20.01.2020
Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi boshlandi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Saylov kodeksiga muvofiq tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov ochdi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.
Majlisda Oliy Majlis Senatini shakllantirish ochiqlik va transparentlik kabi demokratik tamoyillar asosida milliy saylov qonunchiligi talablariga asosan amalga oshirilgani taʼkidlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat aʼzolari saylovi boʻyicha qoʻshma majlislarida 84 nafar senator saylandi. Yuqori palataning boshqa 13 nafar aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlandi.
Senatning yangi tarkibi iqtisodiyot, huquq, fan, tibbiyot, madaniyat, ishlab chiqarish sohalari hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolardan shakllantirilganligi qayd etildi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlamoqda.
Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat aʼzolarini yuksak nomga sazovor boʻlganlari bilan samimiy tabrikladi.
– Oliy vakillik organi aʼzosi boʻlish har bir senator uchun nafaqat katta sharaf, balki ulkan masʼuliyat ham ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz. Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson, – dedi Prezident.
Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻygan keyingi uch yil Senat uchun ham oʻziga xos tub yangilanish va oʻzgarishlar davri boʻlgani taʼkidlandi. Mazkur organ tomonidan koʻrib chiqilgan qonunlar soni qariyb 230 taga yetgani va shundan 190 tasi soʻnggi uch yilda maʼqullangani ushbu yoʻnalishda katta ish qilinganini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini, viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish yoʻlga qoʻyilgani ijobiy baholandi.
Majlis davom etmoqda. Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.