28.05.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-may kuni ilm-fan va oliy ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda 24 may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda aytilgan takliflar va dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘sha uchrashuvda davlatimiz rahbari ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga doir takliflarni muhokama qilish uchun maxsus maydon yaratish maqsadida Respublika fan va texnologiyalar kengashini tashkil etishni taklif qilgan, olimlar buni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Yig‘ilishda mazkur kengashning asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan, sohaga oid davlat dasturlarini shakllantirish va markazlashgan tartibda moliyalashtirish orqali ilm-fanni tubdan rivojlantirish, yuksak natijadorlikka yo‘naltirilgan ixtisosliklar bo‘yicha milliy laboratoriyalar tizimini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz fani nufuzini ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyotda yuqori samara beradigan va ijtimoiy masalalarni oqilona hal etishga qaratilgan yo‘nalishlar belgilanib, ularni rivojlantirishga mas’ullar biriktirildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti negizida ilmiy maktablar yaratish, nanotexnologiyalar, materialshunoslik, yarimo‘tkazgichlar fizikasi, biofizika va bioximiya, biotexnologiyalar bo‘yicha olimlar avlodini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, olimlar bilan uchrashuvda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha doimiy komissiyalar tuzishga kelishib olingan edi. Bu galgi yig‘ilishda mazkur komissiyalarning vazifalari, komissiya a’zolarining ish tartibi va mas’uliyati belgilandi.
Birinchi komissiya ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini doimiy tahlil qilib, mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Ikkinchi komissiya oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoni hamda ta’lim sifatini tahlil qiladi va unga baho beradi.
Uchinchi komissiya oliy o‘quv yurtlaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar, 5 ta tashabbusning amalga oshirilishini tahlil qiladi.
To‘rtinchi komissiya oliy ta’lim va ilm-fan sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan xorijdagi vatandoshlarimizni yurtimizda mutaxassisligi bo‘yicha faoliyatga jalb qilish bo‘yicha ish olib boradi.
– Bu ishlardan asosiy maqsad mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish. Xomashyo va uni qayta ishlash bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Qolaversa, ishlab chiqarishda qo‘shimcha qiymat olish uchun ham innovatsiyalar kerak. Shu bois ilm-fan taraqqiyotimizning muhim yo‘nalishi, tayanchi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Akademik olimlar, professor-o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, talabalarga zamonaviy shart-sharoit yaratish, ular orasidan bo‘lajak ilm-fan vakillarini topib, kamolga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.