22.08.2019
Bugun, 22-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentga tashrif bilan kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Devid Xeylni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh munosabatlarida izchil rivojlanish kuzatilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘tgan yilning may oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan samarali oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi davrni boshlab bergani ta’kidlandi.
AQSh diplomati, o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Devid Xeyl AQSh O‘zbekistonda davlat qurilishi va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, aholi turmushi darajasi va sifatini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yuksak baholashini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarning mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanayotgani bildirildi.
Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish va ushbu mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid hamda xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar faollashgani hamda AQShning yetakchi kompaniyalari, bank va tashkilotlari ishtirokidagi qo‘shma loyihalar ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil iyun oyida AQSh birinchi sertifikatlangan iqtisodiy missiyasining O‘zbekistonga tashrifi yakunida ilgari surilgan ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv so‘ngida Davlat kotibi o‘rinbosari Devid Xeyl AQShning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini va har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi.