22.11.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-noyabr kuni qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Aholini munosib turar joy bilan ta’minlash maqsadida oxirgi uch yilda 104 mingta, jumladan, qishloqlarda 63 mingta va shaharlarda 41 mingta xonadonga mo‘ljallangan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi.
Shunga qaramay, bu o‘sib borayotgan aholining talabini to‘liq qondirish uchun yetmayapti. Buni joriy yilning 9 oyida Xalq qabulxonalariga uy-joy masalalari bilan bog‘liq 36 mingdan ziyod murojaat bo‘lganidan anglash mumkin.
Ko‘pchilik uyining sifati talabga javob bermasligidan norozi. Qishloqlarda qurilgan ayrim mavzelar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanmagan. Ba’zi uylar sotilmay qolgan, ba’zilarining esa krediti to‘lanishi muammoli.
Bu kabi kamchiliklarning sababi shundaki, arzon uylarning barqaror moliyaviy manbasi mavjud emas va asosan byudjet mablag‘lariga bog‘lanib qolgan. Tizimda raqobat to‘la shakllanmagan va xususiy sektor ishtiroki yetarli emas.
Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi ehtiyojini to‘la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun yiliga qariyb 30 trillion so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi.
Keyingi yildan boshlab, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida yangi tizim joriy etiladi. Endi uylar davlat tomonidan emas, to‘liq xususiy sektor tomonidan quriladi.
Davlat aholiga ipoteka kreditlarini maqbul sharoitlarda berish orqali uy-joyga talabni qo‘llab-quvvatlaydi. Ipoteka kreditlari berish uchun resurslar miqdori banklar va hududlar bo‘yicha cheklanmaydi.
Bu tizim taklif sifatida joylarda muhokama qilinganda, barcha quruvchi-tadbirkorlar uni ijobiy qabul qilgan. Aholining kredit olish imkoniyati kengaytirilsa, narxi hozirgilaridan baland bo‘lmagan, lekin sifati yaxshi uylar qura olishini bildirgan.
Shulardan kelib chiqib, endilikda shaharlarda uy-joy qurilishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Birinchidan, tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mablag‘i va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan poytaxtimiz va shaharlarda yangi tartib asosida 13 ming 750 ta kvartirali turar joylar qurilishini amalga oshiradi. Bunday imorat va majmualar loyihasi ham tadbirkorlar tomonidan mustaqil tayyorlanadi.
Ikkinchidan, uy-joy qurish uchun yer maydonlari auksion orqali ajratiladi. Ularni suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash, avtomobil yo‘llari qurish tadbirkorlik sub’ektlari hamda respublika va mahalliy byudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladi.
Uchinchidan, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi uchun Moliya vazirligi endilikda uylarni xarid qilishga ipoteka krediti bo‘yicha qariyb 3 trillion so‘mga yaqin davlat resurslarini auksion asosida banklarga ajratadi.
Bundan tashqari, ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilib, unga Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari jalb qilinadi, ushbu mablag‘lar ham yangi qurilgan uy-joylarni sotib olishga ipoteka krediti ajratish uchun banklarga qo‘shimcha resurs sifatida joylashtiriladi.
To‘rtinchidan, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi, eng muhimi, aniq manzilli tizim joriy etiladi. Buning uchun shaharlarda 10 ming 800 ta ehtiyojmand oilaga uyning boshlang‘ich badali va kredit foiz xarajatlarini to‘lashi uchun byudjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali Toshkent shahrida 12 foiz, boshqa hududlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari hamda boshlang‘ich badali qoplab beriladi.
