06.05.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni Farg‘ona tumanidagi «Komiljon ota Mamajonov» fermer xo‘jaligi dalasida viloyat dehqonlari bilan suhbatlashdi.
Mirishkorlar bu mavsum yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani, shunga qaramay barcha ekinlardan yaxshi hosil kutilayotganini qayd etdi. Davlat xaridi uchun paxta va g‘alla narxlari keskin oshirilgani fermer va ishchilarning daromadini ko‘paytirib, mehnatga munosabatini o‘zgartirganini ta’kidlashdi.
- Hamma iqtisodiy sohalarda asosiy mezon - daromad, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Manfaatdorlik bo‘lsa, ish, natija bo‘ladi. Bozor talabini o‘rganib, aql bilan ish tutilsa, daromad ko‘payadi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 14-martdagi «Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mahsulotlar yetishtirish va sifatli saqlash, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, eksport barqarorligini ta’minlash uchun zamin yaratgani qayd etildi. Farg‘ona viloyatida ham tomorqa yer egalari va fermerlar kooperatsiya tamoyili asosida birlashib, meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanmoqda. Bozorbop mahsulotlar yig‘ilib, qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
- Qishloq xo‘jaligida klaster tizimi yaxshi natija beradi. Chunki u o‘zi yetishtiradi, o‘zi qayta ishlaydi, o‘zi sotadi, odamlarni ish bilan ta’minlaydi. Yana bir muhim tomoni, tumanlarda ishbilarmonlik muhiti paydo qiladi. Katta daromad topayotganlarni ko‘rib, boshqalarning ham dunyoqarashi o‘zgaradi, intiladi, ulardan o‘rganadi, - dedi Prezident.
«Komiljon ota Mamajonov» fermer xo‘jaligi ham g‘allachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Shuningdek, 7 gektarda tokzor tashkil etilgan. Ekindan bo‘shagan yerda mosh yetishtirish, 5 gektar limonariy tashkil etish rejalashtirilgan. Bugungi kunda g‘alla avjida o‘smoqda.
Shu yerda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmoqlarida amalga oshiriladigan loyihalar, ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxonalar haqida ma’lumot berildi.