faoliyat dasturiga aylanishi lozim.
Taʼkidlash kerakki, bu saylovlar aholining siyosiy faolligini yuksaltirib, xalqimizning partiyalarga nisbatan ishonchi bilan birga, talabchanligini ham kuchaytirdi. Bu, oʻz navbatida, nomzodlar saviyasini oshirish va saylovchilar bilan tizimli ish olib borish boʻyicha partiyalar oldida yechimini kutayotgan bir qator masalalar mavjudligini koʻrsatadi.
Eng muhimi, partiyalar oʻrtasidagi siyosiy raqobat soxta obroʻ orttirishga emas, balki xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishi zarur. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim.
Maʼlumki, saylovoldi tashviqotlarida siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni hal qilish boʻyicha koʻplab vaʼdalar berildi. Xalqimiz ana shu vaʼdalarning amalda bajarilishini kutmoqda.
Har bir deputat besh yil davomida oʻz soʻzining ustidan toʻliq chiqishi, partiyasining obroʻsini saqlashi uchun bugundan boshlab jiddiy harakat boshlashi kerak. Sizlar alohida “Yoʻl xaritasi”ni tuzib, saylov vaqtida bildirgan barcha-barcha tashabbuslaringizni yaxlit tizimga solib, ishni puxta tashkil etsangiz, oʻylaymanki, bu xalqimizga va saylovchilaringizga juda maʼqul boʻladi.
Endi “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar – yangi parlament” degan ustuvor gʻoya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyilmoqda.
Siyosiy partiyalarning quyi palatadagi fraksiyalari oʻzlarining istiqbol rejalarini aniq belgilab oladi va ularni toʻliq amalga oshiradi, deb ishonaman.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Saylov natijalarining tahlili saylov kampaniyasi davrida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganini ham koʻrsatdi. Masalan, Toshkent shahrida saylovchilar ishtiroki boshqa hududlarga nisbatan pastligi kuzatildi. Bu esa, koʻpchilik yirik shaharlar aholisiga xos tendensiyadir. Ayni vaqtda mazkur holat siyosiy partiyalar saylovchilar bilan yetarli ish olib bormayotgani, ularning gʻoya va dasturlari elektorat ichiga toʻliq kirib bormayotganidan ham dalolat beradi.
Afsuski, bir kishi tomonidan bir necha saylovchi oʻrniga ovoz berishga urinish holatlari oz boʻlsa ham uchradi. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati tizimi bilan ishlashda ham kamchiliklar koʻzga tashlandi.
Mashhur davlat va siyosat arbobi Teodor Ruzvelt aytganidek, “Faqat hech qanday ish qilmaydigan odamgina xato qilmasligi mumkin. Xato qilishdan qoʻrqish kerak emas, balki ana shu xatoni takrorlashdan qoʻrqish kerak”.
Shuning uchun yangi saylangan deputatlarimiz hozirgina zikr etilgan muammolarni atroflicha tahlil qilib, yoʻl qoʻyilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish ustida hozirdan boshlab jiddiy oʻylashlari lozim. Bu, bir tomondan, ular aʼzo boʻlgan siyosiy partiyalarning faoliyatini kuchaytirishga, ikkinchi tomondan esa, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Albatta, saylov jarayonidagi har bir qonun buzish holati boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli choralar koʻrildi va koʻriladi. Ayni vaqtda milliy saylov tizimimizni tashkiliy-huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish boʻyicha ham zarur ishlarni amalga oshirishimiz kerak.
Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayoni bilan bogʻliq muammolarni oʻrganib, joriy yilda xalqaro ekspertlar ishtirokida forum oʻtkazish haqidagi taklifini toʻla qoʻllab-quvvatlaymiz. Shu bilan birga, parlament aʼzolari ham bu jarayonda faol qatnashib, milliy saylov tizimimizni yanada takomillashtirish maqsadida mahalliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili muntazam ravishda turli forumlar oʻtkazib borsa, oʻylaymanki, bundan ishimizga faqat foyda boʻladi.
Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar tahlili ham saylov komissiyasi aʼzolari va saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish lozimligini koʻrsatmoqda. Ana shunday taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman.
Shuningdek, xorijiy kuzatuvchilar tomonidan bayon etilgan saylovni moliyalashtirish manbalarini kengaytirishga doir tavsiya boʻyicha parlament oʻz munosabatini bildirishi lozim.
