09.11.2019
Muhtaram do‘stlar!
Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Avvalo, inson sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlashdek olijanob ishga o‘z hayotini bag‘ishlagan siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Biz sizlarning timsolingizda xalq salomatligi yo‘lida o‘z halovatidan kechib, kunni tunga ulab, fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini ko‘ramiz.
Mashhur yunon tabibi Gippokratning “Tabobat barcha ilmu san’atlar ichida eng buyuk ilm va san’atdir”, degan so‘zlari mashaqqatli va ezgu faoliyatingizga berilgan haqqoniy bahodir.
Qadrli yurtdoshlar!
O‘z aholisining sog‘lig‘ini muhofaza qilish – har qaysi davlat va jamiyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega dolzarb masala sanaladi.
Yurtimiz hududida qadimdan ko‘plab shifo maskanlari, tibbiy madrasalar faoliyat yuritgani, Abu Ali ibn Sino kabi mutafakkir bobolarimiz yaratgan bebaho asarlar, ularning dori-darmon tayyorlash va davolash usullari butun jahonda mashhur bo‘lgani ajdodlarimizning bu soha rivojiga qanday katta e’tibor qaratganidan dalolat beradi.
Mamlakatimizda tub yangilanishlarni avvalo ijtimoiy hayotimizning eng muhim yo‘nalishlari bo‘lmish tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishdan boshlaganimiz bejiz emas.
Chunki, tinchlik va sog‘liq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan buyuk ne’matdir. Faqat sog‘lom inson va sog‘lom xalq mislsiz ishlarga qodirligini hammamiz yaxshi anglaymiz.
O‘tgan davrda sog‘liqni saqlash tizimida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yechimini kutayotgan kamchilik va muammolar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Shu sababli, keyingi uch yil davomida yurtimizda fuqarolar murojaatlari, fikr-mulohaza va takliflari atroflicha o‘rganilib, tibbiyot tarmog‘ini chuqur isloh qilish bo‘yicha
170 dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon asosida 2019 – 2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi.
Bularning barchasi birlamchi tibbiy sanitariya hamda shoshilinch va tez yordam bo‘g‘inidan tortib, yuqori tuzilmalarigacha ish faoliyatini tashkil etishda asosiy e’tiborni inson omiliga yo‘naltirish, tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini xalqaro mezonlar darajasiga yetkazish borasida yangi imkoniyatlar yaratib bermoqda.
Ma’lumki, kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish oila uchun ham, davlat uchun ham samarali va foydalidir. Shu bois mamlakatimizda profilaktik tibbiyot rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ayni paytda, tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida yurtimizda 817 ta qishloq vrachlik punkti, 798 ta qishloq va 178 ta shahar oilaviy poliklinikalarida ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, ijtimoiy dorixonalar, kunu-tun ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi hamda 5 ta tor soha mutaxassislarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Jismoniy shaxslar eng ko‘p murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam yo‘nalishida markazlashgan yaxlit tizim yaratildi. Tez yordam brigadalarining soni 818 tadan 1666 taga yetkazildi va ular aholi yashaydigan hududlarga yaqinlashtirildi. Avtotransport parkini yangilash uchun 1500 dan ortiq “Tez yordam” mashinalari xarid qilindi.
Yana bir asosiy yo‘nalish – reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha milliy dasturlar amalga oshirilmoqda. Hududlarimizdagi bolalar davolash muassasalarida ilgari mavjud bo‘lmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi yangi bo‘limlarda murakkab davolash amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
Bunday ulug‘vor o‘zgarishlar yurtimizda xotin-qizlar sog‘lig‘ini mustahkamlash, onalar va go‘daklar o‘limining keskin kamayishida muhim omil bo‘lmoqda.
Shuningdek, patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, yolg‘iz, keksa, nogironligi bo‘lgan, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni, bo‘lajak onalar va bolalarni patronaj xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish borasida beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir shaxsning salomatligini puxta o‘rganishlari tufayli kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
Ma’lumki, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari asosan poytaxtda joylashgan bo‘lib, kishilar davolanish maqsadida viloyatlardan uzoq yo‘l bosib kelishga majbur edi.
Keyingi vaqtda joylarda qo‘shimcha muassasalar barpo etilishi hisobiga allergologiya, onkologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya va insult, travmatologiya va ortopediya, neyroxirurgiya kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan markazlar soni 16 taga yetkazildi. Hududlarda 310 ta ixtisoslashgan bo‘limlar, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 14 ta filiali ochildi.
Nafaqat poytaxtimiz, balki Namangan, Xorazm, Farg‘ona, Buxoro, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarda kardiojarrohlikka oid eng murakkab amaliyotlar, yetakchi markazlarimizda buyrak va jigar, o‘zak hujayra transplantatsiyalari muvaffaqiyatli bajarilayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Tarmoqda xususiy sektor ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik hamda institutsional va huquqiy mexanizmlarning yaratilishi, ularga keng imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida bu yo‘nalishdagi shifoxonalar soni 5300 dan oshdi.
Shuningdek, qisqa vaqt ichida AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil kabi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda 100 dan ortiq zamonaviy xususiy klinikalar ish boshladi.
Ayni paytda, mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy ta’lim dargohi va ularning 4 ta filiali, shuningdek, xorijdagi nufuzli tibbiy-ilmiy muassasalar hamkorligida tashkil etilgan 22 ta xalqaro fakultet sohaga malakali va yetuk mutaxassislarni yetishtirib bermoqda.
Respublikamiz farmatsevtika sanoati ham izchil rivojlanib, arzon va sifatli dori vositalarini kafolatlangan tarzda yetkazib berish, ularga narx belgilashning ta’sirchan shakllari ishlab chiqilmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirilishi islohotlar natijadorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Masalan, 2017-yilda sohaga 7,1 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 12,1 trillion so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yillarga qaraganda 1,6 barobar ko‘p demakdir.
Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar xarid qilish hamda tibbiyot ob’ektlarini qurish-ta’mirlash ishlariga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi ham 3 barobarga ortdi.
So‘nggi uch yilda 1300 dan ortiq davolash muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, ular 2019-yilning o‘zida 100 million AQSh dollari miqdoridagi zamonaviy va yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Davlatimiz tomonidan shifokorlarning zalvorli mehnatini munosib qadrlash, ularning ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirishga jiddiy yondashilmoqda. Bu kabi har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Mazkur tarmoqda boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettirish, tibbiy xizmatning sifatini oshirish, sohaga innovatsiyalar hamda eng so‘nggi yangiliklarni joriy etish eng avvalo soha mutasaddilari, olim va shifokorlar, hamshiralar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Majburiy tibbiy sug‘urtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, tibbiy ta’lim va ilm-fanni yuqori bosqichga ko‘tarish singari juda muhim vazifalar oldimizda turibdi.
Hech shubhasiz, sidqidildan va jonbozlik bilan mehnat qilib kelayotgan siz, fidoyi yurtdoshlarimiz butun salohiyat va tajribangiz, kuch va g‘ayratingizni safarbar etib, ana shunday ulkan va mas’uliyatli vazifalarni sharaf bilan ado etishga qodirsiz.
Barchamiz bir haqiqatni esdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari – salomatligimiz posbonlaridir. Sizlar o‘zingizning boy bilim va mahoratingiz, ilg‘or malaka va ko‘nikma, beg‘araz xizmatingiz, kasbingizga mehr va sadoqatingiz bilan xalqimizning ishonchini yanada chuqurroq qozonasiz, deb ishonaman.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan zafarlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka yor bo‘lishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti