14.05.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yanada kengayib, yuzlab uy-joylar, yirik sanoat korxonalari, madaniyat va sport maskanlari, yo‘lu ko‘priklar barpo etildi.
Raqamlar bilan aytganda, keyingi ikki yilda qurilish ishlari hajmi 1,7 barobar oshgan. Ularda asosan yurtimizda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanilgan. Shu bilan birga, keramik va yog‘och-qipiq plitalar, oyna, gulqog‘oz va boshqa materiallar import qilib kelinmoqda. Aslida, O‘zbekistonda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, import o‘rnini qoplash uchun katta imkoniyatlar mavjud.
– Mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari tobora ortib borayotgan bugungi kunda qurilish materiallari iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga, o‘sish nuqtalaridan biriga aylanishi kerak. Korxonalarda energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali tabiiy boyliklarimizni tejash, materiallar narxini tushirish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarishni kelgusi besh yilda kamida ikki barobar oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Noruda konlar zaxiralarini oshirish, sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirib, qurilish materiallari sohasini diversifikatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz soha korxonalarini barqaror va kamxarj energiya bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ko‘mir ishlatiladigan birgina g‘isht zavodi misolida mahsulot narxini 50 foizgacha tushirish mumkinligini ko‘rsatib o‘tdi. Shu kabi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash katta miqdorda tabiiy gazni tejash, mahsulotlarni arzonlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu ham tadbirkorga, ham xalqqa, ham davlatga foyda keltiradi.
Shu bois qurilish materiallari tarmog‘ida energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mamlakatimiz qurilish materiallari sanoatining eksport salohiyati ham yuqori. Lekin avtotransport xarajatlarining ko‘pligi ularning narxiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois eksport tovarlarini tashish xarajatlarini subsidiyalash taklifi bildirildi.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon va Navoiy viloyatlarida har biri 2 million tonna quvvatga ega 4 ta sement korxonasi ishga tushirildi.
Yil yakunigacha 3,5 million tonna quvvatli yangi zavodlar foydalanishga topshirilib, yillik salohiyat 15 million tonnaga yetkaziladi. Bu sementga bo‘lgan ichki talabni ta’minlab, narxini arzonlashtirish imkonini berishi qayd etildi.
2019-2020-yillarda sohada 17 trillion so‘mlik mingdan ziyod loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar uchun tijorat banklari kreditini ajratish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, past rentabelli korxonalarni salohiyatli investorlarga sotish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish uchun tajribali mutaxassislar kerak. Lekin oliy o‘quv yurtlaridagi mavjud o‘rinlar ishlab chiqarishda o‘sib borayotgan talabga mos emas. Ta’lim jarayoni amaliyot bilan bog‘lanmagan.
Shu bois yig‘ilishda soha ixtisosliklariga byudjet kvotasini oshirish, korxonalarda o‘quv amaliyotini tashkil etishni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yangi texnologiyalar bo‘yicha malaka oshirish markazlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilar hisobot berdi.