Parlamentga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha komissiya tuzib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni tavsiya etaman. Mazkur komissiya xalqaro tashkilotlar va kuzatuvchilarning taklif va tavsiyalarini chuqur oʻrganib, milliy qonunchiligimiz hamda saylov jarayonini takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalarni ishlab chiqishi lozim.
Vazirlar Mahkamasi va Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilarning yagona elektron roʻyxati tizimining samarali ishlashi uchun zarur choralarni koʻrish topshiriladi.
Fursatdan foydalanib, saylovlarda ishtirok etgan barcha saylovchilarga, saylov uchastkalari va okruglari aʼzolariga, noyob tizim – mahallalar faollariga, ertangi kunga befarq boʻlmagan fuqarolarimizga, butun xalqimizga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilar, mahalliy va xorijiy jurnalistlarga ham samimiy tashakkur izhor etaman.
Muhtaram xalq vakillari!
Mana, hozirgina Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga asosan Qonunchilik palatasining yangi Spikeri lavozimiga deputat Nurdinjon Muydinxonovich Ismoilov saylandi.
Avvalo shuni taʼkidlash kerakki, bu rahbar koʻp yillar davomida qonun ijodkorligi sohasida va huquqni muhofaza qilish idoralarida faoliyat koʻrsatgan. Yetarli ish va hayot tajribasiga ega. U kishi milliy parlamentimiz taraqqiyotining dastlabki bosqichlaridan boshlab uning rivojiga katta hissa qoʻshgan rahbarlardan hisoblanadi.
Spikerning mehnat faoliyatiga nazar tashlasak, u davlat va xalq manfaatlarini taʼminlash yoʻlida oʻzining bor bilimi va tajribasi, kuch-gʻayratini safarbar etib kelayotganini koʻramiz.
Shuningdek, bugun Qonunchilik palatasi Spikerining yangi taʼsis etilgan birinchi oʻrinbosari lavozimiga deputat Akmal Xolmatovich Saidov saylandi. Qonunchilik palatasida bu yangi lavozimni taʼsis etish haqidagi qaror oʻz vaqtida va toʻgʻri qabul qilingan deb hisoblayman.
Ayni vaqtda yangi parlament instituti boʻlmish, Spikerning birinchi oʻrinbosari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat boʻlishi maqsadga muvofiqdir.
Avvalambor, birinchi oʻrinbosar Qonunchilik palatasining xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan aloqalarini rivojlantirish, xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish, Oʻzbekistonning jahon miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga koʻmaklashish, parlamentlararo diplomatiyani amalga oshirishga masʼul boʻlishi kerak.
Maʼlumki, Konstitutsiyaga muvofiq, Qonunchilik palatasining eng muhim vakolatlaridan biri – bu xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish hisoblanadi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini Hukumat tomonidan izchil bajarilishini nazorat qilish ham Spiker birinchi oʻrinbosarining asosiy vazifasi boʻlishi kerak.
Masalan, Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʻyicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yoʻlga qoʻyishi lozim.
Yana bir muhim masala – Oʻzbekiston inson huquqlariga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomalarga qoʻshilgan. Shu yoʻnalishda BMTning ustav organlarida Hukumatimiz muntazam ravishda milliy hisobotlar berib kelmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida boʻlishi kerak.
Bugungi kunda jahon parlamentarizmida ilgʻor tajriba boʻlmish, yaʼni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash amaliyoti xalqaro darajada eʼtirof etilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum. Shu bois, Spikerning birinchi oʻrinbosari tomonidan ushbu nomdagi Parlament komissiyasi faoliyatining izchil muvofiqlashtirib borilishi muhim, deb hisoblayman.
Xabaringiz bor, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament aʼzolariga haqiqiy yordamchi boʻlishi lozim.
Qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin palataning muhim vazifasi boʻlib qolishi kerak.
Spikerning birinchi oʻrinbosari lavozimiga saylangan Akmal Xolmatovich Saidovni nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik vakillari ham qonunchilik sohasida koʻzga koʻringan, uzoq yillardan buyon faoliyat olib borayotgan yirik mutaxassis sifatida yaxshi bilishadi. U mazkur lavozimda oʻzining boy bilimi, keng dunyoqarashi, professional malakasi, tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatini Vatanimiz ravnaqiga safarbar etadi, degan umiddaman.
