16.10.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni chorvachilik va bog‘dorchilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida ushbu tarmoqlarning muhim ekanligi inobatga olinib, keyingi ikki yilda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekchorvanasl”, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish, Uzumchilikni rivojlantirish agentliklari tashkil etildi.
Yig‘ilishda chorvachilik tarmog‘ida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etildi. 2019-yilda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida chorvachilikni rivojlantirish uchun 1 trillion 603 milliard so‘m, parrandachilikka 332 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada mayda shoxli chorva soni 550 ming boshga, parranda soni 6 million 130 mingtaga ko‘paydi.
Yig‘ilishda aholini arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash borasida qilingan ishlar yetarli emas, deb baholandi. Chorvachilik tarmog‘ining dolzarb muammosi hisoblangan uzluksiz ozuqa-yem ta’minotini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi. Bugungi kunda chorvachilikda ozuqaga bo‘lgan ehtiyoj faqatgina 30-35 foizga qondiriladi. Xususan, parrandachilikda ozuqaning 85 foizi import hisobiga ta’minlanadi.
Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, Qo‘ng‘irot, Kegeyli va Mo‘ynoq tumanlarida 1 million gektar pichanzor va yaylov yerlarida 182 ming bosh chorva mollari boqishga mo‘ljallangan 486 ta loyiha ishlab chiqildi.
Mutasaddilarga 2019-2021-yillarda 300-500 bosh chorva boqishga mo‘ljallangan 270 ta bo‘rdoqichilik kompleksi va 260 ta sutchilik korxonasini tashkil etish ishlarini jadallashtirish topshirildi.
Chorvachilik sohasida mahsuldorlikka erishish uchun avvalo naslchilik masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur. Yig‘ilishda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga xorijiy tajriba asosida naslchilikni rivojlantirish va mahsulot narxini pasaytirish uchun xarajatning bir qismini subsidiyalash mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bog‘dorchilik sohasiga doir masalalar ham kun tartibiga qo‘yildi. Joriy yilning 9 oyida meva-sabzavot eksporti qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Bo‘sh yerlardan unumli foydalanish, talab yuqori bo‘lgan ekin navlarini yetishtirish natijasida kelgusida ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Prezidentimiz bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hali talab darajasida emasligini ta’kidladi. Xususan, Qibray va Toshkent tumanlarida mavjud bog‘larning 912 gektari yoki 20 foizi, tokzorlarning 164 gektari yoki 13 foizi eski va samarasizligi aniqlangan. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan 1 400 gektar lalmi, shuningdek g‘alla ekilayotgan 4 040 gektar yerlar mavjud. Ushbu tumanlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi 19 ta korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda.
Shu bois, meva-sabzavotga ixtisoslashgan barcha 55 ta tumanda bog‘dorchilik sohasida mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Unga ko‘ra, xorij bozorlarida o‘z tovar belgisiga ega bo‘lgan eksportchilar hamda qayta ishlash korxonalari ishtirokida ushbu tumanlarda kooperatsiyalar tashkil etiladi. Har bir tumanda ekinlarni joylashtirish kooperatsiyalar taklifi bo‘yicha amalga oshiriladi, ular bog‘ va tokzorlarga ko‘chatlarni yetkazib berish, hosildorlikni oshirish yuzasidan ko‘maklashadi. Shuningdek, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan har bir tumanda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirish uchun o‘quv markazlarini ochish vazifasi qo‘yildi.
Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yangi tizimni joriy etish, kooperatsiyalarni moliyaviy ta’minlash yuzasidan aniq amaliy takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarning pirovard maqsadi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yiliga 5 milliard dollarga yetkazishdan iborat.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.