20.01.2020
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
Oʻtgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat aʼzolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Bundan tashqari, 2019-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida koʻrib chiqish amaliyoti tatbiq qilindi.
– Taʼsirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yoʻlga qoʻyishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab boʻlayotgan muammolar yuzasidan masʼul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini joriy qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Quyi palatada tashkil etilgan Davlat byudjeti boshqarmasi byudjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat oʻrnatishga xizmat qilmoqda.
Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmda mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda. Lekin ularning toʻgʻri va unumli ishlatilishini nazorat qilish borasida shu hududlardan saylangan deputatlarning ishtiroki deyarli sezilmayapti. Holbuki, joylarda ajratilgan mablagʻlardan notoʻgʻri foydalanish, ularni talon-toroj qilish, korrupsiya holatlari ham uchrab turibdi.
Shu bois xalq vakillari oʻz vakolatiga asoslanib, taʼsirchan nazorat oʻrnatishi zarurligi taʼkidlandi.
– Byudjetdan sarflanadigan har bir soʻm uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi, barcha idoralar davlat mablagʻining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi boʻyicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib boʻladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan boʻladi, – dedi Prezident.