05.11.2019
Qoraqalpoq tilshunosligining yirik namoyandasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Husniddin Hamidov 84 yoshida vafot etdi.
H.Hamidov 1935-yil 5-yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tug‘ildi. 1955-yili ikki yillik o‘qituvchilar institutini tugatib, o‘z faoliyatini o‘rta
maktabda o‘qituvchilikdan boshladi. Keyinchalik Qoraqalpoq pedagogika institutida tahsil olib, 1967-yilda nomzodlik, 1991-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi, 2000-yilda haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim o‘zining qariyb 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, Qoraqalpoq davlat universitetida professor, kafedra mudiri vazifalarida samarali mehnat qildi va qoraqalpoq tilshunosligi sohasidagi dolzarb masalalarni ilmiy tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.
Til tarixi bo‘yicha chuqur izlanishlar olib borgan, qadimiy qo‘lyozmalar ilmiy tavsifini yaratgan olimning «Qoraqalpoq tili tarixi ocherklari», «Eski qoraqalpoq tilining yozma yodgorliklari», «Berdaq qo‘lyozmalari merosi» kabi monografiyalarida qoraqalpoq adabiy tili normalarining shakllanishi muammolari eski o‘zbek adabiy tili bilan uzviylikda ochib berilgan.
H.Hamidov jamoat ishlarida ham faol qatnashib, 1995-2000-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan jonkuyar ustozning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Husniddin Hamidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, M.Yerniyazov, B.Yo‘ldoshev