Yig‘ilishda mutasaddi vazirlik va tashkilotlar rahbarlariga yangi tartibda quriladigan uy-joylar uchun yer maydonlarini tanlab, auksionga chiqarish, kreditning yuqori chegarasini hisoblash uchun uylarning bozor qiymati asosidagi o‘rtacha narxini belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qishloqlarda ham uy-joy qurilishi tizimini isloh qilish, buyurtmachi funksiyasini “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasidan bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlandagidek, endi qishloqlarda uy-joylar yo‘l bo‘ylarida bir qator qilib emas, shahar va tuman markazlariga tutash hududlarda mavzelar shaklida quriladi. Buning natijasida kelgusida tumanlarni yirik aglomeratsiyaga aylantirish mumkin. Bu esa infratuzilma xarajatini kamaytiradi, aholining iqtisodiy faolligini oshiradi, yerlardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Videoselektor yig‘ilishida bunday mavzelarga yer va kreditlar ajratish, infratuzilma tarmoqlariga ulash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash borasida joylardagi rahbarlarga batafsil tushuntirish berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va ipoteka krediti foizini qisman qoplash masalasida tanish-bilishchilik va boshqa suiiste’molchilik holatlariga barham berish kerakligini aytdi. Byudjetdan ajratiladigan subsidiyalar aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yetib borishini so‘zsiz ta’minlash lozim.
Subsidiya uchun kelgusi yil byudjetidan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi va umuman olganda 16 mingta oilaning shahar va qishloqlarda uy-joylar sotib olishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Aholi subsidiya olish uchun talaygina hujjatlar to‘plab, qator idoralarda sarson bo‘lib yurish hollariga chek qo‘yiladi. Endi arizalar Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hududiy boshqarmalarida tashkil etilgan doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqiladi va kam ta’minlangan oilalarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi.
Ushbu komissiyalar tarkibida bank, moliya, soliq, mehnat, mahalla va boshqa idoralar vakillari bo‘ladi. Bundan tashqari, komissiya yig‘ilishida istagan fuqaro ishtirok etib, o‘z fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Qolaversa, subsidiya berish masalasi keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishi lozim bo‘ladi.
Har bir viloyat hokimligi 2020-yilda uy-joy sotib olish uchun kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga navbat bilan subsidiya to‘lash tartibi va mezonlarini ishlab chiqib, o‘z hududlarida ijobiy tajriba joriy etishlari zarurligi ta’kidlandi.
Kelasi yilda “O‘zshahar qurilish invest” hamda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyalari amaldagi tizim asosida shaharlarda 4 ming 250 ta va qishloq joylarida 8 mingta uy-joy qurilishini davom ettiradi.
Tayyor uylar uzoq vaqt davomida sotilmay turishi hollarining oldini olish maqsadida shaharlarda qurilishni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi. Endi turar joylarga talabgorlar ro‘yxati shakllantirilib, boshlang‘ich badal yig‘ilmaguncha qurilishga moliyalashtirish ochilmaydi.
Banklar 2020-yilda amaldagi tizim bo‘yicha shaharlarda quriladigan uy-joylarning xaridorini aniqlagan holda, qurilishni mijozga ajratiladigan ipoteka krediti hisobidan moliyalashtirish tizimini joriy etadigan bo‘ldi.
Uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hokimliklarga shahar va qishloqlarda uy-joylar uchun yer ajratish, pudratchilarni aniqlash ishlarini yakunlab, qurilishni 2020-yil 1-martga qadar boshlanishini ta’minlash yuklatildi.
– Uy-joy siyosatida yangi tizimga o‘tayapmiz. Bu jarayonda har bir hudud rahbari zimmasiga mas’uliyat va javobgarlikni olib, yangi tizim bo‘yicha turar joy qurishda o‘z tajribasini yaratishi shart. Endi hokimlardan qurilgan uylar soni emas, qurilishga nechta salohiyatli tadbirkorlar jalb qilingani, ularga qancha yer ajratilgani, infratuzilma tarmoqlari yaratilgani, uylar sifati va nechta odamni rozi qilgani so‘raladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Uy-joylarni qurish va realizatsiya qilish bo‘yicha respublika komissiyasi joylarga chiqqan holda, qurilish ishlarini nazoratga olishi zarurligi ta’kidlandi.
Hokimlar eski bino va inshootlarni buzish hisobiga bo‘shagan joylarda uy qurish masalasiga alohida e’tibor berishi shartligi, kompensatsiya pullari to‘lanib, mulk egalari rozi bo‘lmaguncha birorta ko‘chmas mulk buzilishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat idoralari rahbarlari nafaqat o‘zining, balki davlatning ham sha’nini saqlashga mas’ul ekani, xalq bilan, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda kibrga berilmay, vazmin va oqilona, qonunga asoslangan qaror qabul qilishi shartligi ta’kidlandi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.