16.05.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-may kuni Andijon viloyatiga keldi.
Davlatimiz rahbari dastlab Xonobod shahridagi «Xon tex city» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, Xonobod shahri uzoq yillar yopiq hudud bo‘lib, sanoat rivojlanmagan, ko‘plab ob’ektlar bo‘shab qolgan edi. Prezidentimiz 2017-yil 2-iyunda bu yerga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit bilan yaqindan tanishgan, vaziyatni tubdan yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab bergan edi.
Shu asosida 2017-2019-yillarda Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Unga 3 ming 200 dan ziyod loyihalar kiritilib, 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Buning natijasida ko‘plab korxonalar tashkil etilib, odamlar ish bilan ta’minlandi.
Anhor mahallasi hududidagi sobiq 4-avtokorxona ham uzoq yillar bo‘sh turgan edi. Uning binolari va yer maydoni tadbirkorlarga "nol" qiymatda bo‘lib berilib, tashkiliy, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Bugun bu yerda katta-kichik 13 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 685 kishi ishlamoqda.
«Xon tex city» mas’uliyati cheklangan jamiyati shulardan biri. O‘tgan yili ishga tushirilgan korxonada 50 turdagi tayyor kiyim-kechaklar 300 dan ortiq modelda ishlab chiqarilmoqda. Yiliga 500 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Eng muhimi, ilgari ishsiz bo‘lgan 300 ga yaqin xotin-qiz bandligi ta’minlangan.
Davlatimiz rahbari korxonadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, ishchi xotin-qizlar bilan muloqot qildi.
- Hamma harakatlarimiz, farmon va qarorlarimiz zamirida xalqimiz hayotini yaxshilash, farzandlarimizning ertangi kuniga zamin yaratish maqsadi mujassam. Shu boradagi o‘zgarishlarni, sizlarning hayotdan roziligingizni ko‘rib xursand bo‘ldim. Andijonga bu galgi tashrifimizdan ham maqsad - odamlarning haqiqiy talabidan kelib chiqib reja qilish, ularni ta’minlash choralarini ko‘rish, - dedi Shavkat Mirziyoyev.