24.07.2019
Tavallud kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, hukumatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan tabrik maktublari kelmoqda.
Qutlovlarda milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida aholi turmush sifati va darajasini tubdan oshirish, xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining beqiyos roli qayd etilgan, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilab, samimiy istaklar izhor etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Tavallud kuningiz munosabati bilan samimiy tabrigimni qabul qilgaysiz.
Siz yurtdoshlaringiz orasida va xorijda O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun ulkan ishlarni amalga oshirayotgan tajribali va uzoqni ko‘ra biladigan davlat arbobi sifatida haqli ravishda yuksak hurmatga sazovor bo‘ldingiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga Sizning shaxsan qo‘shgan hissangiz beqiyosdir.
Konstruktiv muloqotimiz va yaqin hamkorlikdagi faoliyatimizni davom ettirish menga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ishonchim komil, Sizning Rossiyaga bo‘lajak tashrifingiz qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida barcha sohalarda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin dildan mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyat tilayman.
Hurmat bilan,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
Vladimir Putin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyevga
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Tavallud kuningiz munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Keyingi yillarda Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida ijobiy o‘sish tendensiyasi namoyon bo‘lmoqda – siyosiy o‘zaro ishonch muttasil mustahkamlanmoqda, “Bir makon, bir yo‘l”ni birgalikda bunyod etish borasidagi sa’y-harakatlar kengaymoqda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi gumanitar aloqalar hamda mintaqaviy va xalqaro masalalardagi o‘zaro hamkorlik faollashmoqda.
Shu yil aprel oyida Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro hamkorlik forumi doirasida bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi. Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor beraman, o‘rtamizdagi mustahkam do‘stlikni g‘oyat qadrlayman, davlatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi marralariga erishish uchun Siz bilan birgalikda bor sa’y-harakatni ishga solishga tayyorman.
Sizga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlat lavozimidagi faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Si Szinpin
Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev;
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov;
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov;
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko;
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;
Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon;
Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan;
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In;
Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo;
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy;
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko;
Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev;
Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;
MDH Ijroiya qo‘mitasi Raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.