29.11.2019
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muzokaralari kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majlis ishtirokchilarini qutlar ekan, ikkinchi Maslahat uchrashuvining o‘tkazilishi manfaatlarning o‘zaro mushtarakligi, mamlakatlarimiz mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb masalalari bo‘yicha ochiq muloqot va birgalikda qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlashini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo doimo o‘zining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘laydigan noyob ko‘prik bo‘lib xizmat qilib kelgani qayd etildi. Bugungi kunda mintaqada ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud, dunyoning o‘zaro raqobatga kirishayotgan qudratli davlatlari manfaatlari kesishgan.
Shu va boshqa omillar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka ta’sir etadigan yirik beqarorlik o‘choqlari bevosita yaqin hududlarda joylashgani mintaqa mamlakatlari oldiga barqarorlik, yangi xavf-xatar va tahdidlar vujudga kelishi, bunday sharoitda mintaqaviy hamkorlik qanday olib borish kerakligi xususida murakkab masalalarni qo‘ymoqda.
– Siyosiy iroda va amaliy qadamlarimiz tufayli biz hamkorlikning yanada yuqori bosqichiga ko‘tarilmoqdamiz, – dedi davlatimiz rahbari. – Bizning hamjihatligimiz va faol sa’y-harakatlarimiz ko‘pqirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Biz qisqa muddatda birgalikda, amalda oldinga siljishga erishdik.
Xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda 2 barobarga, qo‘shma korxonalar soni 4 barobarga o‘sdi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan chegaralarning huquqiy rasmiylashtirish ishlari yakunlanish arafasida, oltmishga yaqin o‘tish punktlarining to‘laqonli faoliyati ta’minlandi, vizalar bekor qilindi. Ishbilarmonlik va hududlararo aloqalar, transport qatnovlari, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.
O‘tgan yili O‘zbekistonda birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi hamda mamlakatlarimizning bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasida Ishchi guruhning dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bularning barchasida barqaror bir tendensiya – davlatlarimizning mustaqil roli va umumiy kelajak uchun mas’uliyati kuchayib borayotgani namoyon bo‘lmoqda, deb ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha tobora ko‘proq umumiy pozitsiyadan turib fikr bildirayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
– Bizning mintaqadagi o‘zaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini ta’kidlamoqchiman. U qat’iy siyosiy qarorga asoslangan bo‘lib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi vazifalarni amalga oshirish uchun butun kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga chaqirdi.
Shu munosabat bilan, Markaziy Osiyo investitsiya forumi va mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalarining ilk yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, Transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzishni tezlashtirish, “Bir sayohat bilan butun mintaqa bo‘ylab” tamoyili asosida qo‘shma dasturlarni ilgari surish uchun Xalqaro turizm konferensiyasini tashkil etish taklif etildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari Parlamentlararo do‘stlik guruhini ta’sis etish hamda “Markaziy Osiyo – yagona o‘tmish, umumiy kelajak” shiori ostida madaniy-gumanitar almashuv platformasining yaratilishi bizning barcha xalqlarimiz manfaatlariga javob berishi ta’kidlandi.
Prezidentimiz ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida erishilgan salmoqli yutuqlar uchun Markaziy Osiyo mukofotini ta’sis etish, shuningdek, universitetlar forumlari va mintaqaviy sport o‘yinlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
– Har yili Navro‘z bayrami arafasida navbati bilan har bir mamlakatda Markaziy Osiyo madaniyat kunlarini o‘tkazishni muhim deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Suvdan birgalikda foydalanishning dolzarb masalalarini, mintaqaning murakkab suv va ekologik muammolarini hal qilishning barcha uchun maqbul yechimini izlash o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni talab etadi. Innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini tatbiq etish, cho‘llashishni bartaraf qilish va boshqa kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast fondi imkoniyatlarini samarali ishga solishni taklif etdi.
Eng muhim ustuvor vazifa – mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashdan iborat ekanini hisobga olib, davlatimiz rahbari O‘zbekiston zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga keng miqyosda qarshi turish uchun mamlakatlarimizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari va maxsus xizmatlarining operativ hamkorlik qilishi bo‘yicha ishchi mexanizmlarni yaratish tarafdori ekanini ta’kidladi.
– Afg‘oniston mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu diyorga tinchlik va taraqqiyot yo‘liga qat’iy qadam qo‘yishi uchun yordam berish – barchamizning umumiy manfaatlarimizga to‘liq mos keladi. Muammoni siyosiy yo‘l bilan hal qilish borasidagi asosiy tamoyillarga amal qilish zarur deb hisoblaymiz. Avvalambor, bu – zo‘ravonlikdan voz kechish, o‘t ochishni to‘xtatish, muloqot va murosaga tayyorlikni namoyon etishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Afg‘onistonda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga faol jalb etishga qaratilgan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish o‘ta muhimdir.
Prezidentimiz bu ustuvor vazifalar Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yagona qarash hujjatida o‘z aksini topishiga ishonch bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev uchrashuv ishtirokchilarini o‘zaro hamkorlikning asosiy maqsad va tamoyillarini kelishib olishga, inson, kapital, tovar va xizmatlarning harakati, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratib berish, Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini shakllantirish va yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.
Turkmaniston Prezidentining taklifiga binoan davlat rahbarlari Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyevni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Faxriy raisi etib bir ovozdan sayladilar.