04.06.2019
Muhtaram vatandoshlar!
Dunyodagi jamiki musulmon ummati uchun mo‘’tabar va qadrli bo‘lgan shu saodatli, ulug‘ ayyomda siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari yanada yorqin namoyon bo‘ladigan ushbu shukuhli damlarda barchamiz, avvalo, Alloh taologa oilamiz, elu yurtimiz bilan birgalikda bugungi qutlug‘ va barokatli kunlarga yetkazgani uchun behisob shukronalar aytamiz.
Ramazon oyining fayzu tarovatidan bahramand bo‘lib, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, muhtaram nuroniylar, ayollar va bolalarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ehtiyojmand insonlarga beg‘araz yordam berish singari savobli ishlarni amalga oshirishga intilamiz.
Bunday olijanob maqsad va harakatlar mamlakatimizni taraqqiy topgan davlatlar qatoriga olib chiqish, xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlarimizning ma’no-mazmuniga har tomonlama uyg‘un va hamohang ekani ayniqsa e’tiborlidir.
Shu ma’noda, necha yuz yillik tarix va madaniyatimiz, milliy o‘zligimizning ajralmas qismiga aylanib ketgan muqaddas dinimizni asrash, ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish biz uchun o‘ta dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Keyingi vaqtda mamlakatimizda shu yo‘nalishda katta ishlar amalga oshirilayotgani, tabarruk qadamjolar obod qilinib, yangi-yangi ilmiy, madaniy va diniy markazlar, ta’lim maskanlari tashkil etilayotgani barchangizga yaxshi ma’lum.
Bu yil muborak Ramazon kunlarida Termiz shahrida Hakim Termiziy, Toshkent shahrida Suzuk ota va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kabi ulug‘ ulamolarimizning nomlari bilan atalgan diniy majmualar, jome masjidlari foydalanishga topshirilgani, joylarda besh tashabbus va boshqa ijtimoiy-ma’naviy dasturlarimiz doirasida el-yurtimiz, xususan, yoshlar va xotin-qizlar uchun qulay mehnat va turmush sharoitlari yaratilayotgani bu yo‘ldagi yangi qadamlar bo‘ldi.
O‘zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma’rifat” degan tamoyil asosida jahon miqyosida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, vijdon erkinligi va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash, islom dinining insonparvarlik mohiyatini xalqimiz va dunyo ahliga yetkazish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu ulug‘ ayyom kunlarida uzoq va yaqin davlatlarda yashayotgan mo‘min-musulmon birodarlarimizni, barcha do‘st va hamkorlarimizni samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Go‘zal diyorimizda muborak Ramazon shukuhi kezib yurgan shu kunlarda bayram kayfiyati barcha shahar va qishloqlarimizga kirib borishi, bu ayyomni yanada mazmunli o‘tkazish uchun sharoit yaratish maqsadida 5-6 iyun mamlakatimizda dam olish kunlari deb e’lon qilindi.
Buyuk bobomiz Imom Buxoriy hazratlaridan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan barcha yaxshiliklarni boshqa insonlarga ham ravo ko‘radi”.
Darhaqiqat, hayotda ezgu va savob amallarni bajarib, oilasi, farzandlari, el-yurtining baxtu saodatini o‘ylab, halol mehnat qilib yashash musulmon ahli uchun iymon-e’tiqodning muhim sharti hisoblanadi.
Ishonchim komil, dinu diyonatimiz va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirib, bugungi hayotning o‘tkir talabi bo‘lgan ilm-fan, innovatsiya va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollanib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilsak, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga albatta yetamiz.
Siz, aziz vatandoshlarimni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari, ezgu duolari ijobat bo‘lsin!
Muqaddas ayyom – Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti