28.05.2019
O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Axborot almashish va uni himoya qilish, parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish, «Volkswagen» kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish to‘g‘risida va boshqa hujjatlar imzolandi. Prezidentimiz ushbu kelishuvlar, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Germaniyaning "Integra GmbH" va "Vamed Engineering GmbH" kompaniyalari hamkorligida Toshkent shahrida Yadroviy tibbiyot va nurli terapiya markazini tashkil etish bo‘yicha bitim xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilgan brifingda Prezidentlar muzokaralar an’anaviy do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tgani, muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
– Joriy yil yanvar oyida Berlin shahrida o‘tgan uchrashuvimizning mantiqiy davomi bo‘lgan bugungi muzokaralar natijalaridan to‘la mamnunman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari – siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarga doir masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati muhokama qilinib, kelgusi ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilab olindi.
– O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda o‘sish ro‘y berayotganini ko‘ryapmiz va bunga hurmat bilan qaraymiz. Katta delegatsiyadan iborat ushbu tashrifimiz ham hamkorlikni kengaytirishga intilishimiz va qo‘llab-quvvatlashimizdan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida va Yevropa Ittifoqi doirasidagi aloqalarga doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilganimizdan, ularning natijalaridan mamnunmiz, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.
Federal prezident uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan islohotlarning istiqbollari hamda ushbu yangilanishlar O‘zbekiston-Germaniya munosabatlariga bag‘ishlagan yuqori sur’at batafsil muhokama qilinganini ta’kidladi.
- Bugungi tashrifim O‘zbekistondagi yangi siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizning ifodasidir. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi, istiqboli porloq bosqichning ostonasida turibmiz, - dedi GFR Prezidenti.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy munosabatlar rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan Germaniya tashkilotlari va vakillariga minnatdorlik bildirdi.
GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.