Spikerning birinchi oʻrinbosari partiyaviylikdan xoli ravishda umumdavlat, umumxalq manfaatlari yoʻlida ish olib borishi lozim.
Shu bilan birga, bugun Spiker oʻrinbosarlari etib saylangan barcha partiyalar fraksiyalari rahbarlarini ham samimiy qutlashga ijozat etgaysizlar.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun Qonunchilik palatasi deputatlari oʻzlarining munosib rahbarlariga ega boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Xalq vakillarini jonajon Oʻzbekistonimizni taraqqiy ettirishdek ulugʻ maqsad yoʻlida birlashtirib, parlament faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishda ularga yutuq va omadlar tilaymiz.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Barchamizga yaxshi ayonki, deputatlik – bu odamdan juda katta intellektual salohiyat, tinimsiz mehnat, izlanish va masʼuliyat talab qiladigan faoliyatdir. Oʻzim ham koʻp yillar deputat boʻlib ishlaganman, bu vazifaning qanchalik ogʻir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli ish ekanini yaxshi bilaman.
Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik koʻrsatib boshqalarga oʻrnak boʻlishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uygʻoq boʻlsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uygʻoq boʻladi, butun jamiyatimiz uygʻoq boʻladi.
Bugun biz hamma sohada izlanish va oʻrganishdamiz. Izlanib yashayotgan, oʻz maqsadi sari izchil borayotgan inson va jamiyat albatta ijobiy natija hamda yutuqlarga erisha oladi.
Hozirgi kunda – Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida oldimizda oʻta dolzarb va murakkab vazifalar turibdi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun avvalo qonun ijodkorligi sohasida ishni butunlay yangicha tashkil etishimiz kerak. Bu borada ayniqsa quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Birinchidan, quyi palata har bir qonun loyihasi boʻyicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar oʻrtasidagi kurash maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylanishi zarur.
Oʻtgan besh yil davomida palata faoliyati sezilarli darajada jonlanib, 540 ta qonun yoki 2010-2014-yillarga nisbatan 2 barobar koʻp qonun loyihasi koʻrib chiqildi. Agar 2015-yilda qabul qilingan qonunlarning bor-yoʻgʻi 11 tasini yaxlit va yangi qonunlar tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 3 barobar oshib, 35 taga yetdi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bir sohaga taalluqli ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan bir nechta qonunlar oʻrniga, yagona kodeks qabul qilish amaliyoti qaror topmoqda. Jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks, Saylov kodeksi kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, oʻtgan ikki yilda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlarni qabul qilishni boshladik. Masalan, “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarda havola shaklidagi normalar oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qoidalar belgilandi.
Ayni vaqtda hayotning oʻzi, Oʻzbekistonning jadal taraqqiyoti bu boradagi faoliyatimizni yangi sifat bosqichiga olib chiqishni talab etmoqda. Jahondagi ilgʻor tajribalar asosida partiyalar oʻz siyosiy manfaatlari, oʻz elektorati manfaatlarini ifoda etadigan qonunlarni qabul qilish uchun parlamentda qizgʻin bahs olib borishlari kerak.
Buning uchun parlamentda koʻpchilikni tashkil etadigan partiya va unga muxolifatda boʻlgan partiyalar oʻrtasida sogʻlom raqobat boʻlishi lozim.
Albatta, Qonunchilik palatasida ham fraksiya oʻzini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin. Bu fraksiya qonun birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgunga qadar mazkur masala boʻyicha qonunning muqobil tahririni kiritish huquqiga ega ekani belgilangan. Lekin, tan olishimiz kerakki, bu institut shu paytgacha samarali ishlagani yoʻq.
Albatta, siz, hurmatli deputatlar tashabbus koʻrsatish uchun oʻz ustingizda muntazam ishlashingiz, har bir soha boʻyicha qabul qilingan qarorda xalq manfaatlari yoʻlida mustahkam zamin yaratishingiz kerak. Saylovchilar sizlardan tashabbus koʻrsatib, oʻz muqobil fikringizni, qatʼiy siyosiy irodangizni namoyon etishingizni kutmoqda. Chunki haqiqat bahs va tortishuvlarda tugʻiladi, degan gapda chuqur hayotiy maʼno bor.
