
13.03.2017

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10-11-mart kunlari Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashrifning birinchi kunida viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi. Qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va energetika, transport-kommunikatsiya, tibbiyot va turizm sohalaridagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yanada yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi.
Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar o‘z ifodasini topdi.
Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialida bo‘lib, bu yerda bajarilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimi tubdan isloh etilmoqda. Kasalliklarni profilaktika qilish va samarali davolash maqsadida tibbiyotning barcha bo‘g‘inlari faoliyati takomillashtirilmoqda, joylarda yangi zamonaviy shifoxonalar tashkil etilmoqda.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1998-yil 10-noyabrdagi farmoni asosida Buxoro shahar kasalxonasi negizida tashkil etilgan bo‘lib, 255 o‘ringa ega.
Ushbu muassasa binosini jahon standartlariga mos ta’mirlash, bo‘limlarni zamonaviy tibbiy texnologiyalar, asbob-uskunalar bilan ta’minlash, yangi qabulxona, reanimatsiya, komputer-tomografiya, operatsiya xonalari qurish mo‘ljallanmoqda. Yangi tez tibbiy yordam mashinalari olib kelinadi.
Tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish xalqimizni rozi qilishda muhim ahamiyatga ega, dedi davlatimiz rahbari. Shoshilinch tibbiy yordam tizimini dunyo talablari darajasiga olib chiqish, uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash aholining ham, bugungi zamonning ham talabidir.
Mutaxassislar Prezidentimizga Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining Buxoro filialida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlari haqida so‘zlab berdi.
Mazkur muassasada endourologik operatsiyalar, masofaviy litotripsiya, ultratovush va rentgen tekshiruvi xonalari, urodinamik laboratoriya quriladi, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.
Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi o‘quv binosi va klinikasi qurilishi ko‘zda tutilgan. Yuqori malakali shifokor kadrlar tayyorlash zamonaviy moddiy-texnik baza va jahon andozalari darajasidagi binolarga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurti faoliyatiga bevosita bog‘liq. Buxoro davlat tibbiyot instituti uchun 900 o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi, 200 o‘rinli tarkibiy-funksional bo‘limlardan iborat klinika qurilishi va ularning zamon talablariga mos jihozlanishi shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda.
Sohada yetuk mutaxassislarni tarbiyalashda dunyo tajribasidan foydalanish, xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, aholining tibbiy madaniyatini yanada oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz Vobkent tumani tibbiyot birlashmasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari loyihasini ko‘zdan kechirdi.
Keyingi yillarda tuman tibbiyot birlashmasida qator qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. 2014-yilda 250 qatnovga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika qurilgan. 2015-yilda har biri 30 o‘rinli bo‘lgan shoshilinch tibbiy yordam va xirurgiya bo‘limlari binosi barpo etilgan. 2016-yilda tug‘ruq kompleksi, bolalar va yuqumli kasalliklar bo‘limlari kapital ta’mirlangan.
Joriy yilda bu boradagi ishlarni davom ettirib, terapiya, qon quyish, laboratoriya bo‘limlarini kapital ta’mirlash, dorixona va boshqa binolarni qurish rejalashtirilgan. Bu bemorlarga tez va sifatli yordam ko‘rsatish, tibbiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirishda aholining talabini hisobga olish, tibbiy jihozlardan unumli foydalanish, malakali kadrlarni ishga jalb etish, kasalliklarni samarali davolash bilan birga ularni profilaktika qilish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.
Istiqlol yillarida Buxoro viloyatida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi uy-joylar, madaniy-maishiy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, madaniyat va sport majmualari qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar bugun ham izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Buxoro shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Buxoroning markaziy ko‘chalaridan biriga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko‘cha qiyofasini o‘zgartirish, uning ikki tomonida zamonaviy binolar barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, ko‘chada Xotira maydoni, San’at saroyi, turar joy binolari va boshqa obyektlar barpo etish rejalashtirilgan.
Islom Karimov va Ibn Sino ko‘chalari kesishgan joyda Universal sport majmuasi bunyod etiladi. Prezidentimiz ushbu majmua loyihasini ko‘zdan kechirdi.
2018-yilda foydalanishga topshiriladigan majmuada 15 sport turi bo‘yicha mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Undan 4 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zal, uchta mashg‘ulotlar zali, to‘rtta tennis korti, basseyn o‘rin oladi. Majmua sportchilarni tayyorlash, murabbiylar malakasini oshirish, sport metodikasi bo‘yicha namunaviy markaz bo‘ladi. Bundan tashqari, majmuada bayram tadbirlari, konsert va forumlar tashkil etish uchun qulayliklar yaratish rejalashtirilgan.
