20.01.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida parlament yuqori palatasi ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.
Ijtimoiy masalalarni hal etish maqsadida muhim dasturlar qabul qilinib, shu asosda katta ishlar amalga oshirilayotgani, parlamentning yuqori palatasi aʼzolari ham bu borada tashabbus va aniq takliflar kiritishi zarurligi taʼkidlandi.
– Senatning har bir qoʻmitasi oʻz faoliyat rejasini hududiy muammolardan kelib chiqib shakllantirishi lozim. Oʻrganilgan masalalar boʻyicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qoʻmitalarining sayyor majlislarini oʻtkazish zarur. Bu amaliyot aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish imkonini beradi, – dedi Prezident.
Davlat byudjeti loyihasini koʻrib chiqish va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini oʻrnatish, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda hokimlarning yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish boʻyicha hisobotlarini muntazam muhokama qilib borish, yoshlar va taʼlim masalalari senatorlarning doimiy eʼtiborida boʻlishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Shuningdek, Oliy Majlisning yuqori palatasi mamlakatimizda korrupsiyaga va jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish muhitini yaratish hamda huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishda, davlat idoralarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish borasidagi ishlari ustidan nazoratni kuchaytirishda faol boʻlishi kerakligi aytib oʻtildi.
Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, xalqaro aloqalarini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun zamin yaratish ham muhimligi taʼkidlandi.