Albatta, har bir deputat maʼlum bir sohaga oid qonunni qabul qilishda shu sohaning mutaxassisi sifatida fikr yuritishga qodir boʻlishi lozim. Chunki sizlar qabul qiladigan qonun hujjatlari millionlab odamlarning, butun xalqimizning hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Lekin bu taʼsir ijobiy ham, salbiy ham boʻlishi mumkin. Shuning uchun xalq ishonchini qozongan deputatning xato qilishga, oʻz zimmasidagi yuksak masʼuliyatni unutishga sira haqqi yoʻq.
Ikkinchidan, deputatlar muhokamaga kiritilgan har bir qonun loyihasi boʻyicha oʻzining mustahkam pozitsiyasini koʻrsatgan taqdirdagina, saylovchilar ishonchini oqlay oladi.
Oʻtgan chaqiriqda quyi palataga kiritilgan har bir qonun loyihasi boʻyicha joylarda jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Shundan soʻng 400 dan ziyod qonun loyihasidagi mingga yaqin qoidalar fuqarolarimiz bildirgan takliflar asosida takomillashtirildi. Misol uchun, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi.
Deputatlar qonunlarni “nomigagina koʻrib chiqib, bir ovozdan maʼqullash” degan eski amaliyotdan voz kechib, ularni jiddiy va batafsil muhokama qilishni oʻrganmoqda. Aholi tomonidan bildirilgan fikrlar, tanqidiy mulohazalar inobatga olinib, 16 ta qonun loyihasi rad etildi va tashabbuskor idoraga qaytarildi. Holbuki, 2010–2014-yillarda birorta ham qonun loyihasi qaytarilmagan edi.
Siz, hurmatli deputatlar, qonun loyihalarini birinchi navbatda xalq manfaatidan kelib chiqqan holda tahlil qilib, ularni tanqidiy koʻrib chiqish borasidagi ishlarni kuchaytirishingizga ishonaman.
Quyi palata aʼzolari shu paytgacha qonun loyihasining konseptual masalalaridan tashqari ularning Konstitutsiya va amaldagi qonunlarga, qonunchilik texnikasiga mosligini taʼminlash bilan ham shugʻullanib kelgan. Aslida deputatlar sifatsiz loyihalarni maromiga yetkazish bilan band boʻlmasdan, asosiy eʼtiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratishi kerak.
Shu oʻrinda qadimgi Rimning mashhur shoiri Publiliy Sirning bir fikrini eslash joiz deb bilaman. “Qonunlar kuchli boʻlgan joyda, xalq ham kuchlidir”, deb yozgan edi u.
Darhaqiqat, xalq vakillari boʻlgan deputatlar oʻz vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qatʼiyatli boʻlishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
Har bir qonunning, taʼbir joiz boʻlsa, koʻzi, oyogʻi, ijrosi boʻlishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta hayotda oʻzgarish boʻlishi kerak.
Ayni vaqtda masalaning ikkinchi tomonini ham oʻylash kerak, yaʼni parlamentga sifatsiz qonun loyihalarini kiritgani uchun avvalo tashabbuskor idoralar va Adliya vazirligining roli hamda masʼuliyatini oshirish zarur. Agar tashabbuskor idora qonun loyihasining ahamiyatini deputatlar oldida asoslab bera olmasa, Qonunchilik palatasi loyihani koʻrib chiqishni rad etishi lozim, deb hisoblayman.
Uchinchidan, quyi palata deputatlari tashabbusi asosida ishlab chiqiladigan qonunlarning salmogʻini oshirish lozim.
2015-2019-yillarda deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanishi son jihatidan oshganini taʼkidlash lozim. Xususan, 2010-2014-yillarda 37 ta qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokamaga kiritilgan boʻlsa, oʻtgan chaqiriqda bu koʻrsatkich 2,5 barobar oshib, 88 taga yetdi. Biroq, bunday qonun loyihalarining salmogʻi quyi palataga kiritilayotgan loyihalarning umumiy soniga nisbatan hanuz pastligacha qolmoqda, yaʼni 16-17 foizdan oshmayapti. Shu sababli deputatlarimizni oʻz saylovchilarining dolzarb muammolarini chuqur tahlil qilgan holda yanada tashabbuskor boʻlishga chaqiraman.
Toʻrtinchidan, hurmatli xalq vakillari qonunlarni qabul qilishda ularning kelgusida ishlashini taʼminlaydigan chora-tadbirlarni ham koʻrishi lozim.