Buxoroda sportning boks, kurash kabi turlari rivojlangan. Kelajakda ushbu sport majmuasi viloyatda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yuksaltirishga qodir yetuk sportchilarni tayyorlashga xizmat qilsin, deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Majmuada ochiq va yopiq sport maydonlari qurish lozim. Viloyatdagi sport inshootlarini inventarizatsiya qilish, ularni muayyan sport turiga ixtisoslashtirish va ommaviyligini oshirish, viloyatda sport murabbiylari tayyorlashni yanada kengaytirish kerak.
Buxoro shahrining G‘ijduvon, Bahouddin Naqshband, Ibn Sino, Navoiy ko‘chalarida ko‘p qavatli 50 uy quriladi. 2017-2018-yillarda barpo etiladigan bu turar joylar aholini arzon va zamonaviy uylar bilan ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Yetti qavatli oltita zamonaviy arzon uy mustaqilligimizning 26-yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi.
Davlatimiz rahbari yangi uylarda barcha ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish, ularni qurishda milliy va zamonaviy arxitektura talablarini, mahalliy iqlimni hisobga olgan holda ish tutish zarurligini ta’kidladi.
Buxoro shahrida transport vositalari va piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ham muhokama etildi. Ushbu loyihaga muvofiq shahardagi xalqa yo‘llarini takomillashtirish, tumanlardan viloyat markaziga keluvchi yo‘llarni, jumladan, aylanma chorrahalarni tartibga solish mo‘ljallanmoqda.
Yo‘llarni sifatli qurish, transport vositalarining erkin harakatlanishini hisobga olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Yo‘llar atrofini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini takomillashtirishga oid loyiha taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur loyiha atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, hududdagi sanitariya holatini yanada yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Umumiy qiymati 4 million 700 ming AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyiha “Aholitrans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotir. Bugungi kunda Milliy bankning 970 ming dollarlik krediti evaziga Xitoydan zamonaviy texnika va chiqindi saralash liniyasi olib kelindi. Yana oltita liniyani sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzish mo‘ljallanmoqda.
Prezidentimiz maishiy chiqindilarni qayta ishlash ekologik muammolarning oldini olish va hududlarning iqtisodiy samaradorlikka erishishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Buxoroda tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar ko‘p. Ular zamon talablari asosida ta’mirlanib, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanib borayotir. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Shavkat Mirziyoyev shaharning tarixiy qismida an’anaviy hunarmandlik ustaxonalarini jamlagan ikki qavatli uylardan iborat hunarmandlar mavzesi qurish loyihasi bilan tanishdi.
Buxoro – hayrat va mo‘jizalar makoni. Yodgorliklar xalqimiz bilan taqdirdosh. Mustaqillik yillarida ushbu obidalar ta’mirlandi, yana asl qiyofasida jamol ochdi.
Ikki tomonda hunarmandlik do‘konlari joylashgan yo‘lak bo‘ylab borar ekan, Prezidentimiz mazkur yo‘laklarni kengaytirishni, do‘konlarni ikki qavatli qilib qayta qurish lozimligini ta’kidladi. Hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
Ikkinchi qavatda hunarmand ustalar yashasa, birinchi qavatda ularning do‘kon va ustaxonalari joylashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, dedi davlatimiz rahbari. Bu yerda mahsulotlarni tayyorlash va sotish jarayoni uyg‘unlashtirilishi kerak. Rubob yasayotgan ustani, gilam yoki gazlama to‘qiyotgan hunarmandni ish ustida ko‘rgan har qanday odam zavqlanadi.
Istiqlol yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni, tarixiy obidalarni tiklash, ularni asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 1997-yil Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Poyi Kalon majmuasi ham tubdan ta’mirlandi. Masjidi Kalon, Minorai Kalon va Mir Arab madrasasidan iborat mazkur me’moriy ansambl viloyat aholisi va mehmonlarining sevimli maskanlaridan biridir.
Davlatimiz rahbari yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida hunarmandlik rastalari, do‘konlar o‘rniga milliy an’analarimiz aks etgan, zamonaviy rastalar qurish, tashrif buyurganlarga kechki sayr imkoniyatini yaratish, milliy hunarmandlik an’analari va ko‘ngilochar dasturlar namoyish qilish bo‘yicha tavsiyalarini bildirdi. Masjidi Kalon va Mir Arab madrasalarini qayta ta’mirlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasida ham bo‘ldi.
Bugun Buxoro viloyati ilgari misli ko‘rilmagan katta o‘zgarishlar, yuksalishlar jarayoni bilan yashamoqda. Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga hech kimdan kam bo‘lmagan farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarining amaliy ifodasidir.