28.02.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Azal-azaldan xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylanib qoldi.
Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘zning yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda bu qutlug‘ ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida:
1. 2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini o‘n kun muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
2. Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
Navro‘z kunlarida insonning tabiat bilan uzviyligini, o‘zini uning ajralmas bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
barcha shahar va qishloqlarda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odatlar, an’analar va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
Navro‘zning ruhi va falsafasida o‘z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, sirk artistlari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini keng jalb etish;
sayil dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalarini, elu yurtning dilidan chuqur joy olgan, qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg‘ularni tarannum etadigan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2017-yil 28-fevral