Qonunlarda belgilangan ayrim qonunosti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinmasligi – ularning amalda “ishlamay qolishi”ga, bu esa, fuqarolar va tadbirkorlarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Misol uchun, xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirganiga bir yildan oshgan boʻlsa-da, uning amalda qoʻllanishi koʻplab savollarni yuzaga keltirmoqda.
Shuning uchun qonunlarni qabul qilish jarayonida ular bilan bogʻliq barcha qonunosti hujjatlarining oʻz vaqtida va toʻliq ishlab chiqilishini taʼminlash – palataning besh yil davomidagi asosiy vazifalaridan biri boʻlishi lozim. Shundagina biz “qonunni qabul qilish bilan parlamentning ishi yakunlandi”, degan eskicha qarashdan voz kechamiz.
Bundan tashqari, biron-bir qonun loyihasini qabul qilishda tashabbuskor boʻlgan parlament fraksiyasi shu qonunni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishi maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Qonunchilik palatasi yil yakuniga koʻra joriy yilda qabul qilingan har qaysi qonun xalq tomonidan qanday baholangani, qaysi qonun aholiga naf keltirayotganini, qaysi qonun esa ishlamay turganini aniq tahlil qilishi va tegishli xulosalar chiqarishi lozim. Bu esa elektorat bilan taʼsirchan muloqotni yoʻlga qoʻyishga va parlamentimiz faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Beshinchidan, qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, xalqaro reytinglardagi oʻrnimizni yaxshilash boʻyicha tavsiyalarga mosligini oʻrganish amaliyotini keng joriy etish lozim. Chunki, xalqaro shartnomalar va reytinglar mazmunida xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasi oʻz aksini topgan.
Yuqorida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqib, xulosa qiladigan boʻlsak, qonun ijodkorligi faoliyati “qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom maʼnoda xalq boʻlishi shart” degan ustuvor tamoyilga asoslanishi kerak.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Quyi palataning parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi faoliyatida ham oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud.
Birinchi. Yangi deputatlar taʼsirchan parlament nazoratini olib borish orqali xalq ishonchini oqlashi zarur.
Oʻtgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat aʼzolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Soʻnggi 2 yilda 14-marta “Hukumat soati” oʻtkazilib, ularda 17 ta vazirlik va davlat qoʻmitasi rahbarlari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, 2019-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida koʻrib chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Biroq, bunday ishlarimizdan saylovchilarimiz toʻliq rozi, deb aytishga hali erta.
Hech kimga sir emas, ayrim mansabdor shaxslar nomaʼqul xatti-harakatlari bilan jamiyatda qizgʻin muhokamalarga, ayrim hollarda esa, keskin norozilikka sabab boʻlmoqda.
Ana shunday vaziyatlarda deputatlarning bir chekkada tomoshabin boʻlib turishini bundan keyin xalqimiz aslo qabul qila olmaydi. Axir, fuqarolar oʻz vakillarini xalq fikrini ifoda etish va ular manfaatlarini himoya qilishi uchun saylagan-ku!
El-yurtimiz deputatlar timsolida qonun va axloq-odob mezonlarini buzgan mansabdorlarga qarshi tura oladigan talabchan kurashchini, xalq dardini qoʻrqmasdan koʻtarib chiqadigan oʻz himoyachisi, oʻz vakilini koʻrishni istaydi.
Bu borada dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Rasul Kusherbayev, Shuhrat Polvonov, Alisher Hamroyev kabi yosh va jonkuyar deputatlar faoliyati saylovchilarga manzur boʻlmoqda. Masalan, avtomototransport vositalarida kunduz kuni chiroq yoqib yurish boʻyicha qabul qilingan qaror deputatlar tashabbusi bilan oʻzgartirildi.
Biz bunday holatlarni faqat ijobiy baholashimiz kerak. Shu tariqa biz taʼsirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yoʻlga qoʻyishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab boʻlayotgan muammolar yuzasidan masʼul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini yoʻlga qoʻyish kerak.
Parlament nazorati natijalaridan aholini oʻz vaqtida xabardor qilish masalasi ham eʼtiborimiz markazida boʻlishi shart. Shu munosabat bilan palata majlislarini, har bir tadbir haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda keng va tizimli yoritishni kuchaytirish kerak. Bunday amaliyot parlament faoliyatida nafaqat ochiqlikni taʼminlashga, balki barcha davlat idoralari masʼuliyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Ikkinchi. Palataning qoʻmitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozim.
