17.03.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 1-mart kuni AQShning yetakchi kompaniyalaridan biri «General Electric» kompaniyasi vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qilgan edi.
Ronald Jeyms Pollett davlatimiz rahbariga minnatdorlik maktubi yo‘llagan.
«General Electric» kompaniyasi vitse-prezidenti o‘z maktubida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul, mazmunli va samarali muloqot uchun minnatdorlik bildirib, mazkur uchrashuv energetika, neft-gaz, transport, sog‘liqni saqlash va aviatsiya sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berganini alohida qayd etgan.
Ronald Jeyms Pollett mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan «General Electric» kompaniyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berganini, mazkur hujjat O‘zbekiston iqtisodiyotini tez sur’atlar bilan modernizatsiyalash, texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
«General Electric» vitse-prezidenti mazkur kompaniya O‘zbekistonga nafaqat yuqori texnologik uskunalarni yetkazish, balki mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganish, global ta’lim resurslari va «General Electric» kompaniyasi mezonlaridan foydalangan holda mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga oid dasturlarni amalga oshirishdan ham manfaatdor ekanini qayd etgan.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar samaralari, sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit va imtiyozlar ko‘plab mamlakatlar qatori AQSh ishbilarmonlarining ham mamlakatimiz bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini tobora oshirmoqda.
Mamlakatimizda AQShning «Boeing», «General Motors», «CNH Industrial», «Hyatt», «Hilton» kabi jahonga mashhur kompaniyalari bilan bir qatorda iqtisodiyotning turli sohalarida jahondagi yetakchi texnologik kompaniyalardan biri bo‘lgan «General Electric» ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Mazkur kompaniya yurtimizda o‘tkazilayotgan qator biznes-forum, sohaga oid anjuman va ko‘rgazmalarning faol ishtirokchisidir. Mamlakatimizning «General Electric» bilan hamkorligi energetika majmui, fuqaro aviatsiyasi va sog‘liqni saqlash kabi sohalarni qamrab olgan.
AQSh ishbilarmonlarining, xususan, «General Electric» kompaniyasining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi va yurtimizdagi samarali faoliyati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va investitsiyaviy islohotlar natijasi yuqoriligidan dalolat beradi.