17.05.2019
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Andijon viloyati hokimligida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyatida ham katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, o‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsuloti 12 foiz, investitsiyalar 19 foiz o‘sgan. Joriy yil birinchi chorakda ham o‘sish sur’atlari kuzatilgan.
Shunga qaramay, hali viloyatda imkoniyatlar ko‘pligi, iqtisodiyot diversifikatsiya qilinmagani ta’kidlandi. Jumladan, viloyat sanoatining 80 foizi Asaka tumani va Andijon shahriga to‘g‘ri kelib, boshqa tumanlarda sanoat deyarli rivojlanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Iqtisodiy faol aholining ko‘pchiligi ishsiz, kishi boshiga to‘g‘ri keladigan xizmat ko‘rsatish hajmi yetarli emasligi qayd etildi.
Shu bois Andijon viloyatida 2019-2020-yillarda amalga oshiriladigan qiymati 25 trillion 181 milliard so‘m bo‘lgan 908 ta loyihadan iborat investitsiya dasturi ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar jami 1,7 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyani o‘zlashtirish va 35 mingdan ziyod ish o‘rni yaratishni ta’minlaydi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagi bo‘lgan oilalarni aniqlab, «Har bir oila - tadbirkor» dasturi doirasida 420 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi.
Yig‘ilishda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Andijon shahrida 14 ta ko‘p qavatli arzon uy va ko‘plab tijorat uylari, qishloq joylarda 224 ta namunali uy-joy va 56 ta ko‘p qavatli arzon turar joylar qurilishi ma’lum qilindi.
Prezidentimiz viloyat aholisi o‘sib borayotgani yana ko‘plab uylar va qo‘shimcha ish o‘rinlari, ijtimoiy va kommunal xizmatlar tashkil etishni talab qilishi, buning uchun vazirliklar va viloyat rahbarlari uzoqni ko‘zlab, o‘zini qiynab ishlashi zarurligini ta’kidladi.