Parlament faoliyatining roli va amaliy taʼsirchanligini oshirish maqsadida oʻtgan chaqiriqda qator yangi tarkibiy tuzilmalar tashkil etildi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi endi huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini isloh etish va sud mustaqilligini taʼminlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqishga bosh-qosh boʻlishi kerak. Ushbu qoʻmita davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga baho berib, rahbarlarning javobgarligi masalasini Hukumat oldiga qoʻysa, oʻylaymanki, juda oʻrinli boʻladi.
Fuqarolar sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi joylarda tibbiyot sohasidagi ishlar ahvolini oʻrganishga masʼul etib belgilangan. Umuman, Qonunchilik palatasiga sogʻliqni saqlash tizimini nazorat qilish ishonib topshirilgan edi.
Afsuski, palataning bu borada olib borayotgan ishlari hali biz kutgan natijani bermayapti va bunday holat meni jiddiy tashvishga solmoqda.
Nega deganda, sogʻliqni saqlash tizimida hozirda ham oʻz yechimini topmagan muammolar juda koʻp. Misol uchun, sohada davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyishning huquqiy asoslari yaratilgan boʻlsa-da, bironta loyiha ishga tushirilmagan. Shuningdek, onkologik, endokrinologik va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini davolash boʻyicha ishlarning ahvoli talab darajasida emas.
Eng achinarlisi, ayrim tibbiyot maskanlarining oʻzi infeksiya tarqalish manbai boʻlib qolmoqda. Xususan, 2019-yilda shifoxonalarda infeksiya tarqalishi bilan bogʻliq mingga yaqin holat qayd etilgan.
Sohadagi mavjud ahvolning nazorati quyi palataga yuklatilganini inobatga olib, Spiker va masʼul qoʻmita parlament nazoratini tizimli yoʻlga qoʻyishi, kerak boʻlsa, uni har bir tibbiyot muassasasi boʻyicha amalga oshirishi lozim. Aana shu oʻta muhim masalada, yaʼni, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash uchun qanday qonuniy choralar koʻrish, odamlarni rozi qilish boʻyicha chinakam tashabbus va qatʼiyat koʻrsatilsa, tarixda qoladigan ish boʻlur edi.
Quyi palatada Davlat byudjeti boshqarmasining tashkil etilgani byudjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat oʻrnatishga xizmat qilmoqda. Masalan, oʻzini oʻzi moliyalashtirish tartibiga oʻtgan oliy taʼlim muassasalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi va ularning ixtiyorida 47 milliard soʻm mablagʻ qoldirildi. Albatta, bu – parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi saʼy-harakatlarning dastlabki ijobiy natijasi, xolos.
Parlamentimizning bu boradagi faoliyatini kuchaytirishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda.
Keyingi paytda hudud va mintaqalarimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmdagi mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda. Lekin bu mablagʻlarning toʻgʻri va samarali ishlatilishini nazorat qilish borasida, avvalambor, shu hududlardan saylangan deputatlarimizning ishtiroki deyarli sezilmayapti.
Holbuki, joylarda ajratilgan mablagʻlardan notoʻgʻri foydalanish, ularni talon-taroj qilish, korrupsiya holatlari ham uchrab turibdi.
Xalq vakillari oʻz vakolatiga asoslanib, taʼsirchan nazorat oʻrnatsa, ularning ham, Qonunchilik palatasining ham obroʻ-eʼtibori ortadi. Eng muhimi, bundan el-yurtimizga amaliy foyda boʻladi.
Byudjetdan sarflanadigan har bir soʻm uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi, barcha idoralar davlat mablagʻining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi boʻyicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib boʻladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan boʻladi. Palata bu masalada qatʼiyat koʻrsatib, elektorat manfaatlarini himoya qiladi, deb ishonaman.
Umuman olganda, har bir qoʻmita chorak ish rejasi asosida oʻz faoliyat yoʻnalishidagi davlat idoralari oldiga konkret vazifalarni qoʻyib, ulardan qonun va qarorlar ijrosi boʻyicha aniq soʻrov qilishiga erishmogʻimiz zarur.
Uchinchi. Parlament va deputat soʻrovining taʼsirchanligini oshirish choralarini koʻrish kerak.
