28.02.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari 24-fevral kuni qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yengil sanoat va energetika korxonalarini tashkil etish loyihalari bilan tanishdi, yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarda bo‘lib, odamlar bilan dildan suhbatlashdi. Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar o‘z ifodasini topdi.
Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kunini Qarshi shahridagi Gulshan mahallasida fuqarolar yig‘ini xodimlari va profilaktika inspektori birgalikda ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdan boshladi.
Mahallalarning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri bugungi kunda ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini takomillashtirish, uning vazifa va vakolatlarini kengaytirish, odamlar hayotidagi rolini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qarshi shahrida ham mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini oshirish, ular uchun zamonaviy sharoit yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda "Gulshan" mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirilgani buning dalilidir.
Mahalla idorasining zamonaviy binosida barcha sharoit yaratilgan. Mahalla raisi, kotib, maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilib, komputer, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Profilaktika inspektori xonasi mahalla hududidagi jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilib turish imkoniyatini beruvchi monitor bilan jihozlangan.
Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko‘zgusiga aylanishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Bu yer odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga yechim topadigan joy bo‘lishi lozim. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo‘lishi, kim nima bilan mashg‘ul – hammasini bilishi darkor. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan xabardor bo‘ladigan maskanga aylantirishdir.
Gulshan mahallasi Qarshi shahridagi namunali mahallalardan. Uch yarim mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mahalla hududida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda fuqarolar yig‘ini raisi va xodimlari profilaktika inspektori bilan birgalikda ish olib boradi. Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning payshanba kuni "Profilaktika kuni" deb belgilangani bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, mahalla hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.
Prezidentimiz fuqarolar yig‘inlari va profilaktika inspektorlari birga ishlaydigan yangi tizim yaratish zarurligini qayd etdi. Shahardagi barcha militsiya tayanch punktlarini bir-biri bilan bog‘lovchi optik tolali tizim barpo etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.
"Gulshan" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida profilaktika inspektori oilasi bilan yashashi uchun turar-joy barpo etilgan. Davlatimiz rahbari ushbu xonadonda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Bunday uylar profilaktika nozirlarining kechayu kunduz o‘z hududida bo‘lib, mahallada jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlashida muhim ahamiyatga ega, dedi Prezidentimiz. Shuning uchun Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha profilaktika inspektorlariga mana shunday uylar qurib berish zarur. Bu hududda jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.
“Asinza-BZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan, qiymati 8,7 milliard so‘mni tashkil etadigan madaniyat va istirohat bog‘ida shahar aholisi, ayniqsa, bolajonlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va miriqib dam olishi uchun barcha qulayliklar muhayyo qilinadi. Xitoyning “Zhengzhou Beston Amusement Equipment Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqariladigan zamonaviy attraksionlar olib kelib o‘rnatish, zamon talablari asosida sport va bolalar maydonchalari qurish rejalashtirilmoqda.
Asosiy maqsadimiz – xalqimizni rozi qilish, odamlarning farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Odamlar bo‘sh vaqtida bu yerga kelib maroqli dam olsa, farzandlari, nabiralarining quvonchini ko‘rsa, kulgularini eshitsa, hayotdan ko‘ngli to‘ladi, ruhi ko‘tarilib, yangi-yangi marralarga intiladi.
Prezidentimiz bog‘da yashil maysazorlarni ko‘paytirish, turfa gul va manzarali daraxtlar ekish, bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Davlatimiz rahbari Qarshi shahridagi ilgarigi “Nasaf” stadioni hududida barpo etilayotgan zamonaviy suzish havzasi va dam olish majmuasi loyihasi bilan tanishdi.
25x11 metr o‘lchamdagi ikkita suzish havzasi hududda suv sporti turlarini yanada ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, kelajakda jahon va Olimpiya chempionlarini tarbiyalashga xizmat qiladi.
Bu yerda yaratiladigan zamonaviy sharoitlar barchaga manzur bo‘lishi muqarrar. Suvni tozalash, isitish, haroratni mo‘tadil saqlash uskunalari o‘rnatiladigan basseynlar bu yerga keluvchilarning suzish mahoratini oshirish, sog‘lig‘ini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yoshlarimizning barkamol o‘sib-ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz kerak, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. Shunda ular O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘ladi.
Majmuani jihozlashda ilg‘or va tejamkor texnologiyalardan samarali foydalanish, kiyinish, yuvinish xonalarida barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Jayxun ko‘chasida qurilayotgan 5 qavatli zamonaviy turar-joy binolari loyihasi bilan tanishdi. Ushbu ko‘chada aholi uchun 25 ta ana shunday ko‘p qavatli uy barpo etiladi. Hududda davr talablari asosida faoliyat yuritadigan restoranlar, supermarketlar, issiq non va oziq-ovqat do‘konlari, kafe va choyxonalar, go‘zallik salonlari, sartaroshxona va avtomobillar turadigan joy qurish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanida barpo etiladigan maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi loyihasini ko‘zdan kechirdi.
