10.03.2017
Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi davomida aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bir qancha loyihalar bilan tanishmoqda.
Davlatimiz rahbari Buxoro shahridagi “Buxoro brilliant silk” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘ldi.
2010-yilda tashkil etilgan, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonada pilla qayta ishlanib, turli o‘lcham, ko‘rinish va rangdagi matolar tayyorlanmoqda. Bunda buyurtmachi taklifi va bozor talabi asosida ish tutilmoqda. Hozir bu yerda “Bahor”, “Yomg‘ir”, “Yulduzlar” kabi o‘nlab ko‘rinishdagi matolar ishlab chiqarilmoqda. Matoga bosilgan gullarning o‘ziga xosligi shundaki, ularning rangi o‘chmaydi, suv va quyosh nuriga chidamli.
Ipak matolar ekologik toza, har qanday iqlimga mos. Mahsulot buyurtma asosida Farg‘ona, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Tayyor mahsulotni eksport qilish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilayotir.
Ayni paytda “Buxoro brilliant silk” qo‘shma korxonasining ipak tolalari xorijda xaridorgir. O‘tgan yili korxonaning Eron, Vetnam, Turkiya, Hindistonga qilgan eksport hajmi qariyb 2,5 million dollarga teng bo‘ldi.
Prezidentimiz korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi.
Bunday korxonalarni ko‘paytirishimiz kerak, dedi Prezidentimiz. Bu korxonalar uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish lozimligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorik jamiyati tomonidan sobiq “Buxoroteks” AJ negizida tashkil etiladigan “Indorama Indast LTD” O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Buxoro viloyatida yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxona ishga tushgach 400 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Korxonaga “Riter” kompaniyasining (Shveytsariya) zamonaviy va energiyatejamkor texnologiyalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Bugun mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida paxtani qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalar tashkil etilmoqda. Bu hududda yetishtirilgan paxta tolasini shu yerning o‘zida qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Prezidentimiz “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2017-2018-yillarda Buxoro viloyatida paxta tolasini qayta ishlash dasturi loyihasi bilan ham tanishdi.
Bugun Buxoroda yetishtirilayotgan paxta tolasining 20,6 foizi viloyat hududida sanoat usulida qayta ishlanmoqda. Ishlab chiqilayotgan yangi loyiha bo‘yicha viloyatning 7 shahar va tumanida 13 yirik sanoat loyihasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining 65 foizini qayta ishlash imkoniyatini yaratadi. Natijada 5 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Dasturni bajarish uchun mamlakatimiz tijorat banklari mablag‘lari va chet el investitsiyasini jalb qilish rejalashtirilgan.
Erdan unumli foydalanish natijasida tutzorlar barpo etish bo‘yicha yangi loyiha taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Yurtimizda yetishtirilgan ipak tolasiga dunyo bozorida talab yuqori. Davlatimiz rahbari mazkur sohani yanada rivojlantirish, tut plantatsiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi. Hududdagi kasb-hunar kollejlarida qishloq xo‘jaligining biz yangi o‘zlashtirayotgan sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish kerak.
Buxoro shahrida ishga tushirilayotgan “Buxoro kotton tekstil” korxonasi loyihasi bilan tanishar ekan, Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yetishtirilgan paxtani tola ko‘rinishida sotish eng kam daromad keltirishini, paxta tolasini qayta ishlab, eksportbop tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirishimiz zarurligini ta’kidladi.
1000 kishining bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan korxonada 6,5 ming tonna ip-kalava, 10 ming kvadrat metr gazlama (jinsi) va 1,5 million dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Prezidentimizga Olot tumanidagi “Merganteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Peshku tumanidagi ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli korxona, Buxoro shahrida paxta yetishtirishdan tayyor to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan paxta-to‘qimachilik klasteri tuzish, tabiiy va kimyoviy tolalardan integratsiya asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil qilish loyihalari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.