Oʻtgan chaqiriqda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridagi mansabdor shaxslarga 28 ta yoki 2010-2014-yillarga nisbatan 7 barobar koʻp parlament soʻrovi yuborildi.
Parlament va deputat soʻrovini koʻrib chiqmaganlik yoki koʻrib chiqish muddatini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Shunga qaramasdan, afsuski, ayrim hollarda deputat soʻroviga rahbarning oʻzi emas, balki uning oʻrinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda.
Oʻzingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obroʻsi? Parlamentga va deputatga boʻlgan hurmat shumi? Bunday salbiy holatlarga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shu sababli parlament va deputat soʻroviga vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining shaxsan oʻzlari javob berishi shartligini qonunda belgilashni taklif qilaman.
Toʻrtinchi. Saylovchi va deputatning oʻzaro munosabatlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etadigan vaqt keldi. Jumladan, parlament va deputat soʻrovlarini shakllantirish mexanizmini takomillashtirish zarur.
Oʻtgan chaqiriqda turli masalalar yuzasidan 856 ta deputat soʻrovi yuborilgan. Lekin soʻrovlarda saylovchilar manfaati qanchalik oʻz aksini topdi, ularning nechtasi fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirildi, degan savollar meni oʻylantirmoqda. Shuning uchun jamoaviy murojaatlar asosida Internet tarmogʻi vositasida parlament va deputat soʻrovini shakllantirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish lozim. Bu orqali biz aholini qiynayotgan masalalarning parlamentda koʻrib chiqilishiga erishamiz.
2019-yilda deputatlar tomonidan 8 mingdan ortiq xonadon, 3 mingdan ziyod ijtimoiy soha va 2 mingga yaqin ishlab chiqarish obyektiga borilib, qariyb 150 ming fuqaro bilan muloqot oʻtkazildi. Odamlarni tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni hal etish maqsadida deputatlar har oyning oxirgi haftasida oʻz saylov okrugida boʻlishiga doir tartib yoʻlga qoʻyildi. Albatta, bu ishlarni tizimli ravishda davom ettirish kerak.
Ayni vaqtda savol tugʻiladi – axborot texnologiyalari rivojlangan hozirgi kunda saylovchi oʻzining vakiliga murojaat qilishi uchun uning okrugga bevosita kelishini kutib oʻtirishi shartmi? Shu sababli xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni oʻz saylovchilari bilan bogʻlash imkoniyatini beradigan elektron portal va mobil ilovalarni ishga tushirish lozim. Toki ana shu tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borish, qonun loyihalarini muhokama qilish va ular boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega boʻlsin. Yaʼni, deputat faoliyatiga uning saylovchilari bevosita baho bersin. Ana shundagina fuqaro va parlament oʻrtasida xalqimiz bizdan kutayotgan haqiqiy koʻprik paydo boʻladi.
Beshinchi. Parlament faoliyatiga aholini keng jalb etish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali ishini takomillashtirish darkor.
Maʼlumki, biz bu portalni davlat va jamiyat hayotiga oid muhim masalalarda xalq fikrini atroflicha oʻrganish va fuqarolar tashabbusini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etgan edik. Lekin hozirgi kunda xalqdan tushayotgan takliflarni chuqur oʻrganish va ularni muhokama qilish ishlari samarali yoʻlga qoʻyilganmi?
Bu savolni oʻrtaga qoʻyayotganimiz bejiz emas. Chunki, hozirgi kunga qadar tushgan takliflarning atigi 11 tasi keng muhokamadan oʻtkazilib, ular boʻyicha palataning qarorlari qabul qilingan.
Umuman olganda, jamiyat hayoti uchun dolzarb muammolar koʻtariladigan boʻlsa, ularni keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilishning muqobil usullarini amaliyotga kiritish zarur.
Bu borada “Mening fikrim” veb-portaliga tushayotgan murojaatlarni televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida deputatlar, mutaxassislar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun koʻrsatuv va eshittirishlar tashkil etish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman.
Yana bir muhim masala shuki, Qonunchilik palatasining xalqaro parlamentlararo tashkilotlardagi ishtirokini faollashtirish lozim.