“Universal max service” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 4 million dollardan iborat. Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida yiliga 180 ming tonna chiqindini yig‘ish, saralash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Bugungi kunda dastgohlar sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzish, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Chiqindilarni qayta ishlash atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishda muhim omildir, dedi Prezidentimiz. Bu shahardagi sanitariya holatini yanada yaxshilashda, aholining salomatligini muhofaza qilish va bandligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz “Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Buyuk Britaniyaning “Rodex Trading Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan kukun shaklidagi antibiotik dori vositalari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.
Qiymati 5 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan ushbu loyihaga ko‘ra klaforan, sefomed, gentomitsin, sefazolin, sefotaksim va boshqa turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari dorivor o‘simliklarni qayta ishlash, tibbiy moylar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalarini ko‘zdan kechirdi.
Qashqadaryo vohasining purviqor tog‘lari, bepoyon qiru adirlarida shifobaxsh giyohlar, buta va daraxtlar serob, dedi Prezidentimiz. Ularni qayta ishlash asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqarish har jihatdan samarali va istiqbollidir. Sohada har bir tadbirkorga zarur imtiyoz va qulayliklar yaratish lozimligi qayd etildi.
Loyihada tirnoqgul, zubturum, oshqovoq urug‘i, tog‘ rayhoni, na’matak, kiyik o‘ti, dalachoy, moychechak kabi o‘simliklardan dorivor choylar, bodom, kanakunjut, shaftoli, zig‘ir, sedana, o‘rik, mavrak singari buta va daraxt mevalaridan shifobaxsh moylar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Loyihani amalga oshirish natijasida yuzga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz Qarshi shahrida elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Bu yerda yiliga TCL brendi ostida 25 ming dona zamonaviy televizor, 15 ming "Samsung" changyutgichi, 100 mingdan ortiq rozetka va elektr uzatgich mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Mahsulot narxini arzonlashtirish va ularni eksportga yo‘naltirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, korxona faoliyatiga kollej bitiruvchilarini jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filiallari loyihalari taqdimotida ham ishtirok etdi.
Sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ishlarimiz ko‘p. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatida ham yechimini kutayotgan masalalar anchagina. Mavjud markazlar filiallarini viloyatlarda tashkil etish bilan ko‘plab masalalarga yechim topish mumkin, dedi Prezidentimiz.
Aholiga endokrinologiya sohasida profilaktika, diagnostika va davolash yordami ko‘rsatishning zamonaviy tizimi yaratilgani xalqimiz salomatligini mustahkamlashga xizmat qilayotir. Sohaga ilg‘or ilm-fan yutuqlari joriy qilinayotgani natijasida gipofiz bezi, qalqonsimon bez xastaliklari, qandli diabet asoratlari tufayli kelib chiqadigan buyrak yetishmovchiliklari va boshqa og‘ir xastaliklar samarali davolanmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 150 o‘rinli Qarshi filialida yiliga 700-800 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va diabetologiya, qalqonsimon bez va diabetik to‘piq jarrohligi kabi bo‘limlarni o‘z ichiga olgan markaz eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filialida klinik-bioximik laboratoriya, avtoklav, poliklinika, rentgen-endovaskulyar jarrohlik bo‘limi, aritmologiya, arterial-gipertenziya, yurak ishemik kasalliklari, reabilitatsiya, kardiojarrohlik bo‘limlari tashkil etiladi. 120 o‘rinli filial joriy yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, bu filiallarning tashkil etilishidan maqsad aholiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish, ularning sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish ekanini alohida ta’kidladi. Tibbiyot xodimlari bemorning kelishini kutishi kerak emas, aholi orasida yurib profilaktika va tibbiy madaniyatni oshirish, kasallikning oldini olish bilan shug‘ullanishi lozim.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining yangi binosi loyihasi bilan tanishdi.
Bugungi kunda mazkur shifoxona 1990-yillarda qurilgan binoda joylashgan bo‘lib, bu aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qancha noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadigan shifoxonada virusli gepatitning oldini olish, diagnostika va davolash ishlari olib boriladi.
Viloyatda poliklinikalar, tuman tibbiyot birlashmalari faoliyatini takomillashtirish, tez tibbiy yordam xizmatlarini yangidan tashkil qilish, qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirish, tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha markazlar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov haykali, Abul-Mu’iyn Nasafiy ziyoratgohi rekonstruksiyasi loyihalari bilan tanishdi.
Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan nodir iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston va tarjimalari adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan.
Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi sifatida xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Qahramon shoirimizning haykali Qarshi shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida bunyod etiladi. Bu yoshlar uchun faxr va g‘urur timsoli, ma’naviy tarbiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz haykal loyihasini takomillashtirish, bu yerda Abdulla Oripov maktabi va muzeyini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Abul-Mu’iyn Nasafiy XI asrda yashagan, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Buyuk bobomizning ilmiy asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbari bu qadamjoni keng va obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, alloma asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga tashrifi, odamlar bilan samimiy muloqotlar voha xalqiga katta xursandchilik bag‘ishladi, belgilab berilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar viloyat rivojini yangi bosqichga ko‘taradi.