10.06.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, o‘zaro manfaatli hamkorlik jadallashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oxirgi ikki yilda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut rahbari mamlakatimizga uchinchi bor tashrif bilan kelgani o‘zaro almashinuvlar faollashganidan dalolat beradi.
O‘tgan yil oktyabr oyida bankning O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat strategiyasi qabul qilindi. YeTTB ekspertlari ko‘magida mamlakatimizning energetika, bank va moliya sohalari, kapital bozorini rivojlantirish va mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash bo‘yicha islohotlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfeli kengaymoqda. Zayom kelishuvlari imzolanib, qiymati jami 600 million dollardan ziyod kredit mablag‘larini jalb etgan holda mamlakatimiz hududlarida energetik va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda. Xususiy sektor loyihalariga 100 million dollardan ziyod investitsiya kiritildi.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 800 million dollarga yaqin bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega istiqbolli dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.
YeTTBning Toshkent shahridagi vakolatxonasi faol ishlamoqda, uning Andijon shahrida va mamlakatimizning boshqa hududlarida filiallarini ochish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, mamlakatimizda investitsiya loyihalarini va kreditlarni o‘zlashtirishni tezlashtirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga ko‘rsatilayotgan ko‘makni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investorlar kengashini tashkil etish va uning birinchi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
YeTTB rahbari samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning sur’ati, ko‘lami va amaliy natijalarini yuksak baholadi.
Suma Chakrabarti Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekiston Respublikasi bilan ko‘p qirrali sheriklikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va davom ettirish borasida intilishi qat’iy ekanini ta’kidladi.