Bugungi kunda quyi palataning xalqaro aloqalari kengayib borayotgani hammamizga yaxshi maʼlum. Masalan, 2015-yilda palatada xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha 9 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 2019-yilda ularning soni 28 taga yetdi, shundan 24 ta guruh Senat bilan birgalikda tuzilgani eʼtiborga molik. Xalqaro munosabatlardagi samarali faoliyat natijasida oʻtgan davrda parlamentda 248 ta chet el delegatsiyasi qabul qilindi.
Milliy parlamentimiz qisqa muddatda koʻplab nufuzli xalqaro parlamentlararo birlashmalarning faol ishtirokchisiga aylandi. Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlamentlararo assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Parlamentlararo assambleyasi shular jumlasidan boʻlib, bizning deputatlarimiz ham mazkur nufuzli tashkilotlarning rahbarlik lavozimlariga saylandilar.
Xalqaro parlamentlararo aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirib borish bundan keyin ham deputatlarning doimiy eʼtibor markazida boʻlishi zarur.
Yana bir jihatga alohida eʼtiboringizni qaratishni istar edim. Afsuski, partiyalarimiz oʻz siyosiy maqsad va dasturlarini ilgari surish va saflarini kengaytirish haqida faqat saylov arafasidagna eslab qoladilar. Asosan shu davrda ular oʻz aʼzolari bilan ishlab, ularning sonini koʻpaytirishga intiladi. Bunday yondashuv, vaqtinchalik va rasmiyatchilik uchun qilinadigan ishlar qanchalik toʻgʻri? Bu albatta notoʻgʻri.
Aslida siyosiy partiyalar oʻz aʼzolari sonini koʻpaytirish ustida doimiy ishlashi, oʻz dasturlarini hamisha takomillashtirib, undagi maqsad va gʻoyalarni kundalik hayotga tatbiq etib borishi kerak emasmi? Shundagina partiyalarning jamiyatdagi va ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni va taʼsiri mustahkam boʻladi. Shuning uchun siyosiy partiyalar va ularning fraksiyalari rahbarlari oʻz faoliyatini jonlantirishi, elektorat ichiga chuqur va tizimli ravishda kirib borishi lozim.
Yangi saylangan Spikerning birinchi oʻrinbosari, katta tajribaga ega huquqshunos olim sifatida ham, siyosiy partiyalar va fraksiyalarga oʻz faoliyatini takomillashtirishida doimiy amaliy koʻmak va tavsiyalar berib borishi zarur.
Hurmatli doʻstlar!
Bugungi kunda jonajon Oʻzbekistonimiz oʻz taraqqiyot yoʻlidan jadal ilgarilab bormoqda. Oʻtgan uch yil davomida amalga oshirgan islohotlarimiz oʻzining dastlabki mevasini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida Oʻzbekistonga qiziqish va eʼtibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga boʻlgan ishonch tobora ortib bormoqda. Bu esa taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, koʻzlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda, desak, adashmagan boʻlamiz.
Ana shunday ulkan imkoniyatlarni qoʻldan bermasdan, yoʻlimizdan ogʻishmasdan, yanada qatʼiy ilgarilab borsak, ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz. Bu yoʻlda Qonunchilik palatasi, hurmatli deputatlarimiz yetakchi kuch boʻlib maydonga chiqishlari kerak.
Xalqimizning eng sara vakillari sifatida sizlar buning uchun yetarli salohiyat va sharoitlarga egasizlar. Umuman olganda, deputatlarimiz oʻzining yurish-turishi, madaniyati, odobi va etikasi bilan barchaga ibrat va namuna boʻlishi lozim. Spiker va uning oʻrinbosarlari bu muhim masalani oʻzining alohida nazoratiga olishi shart.
Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik oʻquvlarini joriy etishini taklif qilaman.
El-yurtimiz sizlarga haqli ravishda katta umid va ishonch bilan qaramoqda. “Parlament xalq irodasining haqiqiy koʻzgusi boʻlishi zarur” degan ulugʻvor gʻoyani amalda namoyon etishingizni kutmoqda. Ana shunday ishonch, hurmat va eʼtiborga munosib boʻlish – bu juda katta baxt. Bagʻrikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ana shu ishonchini har birimiz oʻz joyimizda amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir.
Ishonamanki, yangi parlament tarkibida oʻz faoliyatini boshlayotgan barcha hurmatli deputatlarimiz ana shu talabni chuqur anglab, samarali faoliyat olib boradilar.
Sizlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylanganingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-gʻayrat, faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.