11.01.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bu yerda zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-sentabrdagi qarori asosida bunyodkorlik ishlari ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda 9 gektar maydonda okeanarium, amfiteatr, kinoteatr, ko‘ngilochar o‘yingoh, ertaknamo qasr, musiqali favvora, avtomobillar turargohi quriladi. Ikkinchi bosqichda 12 gektar hududda mavzuli park, bolalar uchun avtodrom va attraksionlar, akvapark bunyod etiladi.
Shuningdek, kafe va restoranlar, savdo do‘konlari tashkil qilinadi. Havo musaffoligini ta’minlash maqsadida kashtan, qarag‘ay, yapon soforasi, magnoliya, eman, qayin kabi daraxtlar ekiladi.
Istirohat bog‘i to‘liq modernizatsiya qilingach, bir kunda 10 ming kishigacha xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash bilan birga Toshkent shahrining turistik jozibadorligini ham oshiradi.
Davlatimiz rahbari istirohat bog‘ining yil davomida ishlashini ta’minlash, odamlar oilaviy dam olishi uchun keng imkoniyat yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bog‘da Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarimizdagi qadimiy obidalar maketini o‘rnatib, yoshlar va sayyohlarning tariximizga qiziqishini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlari hokimlari bilan muloqot bo‘ldi.