07.06.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Nurlan Nigmatulin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat berishini alohida ta’kidladi.
O‘z navbatida, Qozog‘iston Parlamenti Majlisi Raisi samimiy qabul uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursultan Nazarboyev va Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda tomonlar Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning joriy yil aprel oyida amalga oshirilgan O‘zbekistonga ilk davlat tashrifining yakunlari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, uni amaliy mazmun bilan boyitish borasida o‘zaro intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladilar.
Ikki tomonlama savdo hajmi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2018-yilda tovar ayirboshlash 50 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni kamida 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi turibdi.
Mamlakatlarimiz yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida kooperatsiya asosida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport sohasida yangi avtobus va temir yo‘l yo‘nalishlari ochildi, shaharlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paytirildi, yuk tashish hajmi ortmoqda.
Hududlararo aloqalar tobora mustahkamlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda. O‘tgan yili Qozog‘istonda O‘zbekiston yili muvaffaqiyatli o‘tkazildi, joriy yilda esa mamlakatimizda tadbirlarga boy dastur asosida Qozog‘iston yili o‘tmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Qozog‘iston parlamentlararo hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatlarimiz parlamentlari qo‘mitalari darajasida faol aloqalarni yo‘lga qo‘yish, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va yangi sheriklik loyihalarini ilgari surish maqsadida parlamentlararo do‘stlik guruhlari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish lozimligi qayd etildi.
Nurlan Nigmatulin Qozog‘iston Parlamenti parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashda, shuningdek, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Respublikasi siyosiy hayotidagi eng muhim tadbir - joriy yil 9 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.